Gas Infrastructure Europe maʼlumotlariga koʻra, 19-avgust holatida Germaniyadagi 40 dan ortiq yerosti tabiiy gaz omborlarining toʻldirilganlik darajasi 50,14 foizni tashkil etgan.

Bu avgust oyi oʻrtalari uchun soʻnggi bir necha yildagi eng past koʻrsatkichdir. Germaniyadagi gaz zaxiralari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan taxminan chorakka kam. 2023 va 2024-yillardagi koʻrsatkichlar bilan taqqoslaganda esa farq 45 foiz punktdan ziyodni tashkil etmoqda.

Shunga qaramay, Germaniya hukumati mamlakat isteʼmolchilari qishda gaz tanqisligiga duch kelmasligini bildirmoqda.

Nega gaz omborlari kam toʻldirilgan?

Odatda energetika treyderlari yozda gazni nisbatan arzon narxlarda sotib olib, uni omborlarda qishgacha saqlaydi. Sovuq mavsumda talab va narxlar oshgach, gaz qimmatroq sotiladi. Bu bozorda «yoz-qish narx spredi» deb ataladi.

Biroq bu yil vaziyat boshqacha. Erondagi urush bilan bogʻliq yetkazib berishdagi uzilishlar tabiiy va suyultirilgan tabiiy gazning jahon bozoridagi narxlarini oshirgan. Shu sababli treyderlarda omborlarni hozirgi yuqori narxlarda gaz bilan toʻldirish uchun iqtisodiy ragʻbat kamaygan.

20-avgust kuni Niderlandiyaning TTF birjasida gazning ulgurji narxi bir megavatt-soat uchun qariyb 65 yevroni tashkil etgan. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan taxminan ikki baravar yuqori.

AQSH va Eron oʻrtasidagi mojaro qayta kuchayishi fonida soʻnggi ikki haftaning oʻzida TTF indeksi qariyb 25 foizga koʻtarilgan.

Treyderlar narx tushishini kutmoqda

Yevropaning ayrim davlatlaridan farqli ravishda, Germaniya gaz omborlarini toʻldirishda asosan xususiy energetika savdo kompaniyalariga tayanadi.

Bozor ishtirokchilari Erondagi urush yakunlansa, yaqin oylarda gaz narxlari pasayishi mumkin, degan hisob-kitob bilan hozircha katta hajmda gaz sotib olishga shoshilmayapti. Narx pasaygandan keyin gaz xarid qilish ular uchun iqtisodiy jihatdan manfaatliroq boʻladi.

Biroq bunday yondashuv Germaniyada tanqidlarga ham sabab boʻlmoqda. Ayrim siyosatchilar treyderlarni mamlakat energetik xavfsizligini tavakkal ostiga qoʻyayotganlikda ayblagan.