10:30 / 16.02.2023
33252

O‘rmonga aylanayotgan dengiz – Orolning “ikkinchi hayoti” boshlanmoqda

Katta xatolarning achchiq “meva”si bo‘lgan Orol dengizi “tirilmoqda”, faqat bu safar o‘rmonzor bo‘lib. Baland to‘lqinlar urilib turgan sohillar saksovulzorlarga aylanyapti, ulkan kemalar chayqalib suzgan suv tubida esa bugun traktorlar urug‘ sepmoqda.

Foto: Kun.uz

Orol dengizi sathi 1960 yillardan boshlab pasaya boshladi. 1989 yilda dengiz ikkita alohida suv havzasiga - Shimoliy (Qozog‘istonda) va Janubiy (O‘zbekistonda) Orol dengiziga bo‘lindi. Dengizning qurishi butun Markaziy Osiyo uchun ekologik halokatga aylandi va mintaqa davlatlariga jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy zarar yetkazdi.

Orol dengizining qurishi yigirmanchi asrdagi eng katta ekologik muammolaridan biri bo‘ldi. Dengiz qurigan sari uning oqibatlari ortib bordi: Orolbo‘yi mintaqalarida ekologik barqarorlik butkul izdan chiqqani, yerning sho‘rlanish darajasi ortib ketgani, hayvonot va nabotot olami keskin kamayishi, turli kasalliklar ko‘payishi kabi muammolar nafaqat O‘zbekiston, qo‘shni davlatlarga ham xavf tug‘dira boshladi.

Orolni qutqarish borasida xalqaro minbarlarda gapirildi, har xil fondlar tuzilib, turli xil farazlar ilgari surildi. Ammo hadeganda amaliy ishlarga o‘tilavermadi.

Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 12 sentabrda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh shtab-kvartirasida chiqish qilgan va 5 ta, xususan Orolbo‘yi muammosiga e’tiborni oshirish taklifini ilgari surgandi. 2018 yilda Orolbo‘yi mintaqasida insonlar xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi Trast fondi faoliyat boshladi.

2020 yilning 23 sentabr kuni davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi hamda global iqlim o‘zgarishlari va Orolbo‘yi hududidagi vaziyatga yana to‘xtalib o‘tdi. Prezident nutqida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgan edi. 2021 yilning 18 may kuni BMT Bosh assambleyasi 75-sessiyasining yalpi majlisida Shavkat Mirziyoyevning taklifiga ko‘ra Orol dengizi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.

Shu tariqa Orol dengizining qurigan tubi “front”ga aylandi: respublikaning barcha hududlaridan maxsus texnikalar jalb etilib, yashil qoplamalar barpo etishga kirishildi. Xususan, 2018-2021 yillar mobaynida dengizning qurigan tubida 1,7 mln gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil qoplamalar barpo qilindi. Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qurigan dengiz hududida barpo etiladigan saksovulzor shamol tezligini sezilarli darajada kamaytiradi va qum ko‘chishlariga barham beradi. Bundan tashqari, daraxt va buta turlari havoni tozalash xususiyatiga ham ega.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining noyob hayvonot va o‘simlik dunyosini saqlash hamda ko‘paytirish, ularning yashash muhitini muhofaza qilish maqsadida 3,6 mln gektardan iborat 5 ta yangi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etildi.  

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bu ishlar davom ettirilmoqda. 2022 yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklari ekilgan. Jami 590,3 tonna, shundan 391 tonna mahalliy aholi tomonidan cho‘l o‘simliklari urug‘lari jamg‘arilgan. 100 gektar saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etilgan. Mazkur ishlarni bajarish uchun 635 nafar ishchi-xodim, 250 dona yuqori unumli traktorlar va 2 dona kichik aviatsiya jalb qilingan. Ushbu barpo etilgan yashil qoplamalar soha olimlari tomonidan doimiy monitoring qilinib borilmoqda.  

Joriy yilda 100 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari hisoblanuvchi yashil qoplamalar barpo etish rejalashtirildi. Buning uchun 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklarining urug‘lari jamg‘ariladi. Bu ishlar allaqachon boshlab yuborildi: 2023 yilgi saksovul ekish mavsumiga start berildi.

Davlat rahbari xalqaro hamjamiyat e’tiborini Orol muammosiga qarata oldi. Jumladan, 2022 yilning noyabr oyida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Orol dengizining qurigan tubida ekotizimni tiklash bo‘yicha ikkinchi loyiha – ERAS II ishga tushirilganini ma’lum qildi. USAID Orolbo‘yi mintaqasidagi cho‘llanishning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish uchun qariyb 1,6 million dollar ajratdi. Yaponiyaning OISCA tashkiloti prezidenti Etsuko Nakano ham 10 yil davomida Orol dengizi qurigan hududi 40 ming gektar maydonini ko‘kalamzorlashtirish loyihasiga start berilishi rejalashtirilganini ta’kidlab o‘tgandi. Bu borada Islom hamkorlik tashkiloti, Finlandiya va Germaniya davlatlari ham o‘z takliflarini ilgari surgan

Albatta, bu kabi sa’y-harakatlar qurib bitgan dengizga qayta “jon” bag‘ishlamoqda: Orol “ikkinchi hayotini” yashay boshladi, faqat bu safar dengiz emas, o‘rmonzor bo‘lib. 

Mavzuga oid
Top