O‘zbekiston | 10:00 / 13.07.2025
9209
16 daqiqa o‘qiladi

Toshkent propiskasining ochilishi, avtoterroristlarga chora va poraxo‘rlik “xit-paradi” - hafta dayjesti

Viloyatliklarni tahqirlagan qonun bekor qilinyapti: propiska tartibi Paxtaobodda qanaqa bo‘lsa, Yunusobodda ham xuddi shunaqa bo‘ladi. Yo‘l harakatiga oid selektor: radarga ko‘p tushganlar guvohnomasidan ayriladi, ayrim yo‘llarda 130 tezlikka ruxsat berilishi mumkin. 10 ming dollarlik poralar seriyasi: ushlanganlar orasida prokuror o‘rinbosari va hokim ham bor. Yakunlanayotgan hafta xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Propiska rejimining umri tugamoqda

O‘zbekistonliklarni o‘z vatanida kamsitib kelgan, viloyatlik bo‘lgani uchun tahqirlagan va chin ma’noda xo‘rlagan qonun, vanihoyat, bekor qilinmoqda. 10 iyul kuni fuqarolarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi to‘g‘risidagi qonun prezident tomonidan imzolandi. Qonun 3 oydan keyin, 12 oktyabrdan boshlab kuchga kiradi. Shu sanadan e’tiboran, Toshkent shahri va Toshkent viloyati propiskasini olish huquqiga ega fuqarolarning 12 ta toifasi ko‘rsatilgan qonun o‘z kuchini yo‘qotadi va butun O‘zbekiston hududida doimiy va vaqtincha ro‘yxatda turishning yagona tartibi amal qila boshlaydi.

Oddiy qilib aytganda, 2020 yilda Toshkentdan uy sotib olish orqali propiskaga kirish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, endi bu talab ham bekor bo‘ladi. Fuqarolar misol uchun Muzrabot va Paxtaobod tumanida qanday qilib propiska olsa, Mirobod va Yunusobod tumaniga ham xuddi shunday tartibda propiskaga kira oladi. Agar siz boshqa viloyatdan Toshkentga ko‘chib kelsangiz va o‘z nomingizda uyingiz bo‘lmasa, qonuniy asosda yashaydigan uyingizning egasi bilan birgalikda davlatni bu haqda xabardor qilib qo‘ysangiz kifoya. Xabar berilganidan keyin uzog‘i 1 ish kunida fuqaroga doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida ma’lumotnoma taqdim etiladi.

Qayd etish kerak, yashash yoki turar joyi o‘zgargani haqida 10 kun ichida xabar berish – majburiy deb belgilangan.

Ayni paytda, turar joyga fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya etish talabi saqlab qolinadi. Uy-joy kodeksiga ko‘ra, bu norma 1 kishi hisobiga kamida 16 kvadrat metr deb belgilangan. Hokimliklarda normani ko‘tarish vakolati bor. Minimum me’yor bo‘yicha hisoblaganda, umumiy maydoni 48 kvadrat bo‘lgan ikki xonali kvartirada ko‘pi bilan 3 kishi propiskaga qo‘yilishi mumkin.

Surunkali qoidabuzarlar tiyiladimi?

Haydovchilar uchun 1 iyundan ishga tushgan jarima ballari tizimi radarlarga taalluqli emasligi sabab, aravasini uchirib haydaydigan avtoterroristlarni qo‘rqita olmagandi. Xayriyatki, bundan ko‘ra samaraliroq boshqa choralar ham reja qilinayotgan ekan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kungi selektorda “Surunkali qoidabuzarlar” dasturi haqida e’lon qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu dastur “jarimani to‘lab qo‘ydim-ku, xohlaganimdek yuraveraman” deydigan haydovchilarga “qonunning kuchini ko‘rsatib qo‘yish” maqsadida ishlab chiqilgan. Dasturga ko‘ra, bir oy ichida 2 marta qizildan o‘tib ketgan yoki bir oyda 5 marta radarga tushgan haydovchilarga 1 yilgacha jarimadan chegirma berilmaydi. Bir oy ichida 10 tadan ko‘p qoidabuzarlik qilgan haydovchilar esa 6 oygacha guvohnomasidan mahrum etiladi. 60 tezlikka ruxsat berilgan joyda 120 tezlikda, ya’ni 2 barobar tez yurganlarning ham guvohnomasi olib qo‘yilishi kutilyapti.

Ichki ishlar vazirligi bu choralarni amalga kiritishni xuddi jarima ballari bilan bo‘lgani kabi 7 yilga cho‘zib yubormaydi, deb umid qilamiz. Dasturni imkon qadar tezroq qabul qilish, qolaversa, avtoterroristlar foydasiga haddan tashqari yumshatib yubormaslik ham juda muhim. Chunki ularga prezident ta’biri bilan aytganda “qonunning kuchi ko‘rsatib qo‘yilmasa”, har kuni yo‘llarda 6 kishini o‘ldirishyapti. Shavkat Mirziyoyev selektorda shu raqamga alohida urg‘u berib, kuniga o‘rtacha 6 nafar vatandosh avariya qurboni bo‘layotgani – hammani tashvishlantirishi kerakligini aytdi.

Yig‘ilishda ma’lum qilingan raqamlarga ko‘ra, o‘tgan yili ham YTHlarda 2200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan. Hududlar bo‘yicha statistikada Surxondaryo viloyati yaqqol ajralib turadi: o‘tgan yili bu viloyatda YTHlar soni birdaniga 20 foizga, halok bo‘lganlar esa 35 foizga oshib ketgan.

Viloyatlararo yo‘llarda tezlik cheklovi oshishi mumkin

Selektorda aksariyat haydovchilarga ma’qul keladigan yangiliklar ham ko‘p bo‘ldi. Topshiriqqa asosan, xavfsizlik talablariga javob beradigan ayrim yo‘llarda tezlik cheklovlarini yumshatish, ya’ni hozirgidan tezroq yurishga ruxsat berish masalasi ham ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Deputat Alisher Qodirovning izohidan kelib chiqilsa, bu yerda gap magistral yo‘llarning aholi yashamaydigan qismlarida tezlikni 130 km/soatgacha oshirish haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, yo‘llarning sifatini oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar ko‘paytiriladi: radar va kameralardan budjetga tushadigan jarimalarning 25 foizi yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilar olib tashlanadi, yo‘llarda alohida mavqega ega bo‘ladigan amaldorlar doirasi toraytiriladi.

“Toshpo‘latov, Ibragimov bir hafta muddatda kim ruxsat berganidan qat’i nazar barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlasin. Vazirlik va idoralar xodimlari aholiga noqulaylik yaratib, parkovka qilib olgan hududlarda foto va videokameralar o‘rnatib, jazo muqarrarligini tushuntirsin. Davlat xizmatchilari jamoat transportida yurish bo‘yicha aholiga namuna bo‘lishi kerak. Endi hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdan tashqari birorta rahbarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmaydi”,dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berarkan, yaqinda bu muammoga o‘zi ham bevosita duch kelganini aytdi:

“O‘tgan shanba-yakshanba kuni o‘zim rulda yurib keldim. U yo‘llarda rulda kimligini hech kim bilmaydi, men ham 15–20 daqiqa tirbandlikda turdim, turgandayam yaxshilab turdim. Toshpo‘latov (ichki ishlar vaziriga qarata), to‘g‘rimi? Rulda menligimni hech kim bilmasdi, hamma bilan turdim: nima qilaman, ko‘chaga chiqib, ey, yo‘lni ochib ber, deb baqirmayman-ku? El qatori turdim. O‘tib bo‘lganimdan keyin vazirga telefon qildim. Sen o‘zing kelib o‘tgin qani. Odamlar kechasi uyiga qaytib kelyapti, kayfiyati yomon tomonga o‘zgaradimi yo o‘zgarmaydimi?”

O‘zbeklar – Yevropada

Yevropaga borayotgan qorako‘z vatandoshlarimiz soni ortib boryapti. Ma’lum bo‘lishicha, 2024 yilda o‘zbekistonliklar shengen vizasi uchun rekord darajada ko‘p ariza bergan. SchengenVisaInfo portali ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili salkam 58 700 nafar o‘zbekistonlik shengen vizasi uchun talabgor bo‘lgan. Bu raqam bir yil oldingiga qaraganda 26 foizga ko‘p. Viza olganlar soni esa bir yilda 33 foizga ko‘paygan.

Arizalarga ijobiy javob berilishi ko‘rsatkichi 88 foizni tashkil etgan. Ya’ni 2024 yilda shengen vizasini so‘ragan har 10 ta o‘zbekdan 9 tasiga viza berilgan. Eng ko‘p ariza beriladigan Germaniya konsulxonasi o‘zbeklarning 19 300 ta so‘rovidan 15 500 tasiga yoki 80 foiziga ijobiy javob bergan. Eng ko‘p – salkam 70 foiz holatda rad javobini bergan konsulxona esa Polshaniki bo‘lgan.

Bu hafta, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligida VFS Global viza markazlari tarmog‘ining mintaqaviy direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda konsulxona ochmagan Kanada, Avstraliya va boshqa davlatlarning vizasini olishni o‘zbekistonliklar uchun osonlashtirish – kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi. Hozir bu davlatlarga viza olmoqchi bo‘lgan vatandoshlar Qog‘oziston yoki Rossiyaga borib kelishiga to‘g‘ri kelyapti. Shu sababli rasmiylar ariza berish jarayonining bir qismini O‘zbekistonga ko‘chirishni taklif qilyapti.

Yana bir masala – jamoaviy guruhlarning arizalari bo‘yicha VFS Global xodimlarining sayyor qabullarini ishga tushirish borasida esa kelishuvga erishildi. Bu xizmat pulli asosda ko‘rsatiladi va chekka hududlardagi ariza beruvchilarga Toshkent yo Samarqandga borib o‘tirmasdan, viza yordamini olish imkonini beradi.

Korrupsion jinoyatlar: Andijondan Qoraqalpog‘istongacha

Poraxo‘rlik jinoyatlari bo‘yicha haftalik xit-paradlarni davom ettiramiz. Bu boradagi birinchilik bu hafta Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayevga “nasib qildi”. DXX xabariga ko‘ra, uning qo‘l ostida ishlaydigan xodim uy-joy qurish uchun yer ajratib berish evaziga qurilish kompaniyasi rahbaridan 10 ming dollar olib, hokimga bergan. Bosh mutaxassis lavozimidagi bu shaxs keyinroq yana 20 ming dollar oladi va shundan 10 ming dollarini hokimga berayotgan vaqtda, ikkalasi qo‘lga tushadi.

Bir dasta yuz dollarlik bilan ushlangan yana bir amaldor – Guliston shahri prokurorining o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. U talon-toroj qilish va firibgarlik jinoyatlarida ayblanayotgan shaxsga nisbatan yengillik qilib berish evaziga, 10 ming dollar so‘rab, shuncha pulni xizmat xonasida olayotgan vaqtda hibsga olingan.

Hafta davomida pora bilan ushlangani xabar qilingan amaldorlar top-uchligini Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani hokimi o‘rinbosari yakunlab beradi. U qizilmiya ildizini yetishtirish uchun 150 gektar yer ajratib berish evaziga 12 ming dollar olgan paytida qo‘lga tushgan.

Pora ustida qo‘lga olinganlar ro‘yxati shu bilan tugamaydi. Rasmiy xabarlarga qaraganda, Agrosanoatni rivojlantirish agentligining Kosonsoy tumani bo‘yicha bosh mutaxassisi – 10 ming dollar, Andijon viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori – 2500 dollar, Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi bosh inspektori ham xuddi shuncha – 2500 dollar pora olgan vaqtida qo‘lga tushdi. Kadastrlar palatasi G‘ijduvon tumani bosh mutaxassisi firibgarlik yo‘li bilan 2000 dollar olganda ushlandi. Agrosanoat inspeksiyasi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i esa “kamtargina” 1000 dollar olganida qo‘lga tushgan.

Hafta davomida, shuningdek, Andijon davlat universitetining bir guruh mansabdorlariga nisbatan sud hukmi o‘qilgani ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, universitetda naq 25 yil davomida bosh hisobchi lavozimida ishlagan Alimjon Mahmudov, sobiq rektor Akrom Yo‘ldoshev va yana 11 kishi jinoiy reja tuzib, turli yo‘llar bilan stipendiya, kontrakt, yotoqxona, rag‘batlantirish pullari va boshqa mablag‘larni o‘zlashtirish orqali, jami 53,6 mlrd so‘mni talon-toroj qilganlikda aybdor deb topildi. Aybiga qisman iqror bo‘lgan bosh hisobchi 6,5 yilga, ayblovlarni rad etgan sobiq rektor 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Buxorodan kelgan boshqa bir yangilik esa, davlat tashkiloti nafaqat o‘zlashtirish orqali, balki tom ma’nodagi o‘g‘irlash orqali ham talon-toroj qilinishi mumkinligini ko‘rsatdi. O‘zA xabariga ko‘ra, Texnik tartibga solish agentligi huzuridagi UzTest'ning Buxoro viloyati filialida og‘irligi 1,2 tonna, narxi 150 mln so‘m bo‘lgan sinov uskunasi va 250 mln so‘mlik gazballonlarni o‘lchash vositasi o‘g‘irlab ketilgan. UzTest bu jinoyatni tasdiqlab, o‘g‘rilik o‘tgan yili noyabrda Texnik tartibga solish agentligining o‘zi tomonidan fosh etilganini bildirdi – uskunalar topilganmi-yo‘qmi, bunga aniqlik kiritilmadi. O‘zA xabarida aytilgan “UzTest'da 6 mlrd so‘m maqsadsiz ishlatib yuborilgani” haqidagi da’vo esa tashkilot bayonotida rad etilgan.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekiston va Qozog‘iston BRICS'da hamkor davlat maqomini oldi. Guruhning Braziliyadagi sammitida O‘zbekiston nomidan Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev qatnashdi. Tashqi ishlar vazirligining izohlashicha, BRICS bilan hamkorlikka tashqi siyosatdagi pragmatik va muvozanatli yo‘nalishlardan biri deb qaralmoqda. Rio-da-Janeyrodagi sammitda tashkilot a’zolari AQShning savdo siyosatini tanqid qildi, bunga javoban AQSh prezidenti Donald Tramp BRICS'ning “aksil-amerika” siyosatini qo‘llayotgan davlatlarga boj solish bilan tahdid qildi. Qozog‘iston esa, BRICS bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda, Trampning 25 foizlik boji bilan to‘qnashish arafasida turibdi.

Uzluksiz 90 kun yoki undan ortiq vaqt davomida chet elda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari vatanga qaytganida OIV infeksiyasiga majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Deputatlar bu haqdagi qonunni qabul qilib, Senatga yubordi. Majburiy tekshiruv talabi 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga taalluqli bo‘ladi, O‘zbekiston fuqarolarini tekshirish xarajatlari davlat budjetidan qoplanadi. Bu tartib qachondan kuchga kirishi qonun keyingi bosqichlardan o‘tganidan keyin ma’lum bo‘ladi.

Chiqindidan qarzi borlar 1 avgustdan boshlab svet uchun pul to‘lolmaydi. Tegishli qonun mart oyida imzolangan edi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabariga ko‘ra, yangi qonunni amalda qo‘llash 1 avgustdan boshlanadi. Bunda, chiqindini olib chiqib ketish xizmatidan qarzi bor iste’molchilarga har oyning 5-sanasigacha SMS yuboriladi. Shundan keyin 5 kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi. Bu cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan, avtomatik tarzda yechilishi aytilyapti.

UzIMEI boshog‘rig‘i yana kun tartibida. Senator Qobul Tursunov bu tizim yuzasidan raqamlashtirish vaziri Sherzod Shermatovga so‘rov yubordi. Tursunovga ko‘ra, IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sun’iy oshirilyapti. Bundan tashqari, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish kerakligi, buning uchun aynan qurilmani avval ro‘yxatdan o‘tkazgan joyga borish shartligi fuqarolar uchun qo‘shimcha qiyinchilik va xarajatlarni keltirib chiqaryapti. Senator o‘z so‘rovida UzIMEI'dagi texnik muammolar va byurokratiya yuzasidan izoh talab qilgan.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid