Jahon | 21:50 / 25.09.2023
20350
26 daqiqa o‘qiladi

Kavkazdagi 35 yillik mojaro. Arman-ozar ziddiyati qanday boshlangandi?

2020 yil kuzda Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida 44 kunlik urush bo‘lib o‘tdi va unda ozarlar g‘alaba qozondi. Shundan so‘ng imzolangan sulhga ko‘ra armanlar bundan 30 yil avval bosib olgan hududlarni bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Yaqinda Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy amaliyot o‘tkazdi. Shundan so‘ng bu yerdagi armanlar yon berishga majbur bo‘ldi. Hozirda ular qurollarni topshirmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ so‘nggi 30 yilda xalqaro siyosatda eng ko‘p tilga olingan atamalardan biri hisoblanadi. Ozarboyjonga tegishli bo‘lgan bu hudud 1990-yillar boshida armanlar tomonidan egallab olingan edi.

O‘shanda Qorabog‘da yashab kelgan ozarlarning asosiy qismi boshqa joylarga qochadi. Qochishga ulgurmaganlar o‘ldiriladi.

Armanlar ozarlarni uyidan quvish va o‘ldirish bilan cheklanmaydi. Qorabog‘da ozarlarga tegishli nima bo‘lsa barchasini mahv etishadi. Uylar yoqib yuboriladi, masjidlar cho‘chqaxonaga aylantiriladi.

Shu davr mobaynida Ozarboyjon ko‘p marta xalqaro minbardan turib hududini bosib olgan armanlarni chiqarishda yordam so‘radi. Biroq aksariyat xalqaro tashkilotlar armanlar foydasiga kar va gung bo‘lib olishdi.

Shu orada ikki qo‘shni davlat va millat shu darajada yovlashdiki, ular bir birini ko‘rsa g‘azab otiga minadigan, nomini eshitsa sochi tik bo‘ladigan holatga kelib qoldi.

2020 yil kuzgacha ikki davlatning bir-biriga munosabatini olov yaqinida qolayotgan poroxli bochkaga o‘xshatish mumkin edi. Axiyri olov yetib borib poroxli bochka portladi va urush boshlandi va u Ozarboyjonning g‘alabasi bilan tugadi.

Xaritada to‘q qizil rangda Tog‘li Qorabog‘, yo‘l-yo‘l rangda armanlar tomonidan bosib olingan Ozarboyjon hududi ko‘rsatilgan.

Tog‘li Qorabog‘ tarixi

Tog‘li Qorabog‘ning uzoq asrlik tarixi bor. Bu o‘lka o‘z vaqtida caljuqlar, keyinchalik turkmanlarning Oq quyunli, Qora quyunli urug‘lariga, undan so‘ng Temuriylar ixtiyoriga o‘tadi.

Amir Temur ham Qorabog‘da bo‘lgan va bu tog‘li o‘lkaning ob-havosi unga juda ma’qul kelgan. Shu sababli u 1399 yil qish faslini aynan Qorabog‘da o‘tkazadi.

Qorabog‘ keyinchalik Usmoniylar imperiyasi, undan so‘ng Erondagi Safaviylar davlati tarkibiga kiradi. 19-asr boshida Rossiya Janubiy Kavkazni egallaydi va Fors davlati bilan to‘qnashadi.

Forslar va ruslar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urushlardan so‘ng Qorabog‘ Ozarboyjon bilan birga Rossiya imperiyasi tarkibiga kiradi.

Aslida bu o‘lkaga tarixan kimlar egalik qilgani bugun unchalik muhim emas. O‘rta asrlarda dunyo ancha o‘zgarib ketdi va oqibatda kimlardir o‘z yeridan ayrildi, kimlardir yangi yerlarga ega bo‘ldi.

Til va e’tiqod boshqa bo‘lgani bilan XX asrning 90-yillarigacha Janubiy Kavkazda aralash yashagan arman va ozarlar o‘rtasida jiddiy dushmanlik bo‘lmagan. Ikki millat o‘rtasidagi qurolli mojarolar tarixi 1987 yilga borib taqaladi.

SSSR davrida Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjon tarkibilagi avtonom viloyat edi.

Mojaroning boshlanishi

1987 yilda armanlar Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjondan tortib olish haqida gapira boshlashadi. Ko‘p o‘tmay ular bu haqda SSSR rahbariyatiga murojatnoma ham yo‘llanadi.

O‘sha yili kuzga borib Yerevanda armanlar Tog‘li Qorabog‘ni Armaniston tarkibiga qaytarishni talab qilib namoyishga chiqadi. Armaniston davriy matbuotida Ozarboyjonni ayblab maqolalar e’lon qilinadi.

Shundan so‘ng Armanistonda yashaydigan ozarlar o‘z xavfsizligini o‘ylab, bu respublikadan ko‘chib keta boshlaydi. Ko‘chib ketishni xohlamaganlarni ham majburlab ko‘chirishadi.

1988 yilga o‘tib rasmiy Yerevanning undovi bilan Tog‘li Qorabog‘ avtonom hududi rahbarlari SSSR rahbariyatiga o‘zlarini Ozarboyjon SSR tarkibidan chiqarib Armaniston SSR tarkibiga o‘tkazishni so‘rab murojatnoma yo‘llaydi.

SSSR rahbariyati ularning murojatida so‘ralgan ishni maqsadga muvofiq emas deb rad etadi. Moskvaning Tog‘li Qorabog‘ haqidagi o‘sha qarori Ozarboyjonda katta g‘alaba sifatida qabul qilinadi va uni nishonlash uchun mitinglar o‘tkaziladi.

Qorabog‘ Armanistonniki ekanligini da’vo qilib namoyishga chiqqan armanlar. 1980-yillar oxiri.

O‘sha yili 22 fevralida mintaqada ilk armanlar va ozarlar o‘rtasida qonli to‘qnashuv bo‘lib o‘tadi va unda ikki nafar arman halok bo‘ladi. 27-29 fevralda Sumgaitda Armanistondan quvilgan ozarlar qasdi uchun endi ozarlar armanlarni quva boshlaydi.

SSSR prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Sumgaitda sodir bo‘lgan o‘sha taloto‘pda 26 nafar arman, 6 nafar ozar halok bo‘ladi. Ana shu hodisa arman-ozar mojarosida burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi va shundan so‘ng voqealar tezlashib ketadi.

1988 yil mart oyida SSSR prezidenti Mixail Gorbachyov Tog‘li Qorabog‘ning arman aholisiga yordam berish zarurligini ta’kidlab, kelajakda bu avtonom hudud chegaralari u yoki bu tomon foydasiga o‘zgarishi mumkinligini aytadi.

Keyinroq esa u Tog‘li Qorabag‘ Ozarboyjon hududi ekanini aytib chiqadi. O‘shanda uning bu ishini armanlarning g‘azabini qo‘zg‘atib yuboradi.

1988 yil yozda rasmiy Yerevan Tog‘li Qorabog‘ Armanistonga murojat qilib, ushbu mamlakat tarkibiga o‘tish istagini bildirgani haqida bayonot beradi. O‘z navbatida, Ozarboyjon SSR rahbariyati respublika hududi bo‘linmas ekanini aytib chiqadi.

Qorabog‘ uchun namoyishga chiqqan ozarlar. 1980-yillar oxiri.

1989 yil avgustiga kelib rasmiy Moskva Tog‘li Qorabog‘ to‘g‘ridan to‘g‘ri markazga bo‘ysunishini e’lon qiladi. Bu tartib o‘sha yil noyabrgacha amal qiladi.

1990 yil Ozarboyjonda «Ozarboyjon xalq fronti» harakati respublikani o‘z ta’sir doirasiga ola boshlaydi va Moskva bu respublikaga qo‘shimcha harbiylar jalb qilishga majbur bo‘ladi. Bokuda namoyishlar boshlanadi. Harbiylar namoyishchilarni ayovsiz tarzda tarqatadi.

O‘shanda harbiylar bilan to‘qnashuvda 130 nafar ozar halok bo‘ladi, ming nafarga yaqin odam jarohatlanadi. Rasmiy Moskvaning Bokuga qo‘shimcha harbiylarni kiritgani Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarni ilhomlantirib yuboradi va ular qurollanib, ozarlarga tegishli shahar va qishloqlarni egallay boshlaydi.

1991 yilda Ozarboyjon va Armaniston o‘zini mustaqil deb e’lon qiladi. Shundan so‘ng Tog‘li Qorabog‘da armanlarning mahalliy hukumati aholi o‘rtasida noqonuniy referendum o‘tkazadi va unda ko‘pchilik Ozarboyjon tarkibidan chiqish uchun ovoz beradi.

SSSR parchalanib ketgach, bir muddat Tog‘li Qorabog‘ni nazorat qilib turgan sovet armiyasi olib chiqib ketiladi mintaqada har ikki millat o‘rtasida qonli to‘qnashuvlar avj oladi. Ko‘p o‘tmay hududga Rossiya armiyasi qaytib keladi.

1992 yil fevralda qurollangan arman guruhlari Tog‘li Qorbog‘da joylashgan, asosan ozarlar yashaydigan Xo‘jali shahriga hujum qiladi va shaharning tinch aholisiga qirg‘in uyushtiradi.

Tog‘li Qorabog‘dan qochayotgan ozarlar.

«Xo‘jali fojiasi»

1992 yil 25 fevraldan 26 fevralga o‘tar kechasi Armaniston qurolli kuchlari Rossiyaning Xonkendidagi 366-motoo‘qchi polki yordamida Xo‘jali shahrida ommaviy qirg‘in uyushtiradi.

O‘shanda tinch aholi orasida 613 kishi halok bo‘ladi, 487 kishi jarohatlanadi, 1 275 kishi asir olinadi va keyinchalik ularning taqdiri noma’lumligicha qoladi.

Rossiya tomoni shu paytgacha bu qirg‘inda o‘z harbiylari ishtirok etganini tan olmaydi. Ammo 2000 yilda Armanistonning o‘sha paytdagi prezidenti Serj Sargsyan Xo‘jali qirg‘inida armanlarga Rossiya armiyasi ham yordam berganini aytgandi.

Qolaversa, keyinchalik bu qirg‘inda ishtirok etgan Rossiya armiyasining sobiq xizmatchilari ham Xo‘jali qatliomida ishtirok etganini tan olib chiqqan.

Xo‘jali qatliomini Islom hamkorligi tashkiloti, shuningdek, AQShning ko‘plab shtatlari, Gvatemala, Honduras, Paragvay, Meksika, Shotlandiya, Ruminiya kabi davlatlar ozar millatiga qarshi genotsid sifatida tan olgan.

O‘tgan yillar mobaynida bu qatliom guvohi bo‘lgan ozarboyjonliklar nufuzli xalqaro tashkilotlarga uni ozarlarga qarshi genotsid deb tan olishni so‘rab murojat qilib keladi. Ammo xalqaro tashkilotlar bu murojatlarni e’tiborsiz qoldirib kelyapti.

BMT Tog‘li Qorabog‘ masalasida mojaro boshlangan yillardayoq ketma-ket to‘rtta rezolyutsiya qabul qilgan. 1993 yil 30 aprel va 12 noyabr oralig‘ida qabul qilingan N822, N853, N874, N884-sonli rezolyutsiyalarda armanlar Ozarboyjonning hududiy yaxlitligini hurmat qilishi lozimligi yozilgandi.

O‘tgan yillar mobaynida Ozarboyjon mazkur muammo BMT tomonidan qabul qilingan o‘sha rezolyutsiyalar doirasida tinch yo‘l bilan hal qilinishini istab keldi. Biroq armanlar BMT rezolyutsiyalarini pisand qilmadi.

1994 yilgacha Armaniston Qorabog‘ bilan birga Ozarboyjonning bir qancha tumanlarini ham bosib olgandi.

Ozarboyjonning g‘alabasi

Keyinchalik bu mintaqada Armaniston va Ozarboyjon harbiylari o‘rtasida ko‘p marta katta-kichik to‘qnashuvlar yuzaga keldi. Har ikki tarafdan harbiylar halok bo‘ldi, jarohatlandi. Biroq muammo yechim topmadi.

O‘tgan davr mobaynida Tog‘li Qorabog‘ni egallab olgan armanlarning ortida Armaniston turgani sir emas. Chunki u yerdagi armanlar oziq-ovqat, qurol-yaroq kabi barcha narsani Armanistondan oldi.

Xalqaro qonun-qoidalarga ko‘ra, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni o‘z safiga qo‘shib ololmasdi. Aks holda bu davlat xalqaro hamjamiyatning sanksiyalari ostida qolib ketardi. Shu sababli Armaniston Tog‘li Qorabog‘ni 30 yil davomida norasmiy boshqarib keldi.

Ozarboyjon tomoni Tog‘li Qorabog‘ masalasida 30 yil sabr qildi. Vaziyat bo‘lishini kutdi. Armanlardan farqli ravishda armiyani modernizatsiya qildi. Yangi harbiy texnikalar oldi. Qisqasi Tog‘li Qorabog‘ni qaytarib olish uchun fursat kutdi. 2020 yilning ikkinchi yarmida ana shu fursat keldi.

2020 yil yozda boshlangan kichik to‘qnashuvlar sentabrning oxirida urushga aylanib ketdi. 27 sentabr kuni Armaniston harbiylarining provokatsiyasi ortidan Ozarboyjon armiyasi Qorabog‘ bo‘ylab hujum boshladi.

Urush 44 kun davom etdi va unda Ozarboyjon armiyasi har kun Qorabog‘ning ma’lum qismini egallab bordi. Noyabr boshlariga borib ozarlar armiyasi front chizig‘i bo‘ylab ancha ilgariladi va Tog‘li Qorabog‘ning ma’muriy markazi Xonkendi shahri yaqinidagi Shusha shahri ostonasiga yetib bordi.

Bir necha kunlik qaqshatqich janglardan so‘ng 2020 yil 8 noyabr kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Shusha shahri olinganini e’lon qildi. Ozarlarning Xonkendiga yetishiga bir necha kilometr masofa qoldi.

1990-yillar boshida ozarlar Shusha shahridan chiqib ketganidan so‘ng armanlar uni vayronaga aylantirgandi.

Ana shu joyda 10 noyabr kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan oq bayroqni ko‘tardi va urushda yengilganini tan oldi. U o‘zining Facebookʼdagi sahifasida balandparvoz gaplar bilan yo‘g‘rilgan post qoldirdi.

Postda Pashinyan Rossiya va Ozarboyjon prezidentlari bilan Qorabog‘ urushini to‘xtatish haqida bayonotni imzolaganini, biroq bu mag‘lubiyat emasligini yozgandi.

Pashinyan «Bu mag‘lubiyat emas» deb saylovchilari oldida o‘zini qanchalik oqlamasin, urushni to‘xtatish haqidagi bayonot Armaniston uchun mag‘lubiyat edi.

O‘sha kuni OAVda Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari tomonidan imzolangan bitimning 9 ta bandi e’lon qilindi.

Uning birinchi bandida 10 noyabr kuni tundan boshlab Tog‘li Qorabog‘ hududida barcha jangovar harakatlar to‘xtatilishi va to‘liq sulh bo‘lishi yozilgandi.

Ikkinchi va oltinchi bandlarda Armaniston tomonidan egallab olingan Ozarboyjonning Kelbajar, Ag‘dam, Gazax hamda Lochin tumanlari, tegishlicha, 2020 yil 15 noyabr, 20 noyabr va 1 dekabrgacha Ozarboyjonga qaytarilishi kerakligi aytilgan.

Sulh imzolangandan so‘ng Armaniston bir paytlar bosib olingan Ozarboyjon yerlarini bo‘shatib berdi

Armaniston Tog‘li Qorabog‘ bilan aloqani ta’minlaydigan 5 kilometr kenglikdagi Lochin yo‘lagini oladi. Lekin yo‘lakni Rossiyalik harbiylar nazorat qilishadi. Shuningdek, bitimda ushbu yo‘lak «Shusha shahriga ta’sir qilmaydi» deb ta’kidlangan.

Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi bandlar – Rossiyaning 1960 nafar harbiy xizmatchisi, 90ta zirhli transportyori, 380ta avtomobil va maxsus texnikani o‘zaro aloqa liniyasi bo‘ylab kiritishi to‘g‘risida edi.

Yettinchi band qochqinlarga taalluqli – ular Tog‘li Qorabog‘ hududiga va unga qo‘shni hududlarga BMTning Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi nazorati ostida qaytib keladi. Sakkizinchi bandda «harbiy asirlar, hibsga olingan boshqa shaxslar va halok bo‘lganlar jasadlari almashinuvi» belgilangan.

To‘qqizinchi bandda «mintaqadagi barcha iqtisodiy va transport aloqalari» yo‘lga qo‘yilishi kerak. Armaniston Ozarboyjon va Naxichevan anklavi o‘rtasida transport aloqalarini ta’minlash majburiyatini oladi. Transport qatnovi ustidan nazoratni Rossiya chegarachilari amalga oshirishi belgilanadi.

Bundan tashqari, tomonlarning kelishuviga binoan, Naxichevanni Ozarboyjon g‘arbiy mintaqalari bilan bog‘laydigan yangi transport kommunikatsiyalari qurilishi ta’minlanadi.

Shu tariqa, Yerevan Ozarboyjonga bir nechta tumanlarni va Tog‘li Qorabog‘ning bir qismi, shu jumladan uning madaniy poytaxti Shusha shahrini berishga rozi bo‘ldi.

Bitim bandlari oshkor bo‘lgach Yerevanda Pashinyanga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi va u bir necha kun davom etdi. Keyinchalik Pashinyan iste’fo beradi va 2021 yil 20 iyunda o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozonib, «taxt»ni asrab qoladi.

Ozarboyjon esa g‘alabani juda katta tantanalar bilan nishonladi va unda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham ishtirok etdi.

Erdog‘an Ilhom Aliyev bilan Shusha shahrida

Urush tugagandan so‘ng davom etayotgan mojarolar

Yaqinda Ikkinchi Qorabog‘ urushining tugaganiga 3 yil to‘ladi. Bu davrda Armaniston bosib olingan Ozarboyjon yerlarini bo‘shatib berdi. Lekin mojaro hanuz davom etmoqda.

Armaniston Ozarboyjon hududlarini egallab olgan paytda o‘rtadagi chegara to‘siqlari buzilib ketgandi. Ikki davlat o‘rtasida chegara demarkatsiya qilinmagani uchun urushdan so‘ng shu masalada kelishmovchiliklar chiqa boshladi. Onda-sonda otishmalar sodir bo‘lyapti va ikki tomondan qurbonlar berilyapti.

Bundan tashqari yana bir muammo Lochin koridori tufayli kelib chiqmoqda. Rossiyalik harbiylarning qariyb ikki yillik nazoratidan so‘ng 2022 yil 26 avgust kuni Lochin yo‘lagini nazorat qilish Ozarboyjonga o‘tdi.

Shundan so‘ng bu yerdan o‘tayotgan har mashina diqqat bilan tekshirila boshlandi. Ayrim hollarda ozarlar Lochin yo‘lagini yopib qo‘ymoqda. Bu Tog‘li Qorabog‘da yashayotgan armanlarga va Armaniston mas’ullariga yoqmayapti. Ular bu masalada yordam so‘rab xalqaro tashkilotlarga murojaat qilmoqda.

Biroq Ozarboyjon tomoni Armanistondan insonparvarlik yordami niqobi ostida kontrabanda tovarlari va o‘q-dorilar o‘tayotgan bo‘lishi mumkinligini aytib, o‘z pozitsiyasida qat’iy turibdi.

Hozir Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ rahbariyati Ozarboyjon bu o‘lkaga qandaydir ko‘rinishida bo‘lsa ham muxtoriyat berilishi kerakligini ta’kidlamoqda.

2020 yil imzolangan sulhdan keyin ham chegara hududlarda ozarlar va armanlar o‘rtasida qurolli mojarolar sodir bo‘lib turdi.

Rasmiy Boku esa Tog‘li Qorabog‘da yashayotgan armanlar Ozarboyjon fuqarolari ekanini va ular boshqa fuqarolar foydalanayotgan qonuniy huquqlardan foydalanishlari mumkinligini, biroq o‘lkaga hech qanday muxtoriyat berilmasligini aytib kelmoqda.

2020 yil kuzda urush Armaniston mag‘lubiyati bilan tugagandan so‘ng Armaniston uchun eng ko‘p «qayg‘urgan» davlat Fransiya bo‘lyapti.

Bu davlat Lochin yo‘lagi ozarlar nazoratiga o‘tgandan keyin ham bir necha marta keskin chiqishlar qildi. Qandaydir qarorlar qabul qilindi. Ozarboyjon Fransiyaning bunday ishlarini qoralab kelmoqda.

Joriy yil sentabrda Tog‘li Qorabog‘dagi armanlar yana bir fitnani boshladi. 2023 yil 9 sentabr kuni bu yerda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi va bu ish Ozarboyjon hamda Armaniston o‘rtasida keskinlikni keltirib chiqardi.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi parlamenti prezident sifatida Samvel Shahramyan nomzodini ko‘rsatdi. Yopiq ovoz berishda Shahramyan 22 nafar (!) deputatning ovozi bilan «g‘olib bo‘ldi».

Bu saylovni nafaqat Ozarboyjon, balki dunyoning ko‘plab davlatlari va xalqaro tashkilotlari qoralab chiqdi. Xususan, Yevropa Ittifoqi, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar va Ukraina prezidentlik saylovini va saylangan nomzodni tan olmasligini e’lon qildi. Jumladan, O‘zbekiston ham bu saylovni tan olmasligini bildirdi.

Tog‘li Qorabog‘da o‘tkazilgan prezidentlik saydovida g‘alaba qozongan Samvel Shahramyan. Shu saylovdan so‘ng Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘da maxsus amaliyot o‘tkazdi.

Zangezur masalasi

2020 yil 10 noyabr kuni Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari ishtirokida imzolangan tinchlik bitimining to‘qqizinchi bandida «mintaqadagi barcha iqtisodiy va transport aloqalari» yo‘lga qo‘yilishi, Armaniston Ozarboyjon va Naxichevan anklavi o‘rtasida transport aloqalarini ta’minlash majburiyatini olishi aytilgandi.

Bundan tashqari, tomonlarning kelishuviga binoan, Naxichevanni Ozarboyjon g‘arbiy mintaqalari bilan bog‘laydigan yangi transport kommunikatsiyalari qurilishi ta’minlanishi qayd etilgan edi.

Ozarboyjon ana shu bitimga ko‘ra Zangezur orqali Naxichevanga avtomobil va temiryo‘llarini tortishni rejalashtiryapti. Armanlar bunga qarshi chiqib, turli bahonalar bilan tinchlik bitimining ana shu bandini bajarishni ortga surib kelmoqda.

Bu kelishuvdan 2 oy o‘tib, Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya rahbarlari bitimning 9-bandini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh tashkil etish haqida qo‘shma bayonot imzolaydi.

Shunda Ilhom Aliyev bu bayonot amalda «o‘tgan yilgi voqealar ostidan chiziq tortishi», Ozarboyjonga 30 yil ichida ilk marta Naxchivan bilan aloqani (yerusti yo‘nalishida) tiklashiga imkon berishini aytgandi. Aliyevga ko‘ra, buning evaziga Armaniston Ozarboyjon temiryo‘llari orqali Rossiya va Eronga chiqadi.

2021 yil fevralda Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ yaqinida, 2020 yil kuzida qaytarib olgan hududlarida Goradiz–Agbend temiryo‘li qurilishini boshladi. 100 kilometrlik magistral Ozarboyjonning asosiy qismi va Naxchivan muxtor o‘lkasini to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l aloqasi bilan bog‘lashi ma’lum qilindi.

Armaniston orqali o‘tadigan Zangezur yo‘lagi Ozarboyjon va uning Naxichevon viloyatini o‘zaro bog‘lashi kerak.

«Zangezur koridorining tashkil etilishi bizning milliy, tarixiy va kelajak manfaatlarimizga to‘la mos keladi. Armaniston istaydimi-yo‘qmi, biz Zangezur koridorini ro‘yobga chiqaramiz. Agar xohlasa, osonroq hal qilamiz, xohlamasa – kuch bilan. Urushdan oldin ham, undan keyin ham men ular o‘z ixtiyori bilan bizning yerlarimizdan ketishi kerakligini, yo‘qsa ularni kuch bilan chiqarishimizni aytganman. Shunday ham bo‘ldi. Zangezur koridorining taqdiri ham ana shunday bo‘ladi», – degandi Ilhom Aliyev 2021 yil aprelida.

«Armaniston buni xohlaydimi-yo‘qmi, Zangezur koridori albatta ochiladi», – deya yana bir bor va’da bergan Aliyev 2023 yil kirib kelishidagi yangi yil tabrigida.

Yerevan bu loyihaga qarshiligini bildirib keladi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga ko‘ra, otashkesim haqidagi uch tomonlama bitimda «na Zangezur, na koridor so‘zi tilga olingan». «Kelishuv faqat mintaqaviy kommunikatsiyalarni blokdan yechishga taalluqli», degan u.

Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston «koridor logikasi»ni «muhokama qilmagan, muhokama qilmaydi ham». Uning aytishicha, «transport yo‘llarining ochilishi birinchi navbatdagi vazifa, chunki bu kelishuv doirasida Armaniston Eron va Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l aloqasiga ega bo‘ladi».

Zangezur yo‘lagi ochilishidan Turkiya va boshqa turkiy davlatlar ham manfaatdor. Agar bu yo‘lak ochilsa Markaziy Osiyo davlatlari Ozarboyjon orqali Turkiyaga osonroq yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Armaniston Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan Armanistonning suveren hududida boshqa bir suveren davlatning koridori bo‘lishi mumkin emas, deb bayonot bergan. U ham Ozarboyjon tomoni bilan hech bir kelishuvda bu masala ko‘zda tutilmaganini qayd etgan.

Bugun ko‘plab ekspertlar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolanishi muammoning yechimi bo‘lishi haqida gapirishmoqda. Bu kelishuvda har ikki davlatning bir biriga hudud da’vosi yo‘qligi asosiy band bo‘ladi.

Avvalroq tomonlar kelishuv 2023 yil 5 oktyabr kuni imzolanishi mumkinligini aytgan edi. Biroq Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bitim 5 oktyabrda emas, yil oxirigacha yoki 2024 yilning boshida imzolanishiga umid qilayotganini bildirdi.

Pashiyanga ko‘ra Tog‘li Qorabog‘da chuqurlashib borayotgan humanitar inqiroz va Lochin yo‘lagining blokadasi tinchlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ko‘pchilik ekspertlar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolansa, Tog‘li Qorabog‘dagi armanlar ozarlar qo‘yayotgan shartlar asosida Ozarboyjon jamiyatiga integratsiya bo‘lishdan boshqa chorasi qolmaydi deyishmoqda. Bu esa mintaqaga uzoq kutilgan tinchlikni olib kelishi mumkin. Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

Ushbu maqola yozilayotgan paytda 2023 yil 19 sentabr kuni Ozarboyjon Qorabog‘da mahalliy aksilterror tadbirlarini boshladi va u yerdagi harbiy obektlarni o‘qqa tutdi.

Qariyb bir sutka davom etgan o‘qqa tutishlardan so‘ng Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘dagi Armaniston qurolli kuchlarining o‘nlab pozitsiyalarini egallab olganini e’lon qildi.

20 sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rasmiylari mahalliy vaqt bilan soat 13:00 dan o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilishdi.

Kelishuv doirasida, Tog‘li Qorabog‘da qolgan arman harbiylari mintaqadagi «Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan zonadan» olib chiqiladi, tan olinmagan respublikaning qurolli bo‘linmalari tarqatib yuboriladi va og‘ir texnikalar olib ketiladi.

Shundan so‘ng Tog‘li Qorabog‘da yashovchi armanlar rossiyalik harbiylar yordamida u yerdan chiqib keta boshlashdi.

21 sentabr kuni Yevlax shahrida Tog‘li Qorabog‘ning arman aholisi vakillari va Ozarboyjon hukumati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

2023 yil 21 sentabr kuni Tog‘li Qorabog‘dagi armanlar va Ozarboyjon vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda Ozarboyjon tomoni armanlar delegatsiyasiga hukumatning integratsiya rejasini taqdim etgan. Armanlar delegatsiyasi Tog‘li Qorabog‘ga birinchi navbatda yoqilg‘i va oziq-ovqat bilan yordam berishni so‘ragan.

So‘nggi hodisalardan shunday xulosa chiqarish mumkin, Ozarboyjon bir sutka davom etgan harbiy amaliyotlardan so‘ng 30 yillik muammoni hal qildi. Tez orada armanlar Ozarboyjon jamiyatiga integratsiya qilinishi rejalashtirilyapti.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid