Ammo bu yerda gap shunchaki eski mahsulotni iste’mol qilib qo‘yishda emas. Gap dehqonlar tomonidan mahsulotni yetishtirish davomida unga selitra yoki zaharli preparatlarning haddan tashqari ko‘p solinayotganida.
Bugun bozorda biror poliz mahsuloti yo‘qki, u mineral o‘g‘it va preparatlarga to‘yinmagan bo‘lsa. Soha juda xavfli darajada nazoratsiz ishlamoqda.
Baxtiyor Abdug‘ofur – FA Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti katta ilmiy xodimi, biologiya fanlari nomzodi.
U mamlakat qishloq xo‘jaligida haddan tashqari ko‘p qo‘llanayotgan kimyoviy vositalar xavfli kasalliklar ko‘rsatkichini oshirayotgani va milliy genofonddan xavotirda.
«Bu birinchidan, biologik xavfsizlik masalasi. Bu millatning genofondi masalasi.
Men tarvuz olib yegim keladi. Ha, farzandlarim so‘ragani uchun ularga olib beraman. Lekin har safar qo‘limga tarvuzni ushlarkanman, bombani tutgandek bo‘laman. Chunki tarvuz, qovun, piyoz, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining qanday yetishtirilishini yaxshi bilaman. Oddiy issiqxonalardagi pomidor, bodringni qanday yetishtirishlarini bilaman. Odamda saraton kasalligini rivojlantiradigan dorilarni qo‘llab mahsulot yetishtirishlarini bilaman.
Istalgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini oling, hammasining zahari bor. Biz yeyayotgan narsalarning hammasi sekin ta’sir etuvchi bomba», – deydi olim.

Bugun dunyoning rivojlangan davlatlarida biologik toza mahsulotlar yetishtirishga o‘tilayotgan bir paytda O‘zbekiston dehqonchiligi hamon kimyoviy o‘g‘itlarga suyanganicha qolmoqda.
Dehqonlar ko‘proq mineral o‘g‘it bersam mahsulotning o‘sishi tezlashadi, tezroq hosil olaman, deb o‘ylaydi.
Bu holatni Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh toksikologi Abduhakim Sarimsoqov shunday izohlaydi:
«Bugun dehqon o‘zining mahsulotiga nimani, qachon va necha dozada qo‘shayotganini bilmaydi. Chunki u dehqon-da. Ilgari «rayselxozximiya» nomli tashkilot bo‘lardi. Ular o‘simliklarga ishlov berardi va bu ishlovlar ro‘yxatdan o‘tkazilardi. Bugun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga berilayotgan ishlovlarning hech biri ro‘yxatdan o‘tmagan.









