O‘zbekiston | 16:04 / 03.11.2025
8793
3 daqiqa o‘qiladi

«Chiroq bor, lekin sham yoqyapmiz» – Boysundagi M25 gaz koni atrofida yana badbo‘y hid tarqalgan

Surxondaryo viloyatidagi gaz konida yana muammo chiqdi. Kun.uzʼga kelib tushgan xabarlarga ko‘ra, u yerda yana portlash ro‘y berib, gaz hidi tarqalmasligi uchun yondirib qo‘yilgan olov o‘chib qolgan. Shu vaqtda hududda badbo‘y hid tarqalib, uylarning ichigacha kirgani aytilmoqda.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidan vulqon otilishini eslatuvchi vahimali kadrlar tarqaldi. Bu videolar Kofrun qishlog‘idagi «Mustaqillikning 25 yilligi» nomli yirik gaz konida yondirib qo‘yilgan gaz videosi bo‘lib, yangi videolar tarqalishi konda ro‘y bergan navbatdagi avariya bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Kun.uz'ga yo‘llangan murojaatlarda qayd etilishicha, so‘nggi kunlar ichida konda avariya ro‘y berishi natijasida atrofga gazning qo‘lansa hidi tarqalgan. Kon bir portlab, otilib chiqqan, shunda undagi olov o‘chib, badbo‘y hid konga yaqin hududlar bo‘ylab tarqalgan, uylar ichigacha kirib borgan.

Tahririyatga shikoyatini video shaklda jo‘natgan o‘quvchilardan biri uyda chiroq bo‘lsa ham, gaz hidini kamaytirish uchun sham yoqishayotganini ta’kidlagan.

«Svet bor-ku, lekin nega sham yoqyapsizlar deb qiziqyapsizlarmi? Tashqariga chiqib, sababini ko‘rsataman. «Mustaqillikning 25 yilligi» konida bugun biror holat bo‘lganmi deyman, hamma joy gaz hidi bilan to‘ldi. Uyning ichigacha gaz kiryapti.

Hozir do‘konga borib, sham olib keldik. Shamdan uyning ichida gaz hidini kamaytirish uchun foydalanyapmiz. Hamma derazalar akfadan, lekin gaz uyning ichigacha kiryapti. Nima bo‘lganini hozircha bilmaymiz. Bugun [2 noyabr] chang bo‘lgani uchun «Mustaqillikning 25 yilligi» koni yonayotgani ko‘rinmayapti», – deydi u.

Kun.uz Energetika vazirligiga so‘rov jo‘natdi. Vazirlik matbuot xizmati rasmiy munosabat tayyorlanayotganini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Boysun tumanidagi M25 koni bilan bog‘liq hodisa 1 yillik tarixga ega. Bu vaqt oralig‘ida konda bir necha marta avariyalar sodir bo‘ldi, oqibatda ko‘plab qishloqlar, hatto Boysun tumani markazida ham havoning jiddiy ifloslanishi yuzaga keldi.

Dastlabki ofat 2024 yilning 1 sentabr kuni sodir bo‘lgan, vaziyatni jilovlash uchun ikki haftadan ortiq vaqt talab etilgandi. 17 sentabrda esa 2-avariya holati yuzaga keldi va qurbonlar qayd etildi.

Mavzuga oid