Behzod Hamroyevga ko‘ra, rubl, lira va yuanning sezilarli qadrsizlangani so‘mning ham devalvatsiyasini tabiiy iqtisodiy zaruratga aylantirgan. Markaziy bank dollar kursining bir kunda 3,5 foizga oshishi ichki bozordagi narxlarga katta ta’sir o‘tkazmasligiga ishonmoqda.
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev bugun, 10 avgust kuni amalga oshirilgan so‘m devalvatsiyasi yuzasidan Kun.uz'ga qo‘shimcha izoh berdi.
Hamroyev regulyatorning bu borada e’lon qilgan press-relizida aytilganidek o‘ziga xos “to‘g‘rilanish bo‘lgani”ni ta’kidlab, bu O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari – Xitoy, Rossiya, Turkiya va Qozog‘istondagi devalvatsiya (milliy valutaning xorijiy valutaga nisbatan qadrsizlanishi) bilan bog‘liqligini aytdi.
“2020 yildagi pandemiyadan keyingi yillarda dunyoning eng katta markaziy banklari, xususan AQShning Federal rezerv tizimi inflatsiyaga qarshi stavkalarni ko‘tarib kelyapti. Dollar indeksi oshib boryapti va shunga mos ravishda (har bir davlatda o‘ziga xos boshqa sabablari ham bor, albatta) asosiy savdo hamkorlarimizning aksariyatida milliy valutalari qadrsizlandi. Yil boshidan beri Rossiya rubli 35-38 foizga, Turkiya lirasi qariyb 40 foizga, hatto Xitoy yuani qariyb 4-4,5 foizga (o‘tgan yilning shu davriga solishtirsa 7,5 foiz) o‘z qadrini yo‘qotdi.
Bu – tabiiy jarayon. Boshqa davlatlar bilan savdo qilganda, bizning kursimiz orqada qoladigan bo‘lsa, savdoda ma’lum bir ustunliklarimizni yo‘qotamiz: biz eksport qilayotgan mahsulotlarimiz u bozorlarda qimmatlashadi, ya’ni narx raqobatida yutqazadi. O‘z navbatida, import arzonroq bo‘ladi. Bular hammasi bir-biriga bog‘langan. Asosiy savdo hamkorlarimizda devalvatsiya bo‘layotganida, bizda o‘zgarmas bo‘lib turishi ma’lum bir nomutanosibliklarni keltirib chiqaradi. Bunaqa narsadan judayam ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki hozir nomutanosiblik valuta kursida ko‘rinayotgan bo‘lsa, ertaga boshqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir qilishi mumkin”, – dedi u.
MB rasmiysiga ko‘ra, 10 avgustdagi 3,5–4 foiz atrofidagi devalvatsiyani ham qo‘shganda, yil boshidan beri so‘m qariyb 7,4 foizga qadrsizlangan. Ayni paytda, regulyator 2023 yilda inflatsiya darajasi (tovarlar va xizmatlar narxlarining o‘sishi) 8,5–9,5 foiz bo‘lishini kutyapti.
“Buni og‘ir, vahimali qabul qilish kerak emas. Chunki iqtisodiyotni o‘zini o‘zi to‘g‘rilash jarayoni bo‘ladi. Xorijiy valutaga nisbatan talab va taklif muvozanatlashadi. Tan olish kerak, har doim kursning o‘zgarishi og‘riqli bo‘ladi. Bu xuddi kasal bo‘lganda achchiq dori ichish yoki og‘riqli muolaja olishga o‘xshaydi. Muolaja og‘riqli, lekin uni olmasangiz, kasallik gazak otib ketaveradi va ertaga bundan ham og‘ir davolanishga to‘g‘ri kelib qoladi. Shuning uchun ham hozirda 3,5–4 foiz, yil boshidan esa 7 foiz atrofida to‘g‘rilanish bo‘lgani – tabiiy jarayon va iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, – dedi Behzod Hamroyev.








