Iqtisodiyot | 12:52 / 12.08.2023
35394
9 daqiqa o‘qiladi

Dollarning mustahkamlanishi, foyda va zarardagi kompaniyalar - iqtisodiy taymlayn

Yakunlanayotgan haftada dollar kursi 12 ming so‘mdan oshdi. Oltin-valuta zaxiralari esa ketma-ket 4-oy kamaydi. Ayni paytda budjet taqchilligi 6 foizdan oshgan. Eng ko‘p foyda va zarar ko‘rgan davlat kompaniyalari ma’lum qilindi. “Yandeks” taksi atrofidagi xavotirlar: Rossiya FSB xorijdagi mijozlarni kuzatishni boshlaydimi? Haftaning eng muhim iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.

Devalvatsiya

10 avgust kuni banklarda dollar kursi 12 ming so‘mdan oshdi. AQSh valutasi bir kunda 400 so‘mdan ortiqroq qimmatlab, sotuv kursi 12135 so‘mgacha yetdi. Sotuv va xarid kurslari o‘rtasidagi farq noodatiy darajada kengayib, o‘rtacha 115 so‘mni tashkil etdi. Umuman, so‘m bir kun ichida dollarga nisbatan 3,5 foizga qadrsizlandi. Bu – o‘tgan 2022 yil davomidagi bir yillik devalvatsiya darajasiga teng. 2023 yil boshidan buyon esa so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi 7,4 foizni tashkil etyapti.

Markaziy bankka ko‘ra, bu holat O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlarning milliy valutalari sezilarli qadrsizlangani bilan bog‘liq. Gap asosan rubl, lira va yuan haqida ketyapti. Bu holat O‘zbekistonga valuta kirib kelishiga va ichki valuta bozoridagi taklif hajmiga salbiy ta’sir qilgan. Shu sabab rasmiylar devalvatsiyani “fundamental omillar ta’siridagi to‘g‘rilanish” deb atadi. Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev buni quyidagicha tushuntirdi:

“Yil boshidan beri Rossiya rubli 35-38 foizga, Turkiya lirasi qariyb 40 foizga, hatto Xitoy yuani qariyb 4-4,5 foizga (o‘tgan yilning shu davriga solishtirsa 7,5 foiz) o‘z qadrini yo‘qotdi. Boshqa davlatlar bilan savdo qilganda, bizning kursimiz orqada qoladigan bo‘lsa, savdoda ma’lum bir ustunliklarimizni yo‘qotamiz: biz eksport qilayotgan mahsulotlarimiz u bozorlarda qimmatlashadi, ya’ni narx raqobatida yutqazadi. Asosiy savdo hamkorlarimizda devalvatsiya bo‘layotganida, bizda kurs o‘zgarmay turishi ma’lum bir nomutanosibliklarni keltirib chiqaradi. Bunaqa narsadan judayam ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki hozir nomutanosiblik valuta kursida ko‘rinayotgan bo‘lsa, ertaga boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir qilishi mumkin”.

Regulyator real samarali almashuv kursi yil oxirigacha va o‘rta istiqbolda nisbatan barqaror bo‘lishi, so‘mning 2023 yildagi devalvatsiyasi 8,5–9,5 foizga teng bo‘lishini taxmin qilyapti. Behzod Hamroyev dollar kursidagi 10 avgust kungi ko‘tarilish ichki bozordagi narxlarga katta ta’sir qilmasligini aytdi. Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank boshqaruvining 27 iyuldagi yig‘ilishida ham yil yakuni bo‘yicha inflatsiya prognozi 8,5–9,5 foiz koridorida o‘zgarishsiz saqlab qolingan edi.

Oltin-valuta zaxiralari yana kamaydi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket to‘rtinchi oy kamaydi. Rasmiy zaxiralar iyul oyi davomida 72 mln dollarga kamayib, 33,6 mlrd dollarga tushgan. Bu – yil boshidan buyon qayd etilgan minimum ko‘rsatkichdir. 1 avgust holatiga Markaziy bank zaxirasida 11,8 mln troya unsiya oltin va 9,5 mlrd dollar ekvivalentidagi xorijiy valutalar bor. Valutadagi aktivlarning hajmi rekord darajada pasaygan.

Aprel, may va iyunda ham oltin-valuta zaxiralari kamayish trendini ko‘rsatgan edi. Shunday qilib, 4 oyda zaxiralar jami 1,8 mlrd dollarga kamaydi.

Iyul oyi oxirida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov jurnalistlarning oltin-valuta zaxiralari ketma-ket kamayayotganiga oid savoliga javob berarkan, bu import hajmining oshishi va oltin narxining tushishi bilan bog‘liqligini aytgandi. Regulyator rahbari importning oshishida xorijdan tabiiy gaz xaridi alohida o‘rin tutganini ma’lum qilgan.

Budjet defitsiti qay darajada ekani oydinlashdi

Birinchi yarim yillikda davlat budjetining taqchilligi 29 trln so‘mdan oshib ketgan. Bu holat iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning parlamentdagi nutqidan ma’lum bo‘ldi. Qo‘chqorovning aytishicha, budjet daromadlari qariyb 100 trln so‘mni, xarajatlar esa 129 trln so‘mni tashkil etgan. O‘rtadagi farq qariyb 2,5 mlrd dollarni tashkil etadi. Taqchillik qaysi manbalar hisobidan qoplanayotgani ma’lum emas.

Olti oylik yalpi ichki mahsulot miqdori 469,9 trln so‘m bo‘lganidan kelib chiqilsa, davlat budjeti defitsiti 6,2 foizga yetgani ma’lum bo‘ladi. Ma’lumot uchun, 2023 yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda, yil yakuni bo‘yicha davlat budjeti 4,2 trln so‘m profitsit bilan chiqishi ko‘rsatilgandi.

Shu o‘rinda, Jamshid Qo‘chqorov aytgan raqamlar faqat davlat budjetiga taalluqli ekanini ta’kidlash kerak. Davlat maqsadli jamg‘armalari, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘larini ham o‘z ichiga oladigan konsolidatsiyalashgan budjet to‘g‘risidagi ma’lumotlar hozircha ochiqlanmadi. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi bu yil YaIMga nisbatan 3 foizdan oshmasligi belgilangan. Avvalroq bu limit 5 foizgacha oshirilishi kutilayotgani ma’lum bo‘lgandi.

Eng ko‘p foyda va zarar ko‘rgan davlat kompaniyalari

2022 yilda eng ko‘p moliyaviy foyda va zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi kompaniyalar e’lon qilindi.

O‘tgan yilni eng ko‘p foyda bilan yakunlagan davlat kompaniyalari ro‘yxatida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, Milliy bank, “Navoiyuran” va “Navoiyazot” yetakchilik qilyapti.

Eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniyalar uchligini esa energetika korxonalari – “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “UzGasTrade” va “O‘ztransgaz” boshqarmoqda. Bu zararlar ushbu kompaniyalar elektr energiyasi va tabiiy gazni o‘zlari sotib olgan narxdan arzonga sotishi bilan bog‘liq. Milliy elektr tarmoqlarining ma’lum qilishicha, kompaniya elektr energiyasini o‘rtacha 388 so‘mdan sotib olib, o‘rtacha 349 so‘mdan sotadi, ya’ni har bir kW•soatdan 39 so‘m zarar ko‘radi. O‘rtadagi farq davlat budjetidan qoplanadi.

O‘tgan yili katta moliyaviy zarar bilan chiqqan davlat kompaniyalari qatorida O‘zbekiston temiryo‘llari, Yangi Angren va Angren IESlar ham bor.

“Yandeks-taksi” atrofidagi xavotirlar

O‘zbekistonning yirik shaharlaridagi taksi bozorida katta o‘ringa ega “Yandeks-taksi” xizmati atrofida xavotirlar paydo bo‘ldi. “Meduza” nashrining yozishicha, Rossiya xavfsizlik xizmati “Yandeks” taksi xizmatining Rossiyadan tashqaridagi mijozlari ma’lumotlarini qo‘lga kiritishi mumkin. Bu holat – Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga alohida reyestrdagi taksi xizmatlarining bazalariga kirish vakolati berilishiga oid qonun qabul qilinishi bilan bog‘liq.

“Yandeks”ning taksi xizmati “Yandeks Go” va “Yango” nomlari ostida Rossiyadan tashqari Qozog‘iston, Gruziya, Armaniston, Belarus, Isroil, Norvegiya, Finlandiya kabi mamlakatlarda faoliyat yuritadi. O‘zbekistonga esa 2018 yilda kirib kelgan va o‘tgan davr mobaynida mamlakatning 10 ta shahriga yoyilgan.

Yuqoridagi xabar fonida Qozog‘istonda Yandex.kz domeni o‘chirib qo‘yildi. Qozog‘iston Raqamli taraqqiyot vazirligi Rossiya kompaniyasidan “huquq-tartibot organlar va maxsus xizmatlar bilan aloqalari” haqida tushuntirish berishni so‘ragan. Gruziya shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi xizmati “Yandeks Go” servisining foydalanuvchilar ma’lumotlarini qayta ishlash jarayoni qonunga muvofiqligini tekshirish uchun o‘rganish ishlarini boshladi. Finlandiya va Norvegiyaning vakolatlari organlari “Yandeks”dan foydalanuvchilarning ma’lumotlarini Rossiyaga uzatishni to‘xtatishni talab qildi.

Servisning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan Kun.uz'ga ma’lum qilinishicha, Rossiya huquq-tartibot idoralari foydalanuvchilarning O‘zbekistondagi safarlari haqidagi ma’lumotlarni “ola olmaydi”, chunki xizmat Rossiyadan tashqarida ko‘rsatiladi va bu holatda “Rossiya qonunchiligi O‘zbekistondagi xizmatga va uning foydalanuvchilariga nisbatan qo‘llanmaydi”.

Madina Ochilova tayyorladi
Operator – Asror Almurodov
Montajchi – Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid