20:42 / 21.06.2021
147722

Kun.uz sayti ma'muriy ish doirasida jarimaga tortildi

Bugun, 21 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida Kun.uz saytida e'lon qilingan turkum materiallar dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilmaganligi bilan bog‘liq ma'muriy ish ko‘rib chiqildi.

Ma'lum bo‘lishicha, Ichki ishlar vazirligi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan internet-monitoring kuzatuv tadbirlari davomida Kun.uz sayti tomonidan diniy mazmundagi maqolalar joylashtirib kelingani aniqlangan.

Monitoringda aniqlangan quyidagi materiallar IIV xodimlarining gumoniga sabab bo‘lgan va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga ekspertiza o‘tkazish uchun yuborilgan:

1. 2021 yilning 17 aprel kuni nashr qilingan «Inson qayerda yashayotgan bo‘lsa, o‘sha joyning vaqti bo‘yicha ro‘za tutadi. Ramazonga doir savol-javoblar» sarlavhali intervyu (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan);

2. 2021 yil 16 aprel kuni nashr qilingan «O‘zbekistonda eng katta bo‘lishi kutilayotgan «Islomobod» jome masjidi qurilishiga hissa qo‘shing» sarlavhali masjid xayriyasi;

3. 2021 yil 12 aprel kuni nashr qilingan «Oylar sultoni - Mohi Ramazon muborak!» sarlavhali xabar (tahririyatning Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan musulmonlarga yo‘llagan tabrigi);

4. 2021 yil 12 aprel kuni nashr qilingan «Ro‘za kimlar uchun farz, kimlarga yengillik berilgan? — Ramazonga doir savol-javoblar» sarlavhali intervyu (Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan);

5. 2020 yilning 23 iyul kuni nashr qilingan «Zulhijja oyi avvalgi 10 kunida qilinadigan amallarning fazilatlari» sarlavhali maqola;

6. 2020 yilning 18 noyabr kuni nashr qilingan «Yangi Zelandiya politsiyasi hijob uslubidagi formani tanishtirdi» sarlavhali xabar;

7. 2021 yilning 18 aprel kuni e'lon qilingan «Mahr - ayolning haqi. Uning miqdori qancha va qanday ado qilinadi?» nomli ko‘rsatuv.

Ekspertiza taqdim qilgan xulosada yuqoridagi materiallarda O‘zbekistonning amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirishga, hokimiyatni bosib olishga da'vatlar mavjud emasligi, Islom davlati qurish va xalifalik boshqaruvini joriy etishga qaratilgan da'vatlar mavjud emasligi, ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik yoki mutaassiblik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilmaganligi, fuqarolar o‘rtasidagi totuvlikni buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar, milliy, irqiy, etnik va diniy adovatni targ‘ib qiluvchi ma'lumotlar mavjud emasligi ko‘rsatilgan.

Lekin, ekspertning fikriga ko‘ra, «Yangi Zelandiya politsiyasi hijob uslubidagi formani tanishtirdi» sarlavhali xabarda «Men muslima ayollar ham politsiyada ko‘proq ishlashi kerakligini his qilaman. Yangi Zelandiyada hijob politsiya formasining bir qismi sifatida namoyish qilinishi juda yaxshi. O‘ylaymanki, buni ko‘rgan muslimalar politsiya sohasiga ko‘proq qiziqishi mumkin» — deydi Zina Ali» deya keltirilgan iqtibos hijob formasidagi politsiyachilar hatto musulmon bo‘lmagan o‘lkalarda ham borligini maqsadli ko‘rsatish aholi orasida bu mavzulardagi bo‘layotgan ixtilofli masalalarni zimdan qo‘zg‘atishga olib kelishi mumkinligi sababli uni tarqatish taqiqlanishi ta'kidlangan.

Shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan barcha materiallar Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 yanvardagi «Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 10-sonli qarori talablariga zid ravishda tayyorlanganligi [dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazilmagan – tahr.] sababli O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanishi qayd etilgan.

Yuqoridagi ekspert xulosalari asosida bo‘lib o‘tgan ma'muriy sudda Kun.uz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184-2-moddasida (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va u bazaviy hisoblash miqdorining ellik barobari (12 mln 250 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

***

Shuni alohida ta'kidlash joizki, Kun.uz tahririyati avvaldan diniy mazmundagi materiallarni tayyorlashda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ekspertiza guruhi bilan samarali hamkorlik qilib keladi.

O‘zbekiston aholisining asosiy qismi musulmonlar ekanligi nuqtayi nazaridan Kun.uz saytida ijtimoiy muammolar, maishiy va oilaviy nizolar kamayishiga o‘z hissasini qo‘shish kabi xayrli maqsadlarni ko‘zlagan holda, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tegishli lavozimlarga rasman tayinlangan imom-domlalar bilan odob-axloqqa chaqiruvchi suhbatlar berib boriladi.

IIV tomonidan ekspertiza xulosasi olish uchun qo‘mitaga yuborilgan ko‘rsatuvlardan biri – 2021 yilgi Ramazon oyida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomidagi masjid imom-noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajid bilan jonli efirda qilingan suhbat ham shular jumlasidan edi.

Albatta, Kun.uz avvalo mamlakatda qonunlarga barcha birdek rioya etishga mas'ul ekanligini e'tirof etgan holda, kelgusida diniy mavzudagi har qanday materiallar va xabarlar Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning dinshunoslik ekspertizasidan o‘tkazibgina berib borilishini ma'lum qiladi.

Mavzuga oid
Top