O‘zbekiston | 14:26 / 11.07.2022
50333
11 daqiqa o‘qiladi

Yerlarimiz shiddat bilan ishdan chiqyapti, chunki... tayinli egasi yo‘q

Agar yer singari ishlab chiqarish vositalari xususiy qo‘llarda bo‘lmasa, katta ehtimol bilan ular samarasiz ishlatiladi. Yerga xususiy egalik qilish huquqi nafaqat agrar davlatning rivoji uchun, balki butun boshli xalqning irsiy fondini saqlab qolish uchun ham kerak. Bu haqda Kun.uz kolumnisti Shahzod Yo‘ldoshboyev fikr yuritadi.

Oxirgi haftalarning shiddatli xabarlari oqimi orasida bir muhim xabar, nazarimda, jamoatchilik nazaridan chetda qoldi – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi taklif etilgan o‘zgarishlar qatorida uning 55-moddasini o‘zgartirish taklif etildi. Qanday taklif bu?

Hozirda O‘zbekistonda dehqon va fermerlar yerlarni xususiy mulkka olishi imkoniyati yo‘q. Taklif mazkur me’yorni Konstitutsiyada mustahkamlashni nazarda tutyapti.

Muhokamaga qo‘yilgan o‘zgartishlar ro‘yxati bo‘yicha yerlarni ikki turga: qishloq xo‘jaligi va noqishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lish taklif etilyapti. Shu bilan birga, xususiylashtirish imkoniyati faqat ikkinchi turdagi yerlar uchun ko‘zda tutilyapti, qishloq xo‘jaligi yerlari uchun esa – yo‘q, mazkur yerlarni davlat izmida qoldirib, dehqonlarga faqat ijara shartnomasiga asosan ma’lum muddatga berilishi taklif etilyapti.

Ikki tur yer?

“Bu ikki turdagi yerlar orasida nima farq bor?” deb savol bersangiz, ajablanmayman. To‘g‘ri, ekin ekiladigan va deylik, ko‘p qavatli uy quriladigan yer – ularni ajratishning nima keragi bor? Nega quruvchi-tadbirkorga yerni xususiylashtirish mumkin-u, dehqon-tadbirkorga mumkin emas?

Yuqori ehtimol bilan sizning bu savolingizga oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi ustidan davlat nazorati, narxlarni ushlab turish kerakligi haqida argumentlar keltiriladi.

Biroq, iqtisodiyot nazariyasi va rivojlanayotgan davlatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar eng yuqori samaraga erishish uchun va undanam muhimrog‘i – unumdor yerlardan ayrilib qolmaslik uchun barcha turdagi yerlarga mulkchilik huquqini kuchaytirish lozimligini tushuntiradi. Tabiiyki, qishloq xo‘jalik yerlariga ham.

Nazariya

Iqtisodiyot ilmi asosichischi Adam Smit barcha o‘z manfaati uchun harakat qiladigan sharoitda butun jamiyat maksimal foyda oladi deb hisoblagan. Masalan, novvoy tong soat 4 da turib non pishiradi. U buni siz uchun qayg‘urgani sababidan qilmaydi, u shunchaki biladi – ko‘pchilik odamlar ertalabki nonushtada issiq non yeyishni yaxshi ko‘radi, va daromadini oshirish uchun erta tongda turib ishini boshlaydi. Va aynan shu uchun u sifatli mahsulotlardan foydalanadi (xaridoridan ayrilib qolmaslik uchun) va noni narxini imkoni boricha pastlatadi (raqobatchilaridan ustun kelish uchun). Shunday qilib, madomiki novvoylar o‘z daromadi uchun jahd qilishayotgan ekan, jamiyat sifatli issiq nonlarni qimmat bo‘lmagan narxlarda olib yeyishi mumkin bo‘ladi.

Biroq, institutsionalistlar iqtisodiyot bu kabi samarali bo‘lishi uchun xususiy mulk daxlsizligi ta’minlanmog‘i ham kerakligini aytishgan.

Novvoy o‘z tandiri uchun xavotirda bo‘lsa, ya’ni istalgan vaqtda uning ishlab chiqarish vositasi olib qo‘yilishi mumkinligidan bezovta bo‘lib tursa, kelajak haqida uylamaydi va imkoni boricha qisqa muddatda ko‘proq foyda olishga urinadi. “Ertaga mening novvoyxonam bu yerda bo‘lmasligi mumkin, shu uchun sifatga e’tibor bermasdan iloji boricha ko‘proq foyda olvolishim kerak”, deb o‘ylaydi u va:

  • noniga sifatsiz mahsulotlardan qo‘shadi,
  • tandirini ayamay ishlatadi.

Ya’ni ertangi kunga ishonchsizlik nonpazni iqtisodiy foyda keltiruvchi sub’yektdan potensial zararkunandaga aylantiradi.

Bundan tashqari, mulk huquqi yetarlicha ta’minlanmagan holatda tadbirkorlar o‘z biznesiga imkoni boricha kamroq investitsiya kiritishadi. Chunki ular kiritgan investitsiyaning foydasini ertagayoq kimdir boshqa ko‘rishi mumkin. Ya’ni har bir ratsional tadbirkor bunday vaziyatda o‘z korxonasini rivojlantirishdan qo‘rqib turadi – “kimdir tortib olishi mumkin!”

Natijada tovar taklifi kamayadi, narxlar o‘sadi. Ishlab chiqarishni faqat “tanlanganlar” ko‘paytiradi –korrupsiya va boshqa shunga o‘xshash omillar sababli mulk daxlsizligiga bo‘ladigan tahdidlar ular uchun qo‘rqinchli emas. Albatta, aynan ushbu “botir”lar monopolistlarga aylanadi va butun bozor uchun o‘z qoidalarini o‘rnatadi.

Men keltirgan misolda novvoyni dehqonga, tandirni yerga almashtiradigan bo‘lsak, yerga bo‘lgan huquqlar mustahkamligi qanchalik muhim ekanini tushunamiz.

Boshqa tadbirkorlar singari dehqon va fermerlar ham yerga bo‘lgan huquqlari to‘liq bo‘lgandagina uzoq istiqbolni ko‘zlab yerga investitsiya kiritishadi, yerning holatini yaxshilashadi, ishlab chiqarishning texnologik modernizatsiyasi ustida ishlashadi.

Amalda

Institutsionalistlar oldinga surgan nazariya – xususiy mulk daxlsizligi faqat qog‘ozda bo‘lgan mamlakatlar uchun achinarli manzarani chizib beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘plab tadqiqotlar ularning gaplarini tasdiqlaydi.

Masalan, iqtisodchi-institutsionalist Svetozar Pejovich hatto o‘xshash miqdordagi tabiiy boyliklari, aholisi o‘sishi tempi va amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalariga qaramasdan, xususiy mulkni ko‘proq himoyalaydigan mamlakatlar ko‘proq iqtisodiy samaraga erishishini o‘z tadqiqotida isbotladi.

Qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan huquqlarga keladigan bo‘lsak, shakarqamish yetishtirish sohasi iqtisodiyotining katta qismi bo‘lgan Fiji davlatida o‘tkazilgan tadqiqot yerga egalik shaklining qay darajada dehqonlarning mahsuldorligiga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Yerni ijaraga olgan, ijara muddati tugashi bilan yerni topshirishini bilib shakarqamish ekkan dehqonlar yerga to‘liq huquqlari bo‘lgan dehqonlarga nisbatan gektariga 11 tonnadan kam mahsulot yetishtirishgan. Keyingi fasl oldidan ham ijarachi dehqonlar chorak gektar kamroq shakarqamish ekkanlar.

Demak, dehqonning yerga bo‘lgan huquqi to‘liq bo‘lmagani uchungina Fiji iqtisodiyoti shakarqamish taklifining katta qismidan mosuvo bo‘ldi.

Balki gap yerga bo‘lgan huquqlarda emas, anavi Fiji dehqonlari avvaldan mahsuldor bo‘lgan, deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo Nigerda o‘tkazilgan tadqiqot dehqonlar ham o‘zining, ham ijaraga olingan yerlarida ishlaganda o‘z yeriga ko‘proq resurs sarflashi, jumladan o‘g‘it va mehnatni ko‘proq sarflashi ma’lum bo‘lgan. Boshqacha qilib aytganda, dehqonlar aynan o‘sha odamlar bo‘lganda ham huquqiy maqom mahsuldorlik uchun ulkan ahamiyat kasb etar ekan.

Bizning dehqonlar bilan gaplashib, qishloq xo‘jaligimizda bo‘layotgan ishlarni kuzatib ham shu xulosaga kelish mumkin. Yerni ijara shartnomasiga asosan ishlatayotganlar uni o‘ziniki deb bilishmaydi, g‘amini yeyishmaydi, asrashmaydi, qisqa muddatda katta foyda olish maqsadida yerni “siqib, suvini ichishadi” – haddan tashqari ko‘p kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlar ishlatishadi.

G‘isht zavodlariga mahsuldor tuproqni sotib yuborish, tomchilab sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish uchun berilgan subsidiyalarni “yeb yuborish” va boshqa holatlar aynan shundan. Iqtisodiyotga doir ishlarda insofga suyanilmaydi.

Bunda eng qo‘rqinchlisi – yerlarga ishlatilayotgan kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlarning odam sog‘ligi, irsiy salomatligimiz uchun xavfli miqdori. Yerni ijaraga olib ishlatayotgan dehqonlar uchun uzoq kelajak, yerning uzoq istiqbolli mahsuldorligi muhim emas. Aynan shu biz ko‘rayotgan mas’uliyatsizlikni keltirib chiqaradi.

Uzoq istiqbolda bu holat bizni falokatga yetaklayapti...

Holatni tuzatish uchun esa yerlarni xususiylashtirish orqali stimullarni to‘g‘irlash lozim.

SSSRdan me’ros

Bundan tashqari, biz fermerning yerlarga investitsiya kiritmasdan shunchaki ushlab turishini, yerni ko‘zbo‘yamachilikka ishlatib turganini yoki shunchaki dehqonlarga ijaraga berib, daromad topishini kuzatamiz. Zotan ijaraga olingan yerni u qonunan sotolmaydi, davlatga qaytarib bersa esa, evaziga hech narsa olmaydi.

Alal-oqibat yerlarimizning katta qismi hozirda nomunosib istifoda etilmoqda. Bu esa yaqin kelajakda mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini savol ostiga qo‘yyapti. Yer xususiy mulk bo‘lsa, bir muddatdan keyin o‘zining haqiqiy – yerga investitsiya kiritadigan va g‘amini yeydigan egasini topadi.

Ko‘p yillik sotsializm tarixi va davlatning iqtisodiyotdagi gegemoniyasini sabab, xususiylashtirish masalasi xalqimiz uchun hanuzgacha nozik mavzu bo‘lib keldi. Ko‘pchilik odamlarimizning fikricha, xususiylashtirish kamsonli odamlarning yerlarni monopollashtirishiga olib keladi. Biroq mazkur xavfsirash asossiz ekanini boshqa, yer oldi-sotdisi yo‘lga qo‘yilgan davlatlar tajribasi ko‘rsatib turibdi.

Misol keltiray. O‘zbekistonda mavjud turar joylar – uylar soni qishloq xo‘jaligi yerlari gektarlari sonidan ancha kam. Uylar oldi-sotdisi mavjudligiga qaramasdan, uylarni hech kim monopollashtirib olgani yo‘q. Davlat uylarning egaligini o‘ziga olvolib, bizga muddatli ijaraga berishiga ehtiyojimiz yo‘q – uylarni oldi-sotdi qilib erkin bozor qulayliklaridan foydalanib yuribmiz. Barcha sohalarda muvafaqiyatli ishlab turgan bozor mexanizmlari aynan yer masalasida pand berishiga ishonib bo‘lmaydi. Yer uchastkalarini sotish bo‘yicha auksionlar shaffof bo‘lsa bas.

Xulosa

“O‘yin qoidalari” tadbirkorni faqat qisqa muddatli foydani ko‘zlashga majbur qilishidan butun jamiyat zarar ko‘radi.

Dehqonlar ham qishloq xo‘jaligi yerlariga bo‘lgan huquqlari to‘liq ta’minlangan holdagina kelajak uchun investitsiya kiritashadi. Dehqonlar o‘z yerlari holati haqida qayg‘urishlarini – yerlar ishdan chiqishidan qo‘rqishlarini, ishlab-chiqarishlarini kengaytirishlarini, bu bilan narxlar barqarorligi ta’minlanishini istasak, xususiylashtirish tajribasini qishloq xo‘jaligi yerlariga ham tatbiq etmoq kerak.

Bu nafaqat mahsuldorlik oshishiga, balki kimyoviy o‘g‘itlar va pestitsidlarning ratsional qo‘llanilishiga, bu esa iqtisodiy rivojlanish va irsiy fondimiz sog‘ligiga ijobiy ta’sir etadi.

Shubha yo‘qki, yerlarni xususiylashtirish jarayonini tashkillashtirish va amalga oshirish yengil jarayonlardan emas. Ammo qiyin deb O‘zbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasiga o‘zgartish kiritib – davlatning yerlarga bo‘lgan sharsiz egaligi huquqini mustahkamlab, mazkur iqtisodiy islohot kelajagiga nuqta qo‘masligimiz kerak!

Shahzod Yo‘ldoshboyev,
Georgetown universiteti talabasi, AQSh

Kun.uz kolumnistlarni hamkorlikka chorlab qoladi. Dolzarb mavzulardagi mualliflik maqolalarini @Muhammadshakur Telegram-manziliga yuborishingiz mumkin.

Mavzuga oid