08:41 / 07.12.2019
0
17528

«Imkon bo‘la turib, imkonsiz qoldik» – «Bayot» mahallasi ahli nimadan norozi?

Toshkent shahar Mirobod tumani «Bayot» mahallasi aholisining asosiy qismini ko‘zi ojiz va ko‘rish bilan bog‘liq muammolari bor fuqarolar tashkil qiladi. Kun.uz tahririyatiga mazkur mahalla ahlidan bir nechta muammolar aks etgan murojaat kelib tushdi.

Ko‘chani piyodalar o‘tish joyi orqali kesib o‘tish oson emas

Kun.uz muxbirlari mazkur murojaat yuzasidan mahalla faollari bilan uchrashdi.

Murojaatchilarning aytishicha, asosiy muammolardan biri Mirobod tumani Farg‘ona yo‘lining «Tabassum» bekati yonidan o‘tgan qismida svetofor yo‘qligi bilan bog‘liq.

Ko‘chaning aynan mana shu serqatnov qismida bir necha marta YTH ham sodir bo‘lgan.

Yo‘lning bir tomonida maktab, boshqa tomonida esa poliklinika joylashgan. Svetofor yo‘qligi tufayli bolalar va yo‘lni kesib o‘tuvchi boshqa kishilarning hayoti xavf ostida qolmoqda.

«Tabassum» bekatidan bir necha yuz metr masofa uzoqlikda (Kredit Asia yonida) mashinalar qayrilishi uchun svetofor joylashgan bo‘lib, sal nariroqda piyodalar uchun mo‘ljallangan svetofor bor.

Mashinalar qayrilishi uchun o‘rnatilgan svetofor «Tabassum» bekati tomonga ko‘chirilsa, yo‘lning bekat yonidan o‘tgan qismi kengroq bo‘lgani uchun ham piyodalarga, ham haydovchilarga qulay bo‘ladi. Xavfsizlik ikki tomonlama ta'minlanadi», deydi mahalla faoli Abdurahim Mamatqulov.

Saylovda ishtirok etishga imkonimiz yo‘q

Yana bir muammo mahalla ahli uchun kerak bo‘ladigan turli buyumlar, idish-tovoqlar saqlanadigan omborxona buzilgani va ayni paytda bu buyumlar mahalla faollar zalida saqlanayotgani bilan bog‘liq.

Gap shundaki, eski mahalla omborxonasi yaqinda butunlay ta'mirdan chiqarilgan 521-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti hududiga to‘g‘ri kelib qolgan. MTTning chiroyli qilib ta'mirdan chiqqani yaxshi bo‘lgan-u, lekin omborxonaning buzilgani yomon bo‘lgan.

Mahalla ahli MTT ta'mirlanganidan, kengaytirilganidan juda mamnun, biroq o‘sha orada mutasaddilar tomonidan tezda qaytadan qurib beramiz, deya va'da qilingan omborning 6 oyga yaqin muddat davomida unutilganidan norozi.

«Majlislar zalini mahalla ashyolari band qilib turgani tufayli mahallada hech qanaqa yig‘in o‘tkaza olmayapmiz. Imkon bo‘lib turib, imkonsiz qoldik. Har holda ombor – ombor, zal bu - zal», deydi mahalla omborxonasi boshqaruvchisi Rahimjon Begimqulov.

Yana bir mahalla faoli Baxtiyor Abdujabborovning ta'kidlashicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovlar va prezident saylovlari har doim mana shu idora zalida o‘tkazilgan.

Yaqinlashib kelayotgan joriy yilgi saylov uchun esa Bayot mahallasi idoradan uzoqroqda joylashgan G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat uyiga biriktirilgan.

«Mahallada asosan ko‘zi ojiz fuqarolar istiqomat qilgani bois saylov kuni fuqarolarga ovoz berish uchun madaniyat uyiga borish qiyinchilik tug‘diradi. Hamma bir-birini yetaklab borishiga to‘g‘ri keladi.

Bundan oldingi saylovlarda doim mahalla ahlining 90 foizdan oshiq qismi ishtirok etgan. Bu safar bizdan qancha odam ishtirok etishi aniq emas.

Buni qaysarlik deb tushunmasliklaringizni so‘ragan bo‘lardim. Ko‘zi ojizlar uchun  boshqa joyga ovoz berish uchun borish noqulay», - deydi Baxtiyor Abdujabborov.

Idoraning isitish tizimi ham yo‘q

Davomli muammolardan yana biri mahalla idorasining isitish tizimi yo‘qligi bilan bog‘liq.

«Hisoblagich bo‘lmagani uchun idora binosining isitish tizimini uzib ketishgan. Bino sovuqligi tufayli ishga ham chiqa olmayapman. Bu fuqarolar bilan ishlashga ham qiyinchilik tug‘diryapti», deydi «Bayot» mahallasi raisi o‘rinbosari Hafiza Mo‘minova.      

Bundan tashqari, ayni paytda raissiz faoliyat yuritayotgan mahalla idorasining kadastr qilinmagani ham muammo.

«10 kungacha hal bo‘ladi...»

Tahririyat aholi muammolarini o‘rgangach, javob olish uchun tegishli tashkilotlar bilan bog‘landi.

Jumladan, svetofor masalasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga murojaat yuborildi. Tashkilot bir necha kun ichida svetofor masalasini o‘rganib yechim taqdim etishga va'da bergan.

Boshqa muammolar yuzasidan esa Mirobod tuman hokimligi mas'ullari bilan bog‘lanilgach, tuman hokimining qurilish va arxitektura ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Farhod Najmiddinov va boshqa tegishli xodimlar mahalla ahvoli bilan tanishishdi.

Farhod Najmiddinov

Bu muddat oralig‘ida tuman hokimligi tomonidan omborxona vazifasini bajaruvchi temir konteyner mahalla idorasiga yaqin hududga o‘rnatib berilgan.

Nuroniylarning konteyner hajmi bilan bog‘liq e'tirozlari, saqlanadigan buyumlar ko‘pligi to‘g‘risidagi vajlarini va yoshlariga xos erkaliklarini ko‘targan holda hokim o‘rinbosari 10 kun ichida yana bitta temir konteyner o‘rnatib berishga va'da qildi.

Isitish tizimi, idora binosini kadastrlash bo‘yicha ham muammolar mahallaning o‘zida tegishli xodimlar tomonidan bajarilishiga va'da berildi.

10 kun muddat ichida – saylov boshlangunigacha mazkur mahalladagi barcha muammolar hal bo‘lishiga umid qilamiz.

Shuningdek, svetoforni ko‘chirish masalasida Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan asosli javob kutamiz.

Zilola G‘aybullayeva – Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top