O‘zbekiston | 17:43 / 06.10.2024
14152
9 daqiqa o‘qiladi

«Yopa olsa yaxshi, yo‘qsa boshqa ssenariy ko‘riladi» - vazir Boysun konidagi vaziyat haqida

Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, hozirgi tuzilgan reja bo‘yicha konni jilovlash uchun kamida yana 2–3 kunlik tayyorgarlik ishlari qolgan, qo‘shimcha uskunalar olib kelingan, ularni o‘rnatish jarayoni ketmoqda. Agar bu ssenariy ish bermasa, yana boshqalariga o‘tiladi va bu 2–3 oy vaqt olishi mumkin.

Foto: Lolazor Podcast / YouTube

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 1 sentabr kuni Surxondaryoning Boysun tumanidagi M-25 konida vodorod sulfid yuqori bo‘lgan gaz chiqishi boshlangan hodisa hali bartaraf qilinmaganini ma’lum qildi. U bu haqda Lolazor podkastida aytib berdi.

Hozirda konda vaziyat qanday, nimalar qilinmoqda?

Vazir kon hali ham yopilmagani, hozir u yerda xorijlik mutaxassislar ishlayotganini ta’kidlagan. U O‘zbekistonda bunaqa yirik texnogen hodisalar 6 marta ro‘y bergani, ularni bartaraf etish 3 oydan 6 oygacha vaqt olishini qayd etdi.

«Chunki bosim yuqori, u yerdagi [M25 konidagi] texnogen [vaziyat] bo‘lgandan keyin o‘sha narsani sindirib yuborgan, yorvorgan. To uni yopguncha ham har xil usullari qilinadi. Birinchi, uning ustiga “zaglushka” qo‘yilib yopildi. Lekin tarkibida yuqori darajada vodorod sulfidi bo‘lgan gaz bo‘lgani uchun yemirib yuborgan yerlaridan qayta sizib chiqib ketdi. Hozir o‘sha yerini yopish bo‘yicha ishlar ketyapti. Parallel qolgan variantlar ko‘rilyapti.

Hozirgi tuzilgan reja bo‘yicha kamida 2-3 kunlik yana tayyorgarlik ishlari bor, chunki imitatsiya qilyapti, turli uskunalar olib kelindi, xavfsizlik [choralari] ko‘rildi. Amerikadan mutaxassislar keldi, Cudd Well Control dunyodagi birinchi raqamli avariya holatlarini bartaraf qiladigan kompaniya bor, Halliburton keldi, Schlumberger’ni chaqirdik, Ozarboyjonning Socar kompaniyasi brigadasi keldi.

Ular ham hamma ish rejasini ko‘rib, ko‘rilayotgan choralar to‘g‘ri ekanini tasdiqladi, qo‘shimcha uskunalar olib kelindi. Faqat texnologik taraf: bosim yuqori va u yerda faqat tegishli niqoblar bilan yarim soatdan ko‘p ishlab bo‘lmaydi. Chunki kislorod ballonlari yarim soatga yetadi, keyin brigadalar almashadigan tizim qilingan. Shu orqali hozir bartaraf etish choralari ko‘rilyapti.

Zararni kamaytirish maqsadida bir qism gaz chiqarib yoqib yuborildi. Hozir shu choralar ko‘rilyapti. 2-3 kundan keyin moslamani o‘rnatishadi, yopishga harakat qilib yopa olsa, yaxshi. Bo‘lmasa keyingi ssenariylarga ko‘ra qudug‘ini ochib, yonidan qo‘shimcha quduq burg‘ilab, shu orqali yopishga harakat qilinadi. Bu 2-3 oy vaqtni olishi mumkin», – dedi Mirzamahmudov.

Odamlarga qanday yordam qilindi?

Suhbat davomida iqtisodchi Otabek Bakirov jamoatchilikning asosiy e’tirozi tabiiy ofat bilan bog‘liq emasligi, ko‘plab noroziliklar axborot ta’minoti hamda Boysun aholisiga zarur bo‘lgan yordam ko‘rsatilmagani sabab yangraganini qayd etdi. Bunga javoban Jo‘rabek Mirzamahmudov real vaziyat boshqacha ekanini bildirgan.

«Birinchidan, biz 1 sentabr kuni kechasi yetib bordik, chunki [soat] 7:00 dagi samolyotda uchib, yetib borgunimizgacha butun tizim mobilizatsiya qilib bo‘lingandi. Davlat organlari, evakuatsion, tibbiyot brigadalari, texnika... Oldin qandaydir ofat yuz berganda bunday narsaga imkon bo‘lmagan.

 Tizim kuchaytirilgan, Kofrun degan qishloq yaqin va chuqur bo‘lgani uchun [odamlar] tezlik bilan evakuatsiya qilingan.“Samosvallarga yuklab odam tashidi”, bu – umuman bo‘lmagan narsa. Belgilanganidek, odamlar olib borilgan, sharoit qilingan, uch mahal issiq ovqat qilib berilgan. Borib o‘zimiz ham hamma sharoitini ko‘rdik. Tizim kuchaytirilib, datchiklar qilingan.

 Bir hafta o‘sha yerda, avariya bo‘lgan konning oldida, 200 metr masofada yurdik. Har kuni kelamiz, obektlarga boramiz. Ya’ni qolgan yerlarda datchiklar o‘rnatilgan – ham burg‘ilash kompaniyasi perimetri bo‘yicha konning atrofida, ham aholi punktlari bo‘yicha – hamma yerda», – dedi rasmiy vakil.

Mirzamahmudov vahima qilmaslik kerakligini, tarkibida zaharli vodorod sulfidi bor bo‘lgan gaz hidi «Muborak», «Sho‘rtan», «Gazli» konlaridan ham chiqib turishini ta’kidladi.

«Bu – bo‘lib turadigan, tabiiy [holat]. Faqat “PDK” bekorga chiqarilmagan, «Predelno dopustimaya konsentratsiya» (Maksimal ruxsat etilgan konsentratsiya), me’yor bor, shu me’yor doirasida. Ya’ni hamma yerda nega odamlar, brigadalar qo‘yildi, evakuatsion tizim tayyorlab qo‘yildi? Agarda normadan oshib ketilsa, odamlar evakuatsiya qilinadi deb. Har bir evakuatsiya qilingan yerga ichki ishlar, Milliy gvardiya odamlarini qo‘ydi. Aholining biror narsasi, hattoki ketganlarning hayvoniga ham qarab turildi. Ya’ni tizim ishladi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, vazir moddiy yordam masalasida ham gapirib o‘tdi. Uning ishora qilishicha, «Mustaqillikning 25 yilligi» koni operatori yoki burg‘ilovchi kompaniyasi zarar ko‘rganlarga moddiy yordam ko‘rsatgan. Ammo vazir uning qiymatini ochiqlamagan.

Nega Boysun axborotdan uzildi?

Suhbat davomida podkast hammualliflaridan biri Qobil Xidirov umumiy fonda kon bilan bog‘liq vaziyatda ikki xil kartina paydo bo‘layotgani, asosiy muammo axborot berilmaganida ekanini aytdi. Unga ko‘ra, birinchi o‘rinda odamlarni vahimadan asrovchi omil to‘g‘ri axborot berish bilan bog‘liq.

Jo‘rabek Mirzamahmudov bu borada funksiyalarga bo‘lib, kunlik soatbay tizim qilinib, avariyaning likvidatsiyasi bilan ishlaganini aytdi. Ta’kidlanishicha, bunda mahalliy hokimiyat odamlarni ogohlantirish, IIO, Milliy gvardiya, SSV tizimlari, SES xodimlari yurib, tushuntirish bilan shug‘ullangan.

 «Nimaga ma’lumot berilmadi? Chunki har xil variantlar, choralar ko‘rildi. Masalan, birinchi kuni biz o‘ylagandikki, “skvajyeno” (quduq)ning tepasida kesadigan maxsus moslamasi bor, shu ishlaydi deb. Chunki cho‘g‘ chiqmasligi uchun birinchi o‘rinda elektr energiyasi o‘chirilgandi. Boisi, biror narsa chiqsa, alanga bo‘lib ketadi, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida birinchi kuni faqat shuni ishlatishga vaqt ketdi.

Unga qo‘shimcha ravishda agregatlar olib kelindi, yetarli bosim qilib, ishlatildi. 2 kun shu narsa uchun harakat qildik. Ya’ni reja A, B – shu ssenariy bo‘yicha ketildi. Lekin tizim har kuni qanday bo‘lyapti, nima bo‘lyapti, aholining oziq-ovqati, ko‘chganlarning joyi nima bo‘lyapti – hammasi to‘liq [nazoratga olingandi], viloyat hokimi ham o‘sha yerda edi, tuman hokimligi – barcha ishladi», – dedi Mirzamahmudov.

Shuningdek, vazir kondagi avariya vaqtida Boysunda bo‘lgan vaqtida aholi orasida hech qanday muammo yuzaga kelmagani, qo‘rquv muhiti yaratilmaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, fuqarolarga ko‘chish uchun yetarlicha resurslar berilgan, ammo ayrimlari ko‘chishni istamagan.

Energetika vaziriga ko‘ra, takroriy avariyada 650 anomal atmosfera bosimi bilan kondan gaz otilib chiqqan, shuning oqibatida 4 nafar xodim vafot etgan.

Eslatib o‘tamiz, konda dastlabki ofat 1 sentabr kuni sodir bo‘lib, 15 sentabrda jilovlangandi. 17 sentabrda esa 2-avariya holati yuzaga keldi va qurbonlar qayd etildi. Bu haqdagi ma’lumot bir kun o‘tib AOKAda bo‘lib o‘tgan boshqa mavzudagi matbuot anjumanida berilgandi.

18 sentabrda o‘tgan brifingda energetika vaziri vafot etganlarning oilasi pudratchi tashkilot tomonidan otaliqqa olinishini xabar qilgandi.

Mavzuga oid