Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biznesga “amnistiya”, energetikada pasayish va 2023 yilga qaytgan dollar - hafta dayjesti
Prezident tadbirkorlar bilan uchrashdi: biznesni qanday yengilliklar kutyapti? Benzin ishlab chiqarishda jiddiy pasayish: yangi shartnoma vaziyatni o‘nglaydimi? Oltin eksportidan tushumlar 1,8 barobarga oshdi: dollar kursi 20 oylik munimumgacha quladi. O‘zbek-turkman-ozar sammiti: Kaspiy dengizida O‘zbekiston bayrog‘i ostidagi kemalar suza boshlaydi. Yakunlangan haftaning asosiy voqealari – Kun.uz dayjestida.
Tadbirkorlar kunidagi an’anaviy uchrashuv
Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 avgust – Tadbirkorlar kunida tadbirkorlar bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan qator masalalar bo‘yicha yechimlarni ilgari surdi. Soliqlar va bojlar bo‘yicha yengilliklar, ayrim jarimalarning to‘xtatilishi, qog‘ozbozlikning kamayishi va boshqalar shular jumlasidan.
20 mingdan ortiq tadbirkorga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qiladigan yangilik – soliq tekshiruvlarida aniqlangan 16 trillion so‘mlik xato-kamchiliklar uchun jarima qo‘llanmasligi bo‘ldi. Bu imkoniyatdan foydalanish uchun ular 1 noyabrgacha xato-kamchiliklarini tuzatishi kerak. Bundan tashqari, eksportda muddati o‘tgan qarzdorlik uchun jarima hisoblash va undirishga 2027 yilgacha moratoriy kiritildi.
Importyorlar uchun ham xushxabarlar bor. Chet eldan olib kelinadigan tovarlarning har bir partiyasi uchun alohida muvofiqlik sertifikati berishdan voz kechiladi va bitta sertifikat shartnomada ko‘rsatilgan butun hajm uchun amal qiladi. Xomashyo va butlovchi qismlar importida bojlarni qayta ko‘rib chiqish topshirig‘i berildi. Hozircha aralash mato va gazlamalar, shuningdek, ayrim polimerlar uchun bojlar bekor qilinyapti. Polietilen granulalariga aksiz solig‘i ham nollashadi.
Soliqlarga keladigan bo‘lsak, davlat rahbari tadbirkorlarning o‘z biznesini kengaytirishdagi xavotirlariga e’tibor qaratdi. Shu sabab endi ilk marta aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshib, QQS to‘lashga o‘tadigan korxonalar 1 yilga foyda solig‘idan ozod etiladigan bo‘ldi. Bunday korxonalar buxgalterlarga to‘layotgan maoshning 5 mln so‘mgacha qismi 6 oy davomida soliqqa tortilmaydi. Shuningdek, foyda solig‘idan avans to‘lash majburiyatini yuzaga keltiradigan yillik aylanma miqdori 10 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mga ko‘tarilmoqda. 1 noyabrdan e’tiboran, barcha tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jismoniy shaxslardan naqd pulga sotib olganda, elektron kirim qilishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, kelasi yildan boshlab to‘rtta soliq turi bo‘yicha hisobotlarni soliq organining o‘zi shakllantiradi. Boshqa soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima kamaytiriladi. Sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazishda videokameradan foydalanish majburiy bo‘ladi, tadbirkorlarga bunday tekshiruvlardan keyin qo‘llangan jarimalarni 6 oy davomida bo‘lib to‘lash imkoni beriladi.
Qog‘ozbozlikni kamaytirish yo‘nalishida ham yaxshi yangiliklar bor. 2026 yildan boshlab, biznes boshlayotgan tadbirkor elektron raqamli imzo olish, bankda hisobraqam ochish, ijara shartnomasi rasmiylashtirish, kassa apparatini soliq organida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yugurib yurmaydi: bu xizmatlar unga tadbirkorlik sub’yektini ro‘yxatdan o‘tkazayotgan paytidayoq taqdim etiladi. 1 yanvardan e’tiboran, yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati talab qilinmaydi. Umuman, texnik jihatdan tartibga solish tizimi “butunlay transformatsiya qilinishi” aytilmoqda.
So‘m mustahkamlanishda davom etmoqda
Dollar kursi oxir-oqibat 2023 yilgi darajaga ham qaytdi. Valuta birjasida juma kungi savdolardan keyin Markaziy bankning rasmiy kursi 12 357 so‘mgacha tushdi. Bu – oxirgi 20 oylikdagi eng past ko‘rsatkich. Shu tariqa, dollar so‘mga nisbatan uch kunda 1,3 foizga, yil boshidan beri 4,2 foizga arzonlashdi.
So‘mning mustahkamlanishi – oltinning yuqori narxlariga bog‘liq ravishda tashqi savdo ko‘rsatkichlarining ijobiylashishi, pul o‘tkazmalarining oshishi, asosiy hamkor davlatlar milliy valutalarining barqarorlashishi va boshqa omillar fonida ro‘y beryapti. Shu hafta ochiqlangan 7 oylik tashqi savdo statistikasiga ko‘ra, oltin eksportidan tushumlar yil boshidan beri 7,6 mlrd dollarga yetgan. Bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 81 foizga ko‘p. Boshqacha aytganda, O‘zbekistonning oltin eksportidan topgan daromadi 2025 yilning 7 oyida 2024 yilning 12 oyidagidan ham ko‘proq bo‘ldi.
Tashqi savdodagi manfiy saldo o‘tgan yilning shu davridagi 7,3 mlrd dollardan 4,2 mlrd dollargacha qisqargan. Shu bilan bir vaqtda pul o‘tkazmalari va xorijiy investitsiyalar ham oshgani, importning o‘sishi esa sekinlashgani – valuta bozorida talabga nisbatan taklif ko‘proq bo‘lishiga olib kelyapti.
Xalqaro valuta jamg‘armasi oltin narxining oshishi davlat xarajatlarining oshishiga olib kelmasligi kerakligini aytib keladi. Iqtisodchilar esa oltindan “superdaromadlar” so‘mni mustahkamlashi emas, balki zaxira qilinishi kerakligini aytmoqda.
Energetika mahsulotlari ishlab chiqarish qisqarmoqda
Hafta davomida e’lon qilingan sanoat va tashqi savdo statistikalari energetikaga oid xavotirli raqamlarni ko‘rsatyapti. Unga ko‘ra, yanvar-iyul oylarida avtomobil benzini ishlab chiqarish 16 foizga, benzin importi esa 4 foizga kamaygan. Benzin uchun xomashyo bo‘lmish neft ishlab chiqarish 11 foizga, neft va neft mahsulotlari importi 16 foizga qisqargan. Iqtisodiyot o‘sishi bilan talab ortib borayotgan sharoitda taklifning qisqarishi narxlarga ijobiy ta’sir qilmasligi aniq.
Hisobot davrida tabiiy gaz qazib olish 3,4 foizga kamaygan, gaz eksporti 38 foizga oshgan. Yirik korxonalar tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish 12 foizga qisqargan, elektr energiyasi eksporti esa 50 foizga oshgan.
Juma kuni Kaspiy dengizi sohilidagi Avaza kurortida bo‘lib o‘tgan Turkmaniston–O‘zbekiston–Ozarboyjon uch tomonlama sammitida energetika ham asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘ldi. Sammit doirasida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev SOCAR milliy neft-gaz kompaniyasi Ustyurt platosida neft konlarini o‘zlashtirishga kirishganini ma’lum qildi. “Kelgusi 1-2 yil ichida yaxshi yangiliklar bo‘ladi deb umid qilamiz. O‘zbekistonda yirik neft koni ochilgani haqidagi yangilikni hammamiz sabrsizlik bilan kutamiz”, dedi Aliyev.
SOCAR bilan o‘tgan oyda imzolangan mahsulot taqsimotiga oid bitim O‘zbekistonga neft mustaqilligini olib kelishi aytilmoqda. Bitim doirasidagi konlarda 100 mln tonna neft va 35 mlrd kub metr gaz borligi taxmin qilinyapti. Ozar qardoshlar kiritadigan 2 mlrd dollar investitsiya doirasida, yiliga 5 mln tonna neft qazib olish ko‘zda tutilgan. Bu – hozirgi import hajmidan 2,5 barobarga ko‘p.
Uch tomonlama sammitda O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tranzit koridorlarini rivojlantirish va boshqa savdo-iqtisodiy masalalar ko‘rib chiqildi. Shavkat Mirziyoyev yuk tashuvlari uchun o‘zaro tariflarni pasaytirish va Kaspiy dengizida logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirishni ilgari surdi. O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z paromlariga ega bo‘lishni hamda turkman va ozar portlaridan qulay shartlarda foydalanishni xohlayapti. Shuningdek, “Shovot – Doshhovuz” chegaraoldi savdo zonasini yil oxirigacha ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.
Yana firibgarliklar haqida
Avtomobil, uy-joy va xorijga ishga jo‘natish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari davom etyapti. Bu hafta Kun.uz Toshkentda yana bir shubhali “avtosalon” paydo bo‘lganini aniqladi. “Global avto kredit” nomli firma odamlarga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan qimmatbaho elektromobillarni va’da qilyapti. GM mashinalari esa yillik 10 foizli ustama bilan 5 yilgacha nasiya savdoga berilishi aytilmoqda. Firma ijtimoiy tarmoqlardagi kanaliga bir nechta mashina “mijozlarga yetkazib berilgani” haqida videolavha joylashtirgan, lekin Kun.uz surishtiruvida bu mashinalar boshqa avtosalonlardan olingani ma’lum bo‘ldi.
Kun.uz'ning avvalgi surishtiruvlaridan keyin tergov boshlangan “Halol Avtolizing” ishi esa sudga chiqdi. Tergov jarayonida bu ishning vizaga aloqador qismi ajratib olinib, sudga oshirilgan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, uchta firmaning mansabdorlaridan iborat jinoiy guruh chet davlatlarga ishchi viza rasmiylashtirib berishni aytib, 500 dan ortiq fuqaroni aldagan. Ularga yetkazilgan zarar qiymati 7,3 mlrd so‘mga baholanyapti. Tergovdan yashirinib yurgan 3 kishi qidiruvga berilgan.
Hafta davomida viza bilan bog‘liq yana bir ehtimoliy firibgarlik jinoyati bo‘yicha tergov boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentda ADWorld nomli firma tegishli litsenziyasi bo‘lmay turib yuzlab odamlarni Saudiya Arabistoni, Serbiya, Chernogoriya, Norvegiya va Ummonga ishga yuborishga ishontirgan va o‘rtacha 15-20 mln so‘mdan pul yig‘ib olgan. Kun.uz surishtiruvidan keyin, jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, firma ta’sischisi Dilmurod Yusupov qamoqqa olindi. Raqobat qo‘mitasi litsenziyasi yo‘q kompaniyani reklama qilgani uchun ikki blogerni jarimaga tortdi.
Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda “Credit House” ishi bo‘yicha tergov xulosasi chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz bu borada o‘z surishtiruvlarini davom ettirmoqda. Bu holatda ikkita firma o‘nlab quruvchi kompaniyalar va minglab mijozlar o‘rtasida vositachilik qilgan: quruvchilardan olingan shartnomalar odamlarga uzoq muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan pullangan. Bu – yilning eng katta firibgarlik jinoyati bo‘lishi mumkin, chunki jabrlanganlar soni mingdan oshadi, ko‘chmas mulk haqida gap ketayotgani uchun ular to‘lagan summalar ham ancha katta.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Davlat oliygohlarining aksariyatida kontrakt miqdorlari bu yil oshirilmasligi kutilmoqda. Bu borada hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi, lekin internetda tarqalgan xabarlar ham rad etilganicha yo‘q. Kontrakt narxlarining o‘zgarmasligi moliyaviy mustaqil universitetlarga taalluqli emas: masalan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti shartnoma qiymati 15 foizga oshirilganini ma’lum qildi. Oshirilgan stipendiyasiz kontrakt 1-2-kurslar uchun qariyb 34 mln so‘m, 3-4-kurslar uchun esa qariyb 27 mln so‘mni tashkil etadi.
Prezident sud tizimi uchun taklif qilingan o‘zgarishlarni tasdiqladi. Ma’muriy va iqtisodiy sud ishlari eksterritorial, ya’ni hududga bog‘lanmagan tarzda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Fuqarolik va iqtisodiy sudlardagi nizosiz ishlar ma’muriy organlarga o‘tkaziladi. Tumanlararo iqtisodiy sudlar o‘rniga, 14 ta hudud uchun 14 ta iqtisodiy sud tashkil etiladi. Sudyalarni dastlabki 5 yillik muddatdan keyin 10 yilga emas, darhol muddatsiz davrga tayinlash ko‘zda tutilmoqda. Sudyalar oliy maktabi isloh qilinib, Odil sudlov akademiyasiga aylantiriladi.
Yangi Toshkentda Olimpiya shaharchasi qurib bitkazildi. 3 yil davomida amalga oshirilgan loyihaning qiymati salkam 290 mln dollarni tashkil qildi. Davlat rahbari sport hamjamiyatini bu yangi shaharcha bilan tabriklab, bunday Olimpiya shaharchalari viloyatlarda ham qurilishini aytdi. Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Yangi Toshkent qurilishining borishi bilan ham tanishdi. Hozir shaharning “tagi”, ya’ni yerosti infratuzilmasi qurilyapti. Bu muhandislik tarmoqlaridan tashqari, tunnellar, yerosti avtoturargohlar va yerosti chorrahalarni ham o‘z ichiga oladi. Rasmiy xabarga ko‘ra, o‘ndan oshiq vazirlik va idora allaqachon Yangi Toshkentdagi vaqtinchalik obektlarda ish boshlagan.
Gruziyaning TBC guruhi OLX Uzbekistan'dagi ulushlarning nazorat paketini sotib oldi. O‘zbekistondagi eng mashhur e’lonlar portali qanchaga sotilgani ma’lum emas, lekin TBC tarqatgan rasmiy xabarda O‘zbekistonning oxirgi 30 yillik tarixidagi eng yirik konsentratsiya bitimlaridan biri haqida gap ketayotgani aytiladi. Kelishuv regulyator tasdig‘idan o‘tganidan keyin, Niderlandiyaning OLX guruhiga tegishli Olx.uz'ning 50 foiz + 1 ta aksiyasi Gruziyaning TBC guruhiga, qolgan ulushlar Titan Investmens xalqaro investitsiya holdingi egaligiga o‘tadi. Eslatib o‘tamiz, bunga qadar TBC'ning O‘zbekistondagi portfeli shu nomdagi bankdan tashqari, Payme to‘lov tizimi va BILLZ dasturiy xizmat operatoridan iborat edi.
“Tashabbusli budjet”da ovoz berish bosqichi boshlandi. Ovoz berish 10 kun davom etadi va g‘oliblar Mustaqillik bayramida e’lon qilinadi. E’tiborlisi, bu safar loyihada g‘alati holat ro‘y berdi: ovoz berish bosqichida Andijon va Ulug‘nor tumanlaridan qo‘yilgan tashabbuslar ishtirok etmayapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, bu tumanlarda ishchi komissiyalar ko‘plab tashabbuslarni asossiz ravishda rad qilib yuborgan, natijada nohaqlik bo‘lmasligi uchun bu tumanlardagi hech bir loyihani ovoz berishga chiqarmaslikka qaror qilingan. Mas’ullarga qanday chora ko‘rilishi, tuman budjetidan “Tashabbusli budjet”ga ajratilgan mablag‘lar nima bo‘lishi haqida vazirlik qo‘shimcha izoh berishi kutilyapti.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Mavzuga oid
14:57 / 26.12.2025
Kredit olishga taqiqni qanday rasmiylashtirish mumkin?
18:28 / 25.12.2025
“Credit House” ishida sud boshlandi: birinchi kun qanday o‘tdi?
16:54 / 25.12.2025
6000 funt oylik, qalbaki taklifnoma va g‘oyib bo‘lgan «menejer». Soxta ish e’lonlari ortidagi firibgarlik sxemasi
12:16 / 25.12.2025