Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iqtisodiyotda kutilmagan o‘sish va pul o‘tkazmalarida yangi qoidalar - hafta dayjesti
O‘zbekiston “Tinchlik kengashi”ga qo‘shildi: shimoldagi hurujlarga qaramay, ko‘p vektorli tashqi siyosat davom etmoqda. Iqtisodiy o‘sish tezlashdi, lekin...: aksar aholi uchun samolyotda uchish orzuligicha qolyapti. Bank kartalari bo‘yicha yangiliklar: oddiy qilib aytganda, nima o‘zgaradi? Eski mashinalarga taqiq, sun’iy intellektga oid javobgarlik va pasayishi kutilayotgan dori narxlari...
Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid asosiy xabarlari – Kun.uz dayjestida.
2025 yilgi YaIM o‘sishi – 7,7 foiz
O‘zbekistonda 2025 yilgi iqtisodiy o‘sish barcha prognozlarda aytilganidan ham kattaroq bo‘lib chiqdi. Statistika qo‘mitasi taqdim etgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakat yalpi ichki mahsulot 7,7 foizga oshgan. Ma’lumot uchun, hukumat noyabr oyining oxirgi haftasida ham yillik o‘sish roppa-rosa 7 foiz bo‘lishini kutayotgan edi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining 2025 yilgi hajmi 1 kvadrillion 850 trillion so‘mga yetgan. Bu – o‘rtacha kurs bo‘yicha 147 mlrd dollar demakdir. Jon boshiga YaIM – 48,4 mln so‘m yoki 3845 dollar. Iqtisodchilar bunday yuqori o‘sishni oltin narxi, investitsiyalar oqimi va davlat xarajatlarining ortib borayotgani kabi omillar bilan bog‘layapti.
Inflatsiya esa 7,3 foizga tushgani qayd etildi. O‘tgan yili oziq-ovqatlar 5,5 foizga, nooziq-ovqat tovarlar 5,1 foizga qimmatlagan bo‘lsa, xizmatlar inflatsiyasi 13,9 foiz bo‘lgan. Muhim oziq-ovqatlardan suyaksiz mol go‘shti 25 foizga qimmatlagani e’tiborga molik. Rasmiy statistikadan farqli o‘laroq, Markaziy bank so‘rovida qatnashgan o‘zbekistonliklar o‘tgan yili 12 foizlik inflatsiyani his qilganini bildirgan. Xususan, Toshkent shahrida yashovchilar 2025 yilda narx-navo 14 foizdan ko‘proqqa oshganini aytyapti.
Bu hafta Uzbekistan Airports kompaniyasi ham o‘tgan yilgi faoliyati bo‘yicha ayrim raqamlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston aeroportlaridagi reyslar 14 foizga oshib, 129 mingtaga yetgan; aeroport xizmatidan foydalangan yo‘lovchilar soni esa 15 foizga ko‘payib, 15,5 million nafarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, 20,4 million aholiga ega Qozog‘iston aeroportlari 2025 yilning 10 oyida 26,6 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan.
Aynan aviatsiyadagi raqamlarga alohida to‘xtalayotganimiz bejiz emas. Chunki iqtisodiy o‘sish bevosita aholi turmush darajasida, xususan samolyotda uchishga qurbi yetadigan aholi qatlamining kengayib borishida ham aks etishi kerak. Uzbekistan Airports keltirgan ma’lumotlardan parvozga qurbi yetayotgan vatandoshlar sonini anglab bo‘lmaydi, lekin mulohaza qilish uchun ayrim raqamlar yo‘q emas. Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili mahalliy va xorijiy aviachiptalar narxi qariyb 22 foizga qimmatlashgan. 9 oylik yakunlari bo‘yicha jon boshiga aholi daromadlarining nominal o‘sishi esa, qariyb 16 foizni tashkil etgan. Bundan kelib chiqilsa, 2025 yilda o‘rtacha o‘zbekistonlikning aviachipta xarid qilish qobiliyati pasaygan yoki eng kamida oshmagan bo‘lishi mumkin.
P2P o‘tkazmalar bo‘yicha yangi qoidalar
Agar odamlar o‘rtasida bank kartasi orqali pul aylanmasining qanchalik erkin, oson va tezligini baholovchi reyting tuzilsa, O‘zbekiston shak-shubhasiz eng yuqori o‘rinlarda turgan bo‘lardi. Shunday sharoitda, firibgarlik bilan bog‘liq kiberjinoyatlar sonining keskin o‘sishi – rasmiylarni bu borada muayyan o‘zgarishlar qilishga majburlayapti.
Chorshanba kuni jismoniy shaxslarga onlayn shaklda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan Markaziy bank nizomi davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Ma’lumki, hozir banklar va to‘lov tashkilotlarining ilovalariga mutlaqo begona odamlarning ham kartasini ulab ishlatish mumkin – kartaning SMS-xabarnoma xizmati yoqilgan telefon raqam foydalanuvchining raqami bilan mos kelsa bo‘lgani. Yangi nizom bilan, ana shu doira torayadigan bo‘ldi: endi foydalanuvchi ilovaga faqat o‘zining va yaqin qarindoshining nomidagi kartani ulay oladi. Uzoq qarindoshlar yoki begonalarning kartasini esa biriktirib bo‘lmaydi. Aftidan, bu qoida – kartasidan foydalanish imkonini firibgarlarga sotadigan “dropper”larga qarshi qaratilgan.
Bundan tashqari, endilikda jismoniy shaxslar bank yoki to‘lov tashkilotining ilovasidan ro‘yxatdan o‘tayotganda, faqat o‘zining nomidagi SIM-kartadan foydalana oladi. Agar SIM-karta boshqa odamning nomida bo‘lsa, foydalanuvchini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etiladi. Qolaversa, ilovaga yangi kartani ulamoqchi bo‘lsangiz, shunchaki SMS-kodni kiritishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi: endi karta ulash uchun Face-ID'dan o‘tish ham kerak.
Yangi qoidalarga ko‘ra, foydalanuvchi o‘z akkauntiga boshqa smartfondan kirsa yoki parolni qayta tiklasa, akkauntga ulangan barcha bank kartalari ilovadan uziladi va moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chib ketadi. Shundan keyin kartani boshqatdan biriktirish uchun biometrik identifikatsiyadan o‘tish va moliyaviy operatsiya bajarish uchun 1 soatlik “muzlash” davrini kutishga to‘g‘ri keladi. Agar biror bir amaliyotni tasdiqlash uchun telefonga yuborilgan SMS-kod 3 marta noto‘g‘ri kiritilsa, foydalanuvchining ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga cheklab qo‘yiladi. SMS-kod faqat raqamlardan emas, ham raqamlar, ham harflar aralashmasidan iborat bo‘ladi.
Nizomga onlayn kreditlar bo‘yicha ham muhim qoida kiritildi. Unga ko‘ra, agar fuqaroning nomiga onlayn kredit firibgarlik natijasida olingan bo‘lsa va u tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan jabrlanuvchi deb e’tirof etilsa, bank bu holat bo‘yicha jabrlanuvchini tinch qo‘yishi kerak. Kutilmalarga ko‘ra, bu qoida banklarning mas’uliyatini oshiradi, chunki endi ular pul yo‘qotmaslik uchun qarzni aynan mijozning o‘zi so‘rayotganiga yanayam ko‘proq ishonch hosil qilishi kerak. Albatta, agar bank: “Hech qanaqa firibgarlik bo‘lmagan, qarzni fuqaroning o‘zi olgan” deb hisoblasa, tegishli tartibda bahslashish huquqiga ega.
Hafta davomida fintex sohasiga oid yana bir jiddiy yangilik parlamentda yangradi. Bir paytlar Telegram, Instagram, YouTube kabi eng mashhur platformalarning O‘zbekistonda bloklab qo‘yilishiga sabab bo‘lgan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning o‘sha mashhur moddasi vanihoyat o‘zgartirilyapti. Seshanba kuni deputatlar tegishli qonunni qabul qilib, Senatga yubordi. Yumshatishlarga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlarning ayrim turlarini xorijda ham saqlash va qayta ishlashga ruxsat beriladi.
Bu o‘zgarish – raqamli iqtisodiyot rivojiga to‘siqlardan birini olib tashlaydi va O‘zbekistonning jahonga ochilishida yana bir qadam bo‘ladi: masalan, Apple Pay va Google Pay'ning yurtimizga kirib kelishiga yo‘l ochiladi.
Dugin – O‘zbekiston suverenitetiga qarshi
Rossiyada Markaziy Osiyo suverenitetiga ochiqchasiga qarshi chiqqan propagandachilar safiga mafkurachi Aleksandr Dugin ham qo‘shildi. Uning umumlashtirib o‘tirmay, aniq qilib O‘zbekiston nomini tilga olgan uydirmasi yangragan paytda, Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyoda ham maxsus harbiy amaliyot o‘tkazish haqidagi bir necha kun oldingi tahdidi hali sovib ulgurmagan edi.
Solovyovga o‘xshab, Dugin ham Kremlga juda yaqin shaxslardan. U o‘z chiqishida “milliy davlatlar davri tugagani” haqida safsata so‘qib, agar Markaziy Osiyoni Rossiya nazorat qilmasa, bu hududni yo G‘arb, yo Xitoy egallashini iddao qildi.
“Shu sababli suveren Armaniston yoki suveren Gruziya yoki suveren Ozarboyjon, suveren Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston mavjudligiga rozi bo‘lib bo‘lmaydi. Ushbu yangi modelda hech qanday suveren narsa mavjud bo‘lishi mumkin emas. Tamom, suverenitet tugadi, milliy davlatlar o‘tmishda qoldi”, – dedi Dugin.
Tashqi ishlar vazirligi bu bayonotni ham ommaviy makonda javobsiz qoldirdi. Lekin diplomatlarimiz, keyinroq paydo bo‘lgan boshqa bir holatni e’tiborsiz qoldirmadi: vazirning matbuot kotibi Ahror Burhonov bokschi Ruslan Chagayevning Nikolay Valuyevga javobini o‘z kanalida ulashishni lozim topdi (post hozirda o‘chirilgan).
Gap shundaki, Solovyov va Duginning bayonotlaridan keyin, Telegram-kanallarda Rossiya Davlat Dumasi deputati Nikolay Valuyevning videosi tarqaldi. Bu videoning haqiqiyligi hozircha to‘la tasdiqlanmagan, ayrim manbalar uni sun’iy intellekt mahsuli bo‘lishi mumkinligi aytyapti. Videoda sobiq bokschi “Rossiyani hali ko‘p maxsus harbiy operatsiyalar kutayotgani”ni aytib, Duginning gaplari “100 foiz to‘g‘ri” ekanini ta’kidlaydi.
O‘z vaqtida Valuyevni ringda mag‘lub etib shov-shuv ko‘targan bokschimiz Ruslan Chagayev bunga javoban, agar video haqiqiy bo‘lsa, sobiq raqibini yana jangga chorlashini bildirdi.
“Ashi paytda unga tekkan zarbalar endi ta’sir qilyapti, shekilli... Valuyevning kallasini joyiga qo‘yish uchun yana bir jang kerak bo‘lsa, men tayyorman”, dedi Chagayev.
Turkiyadagi uchrashuvlar va “Tinchlik kengashi”ga a’zolik
Akillayotgan og‘izlarga nisbatan vazminlikni afzal ko‘rayotgan rasmiy Toshkent, ayni paytda ko‘p vektorli siyosatini davom ettiryapti va bu siyosatdan voz kechmasligini ochiq ko‘rsatyapti. Joriy haftada O‘zbekiston tashqi ishlar, ichki ishlar va mudofaa vazirlari hamda DXX raisi Turkiyada bo‘lib qaytdi. Ular prezident Erdo‘g‘anning qabulida bo‘ldi; o‘z hamkasblari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi.
Tashrif doirasida Anqarada O‘zbekiston–Turkiya Qo‘shma strategik rejalashtirish guruhining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi; idoralararo kelishuvlar imzolandi. Xususan, Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 2026 yil uchun harbiy hamkorlik rejasi tasdiqlandi. O‘zbekiston tomonining bayonotiga ko‘ra, Turkiya mudofaa sanoati va harbiy tajribasi O‘zbekiston armiyasining salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekiston AQSh prezidenti Donald Trampning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilgani – ko‘p vektorli tashqi siyosatning yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Shveytsariyaning Davos shahriga safar qilib, kengash nizomini imzoladi. Nizomga jami 20 ta davlat, xususan Qozog‘iston, Ozarboyjon, Turkiya va boshqa bir qator musulmon davlatlari ham imzo chekdi.
G‘azoda tinchlik o‘rnatishga qaratilgan “Tinchlik kengashi” – prezident Trampning noyob shaxsiyatiga bog‘liq bo‘lib, ko‘proq deklarativ xususiyatga ega ekani aytilyapti. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, bu kengashga qo‘shilish O‘zbekiston zimmasiga biror-bir og‘ir mas’uliyatni yuklamaydi, shunchaki hozirgi AQSh ma’muriyati bilan aloqalar iliq saqlanib qolishini ta’minlaydi xolos.
Prezident maslahatchisi Abdulaziz Komilov bu borada izoh berarkan, uchta omilni sanab o‘tdi.
“Savol tug‘iladi: biz nima uchun bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladik? Birinchidan, xavfsizlik nuqtayi nazaridan, albatta, bizning manfaatlarimiz bor. Ikkinchidan, kengash oldida turgan vazifalar, maqsadlar bizning tashqi siyosatimizning asosiy tamoyillariga to‘liq javob beradi va mos keladi. Uchinchidan, haqiqatdan ham bu mintaqada juda jiddiy hayotiy manfaatlarimiz bor”, – deya tushuntirdi Kamilov.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan avtomobillarga taqiq kiritilyapti. Seshanba kuni imzolangan hukumat qaroriga asosan, 1 fevraldan boshlab “yoshi” 50 dan oshgan transport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi va ular davlat ro‘yxatidan chiqariladi. Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda bunday avtolarning soni 88 mingtaga yaqin bo‘lib, ular texnik va ekologik talablarga javob bermaydi. Alohida hollarda, yarim asr yashab qo‘ygan mashinalar antikvar deb topiladi va ularga “ANT” harfli yangicha avtoraqam beriladi. Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli taksilarning avtoraqamida “TTT” harflari bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yildi.
O‘zbekistonda 2 mingta dorining ulgurji narxlari pasaytirildi. Bu haqda Farmatsevtika agentligi direktori Abdulla Azizov prezident huzuridagi taqdimotdan keyin bergan intervyusida ma’lum qildi. Azizovga ko‘ra, dekabr oyida 2 mingta dorining referent narxlari o‘rtacha 40-60 foizga pasaygan va bu dorixonalardagi chakana narxlarda 1 martdan boshlab aks etadi. Farmagentlik rahbariga ko‘ra, yil oxirigacha yana 4 mingta import dori arzonlashtiriladi va shu bilan jami 6 mingta preparatning narxi pasayadi. Joriy yilda elektron retsept tizimiga to‘liq o‘tish ham ko‘zda tutilgan.
Shaxsning qiyofasini sun’iy intellekt yordamida noqonuniy o‘zgartirish – endi javobgarlikka sabab bo‘ladi. Tegishli qonun 21 yanvardan boshlab kuchga kirdi. Unga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlarga sun’iy intellekt yordamida noqonuniy ishlov berish – huquqbuzarlik qurolini musodara etgan holda, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, ya’ni kamida 20 mln 600 ming so‘m, ko‘pi bilan 41 mln 200 ming so‘m jarimaga sabab bo‘ladi. Deputatlar bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yilda sun’iy intellekt yordamida soxtalashtirish bilan bog‘liq 3553 ta holat qayd etilgan. Qonun bilan, shuningdek, yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilishda faqatgina sun’iy intellekt bergan xulosalarga tayanish man etildi.
Andijon viloyati hokimining 7 yilga qamalgan sobiq o‘rinbosari 14 oy o‘tib ozodlikka chiqdi. Gap – imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblangan Botirjon Hamroyev haqida ketyapti. U 2024 yil 14 oktyabr kuni korrupsion jinoyatda gumonlanib qamoqqa olingan, keyinroq 7 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Kun.uz'ning aniqlashicha, sobiq mulozim 2025 yil 26 dekabr kuni ozodlikka chiqqan. Shu kuni apellyatsiya sudi yetkazilgan zarar qoplangani munosabati bilan Hamroyevga tayinlangan jazoni yengillashtirgan va tayinlangan yangi jazo allaqachon o‘tab bo‘lingan deb hisoblanib, u sud zalidan ozod etilgan.
Rossiyalik generalni o‘ldirishda ayblangan O‘zbekiston fuqarosiga hukm o‘qildi. Moskvadagi harbiy sud O‘zbekiston vatandoshi Ahmadjon Qurbonovni general Igor Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan teraktda aybdor deb topdi va uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Qolgan 3 nafar ayblanuvchiga 18 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud hujjatlarida Qurbonov narigi 3 kishidan farqli ravishda, aybini to‘liq tan olgani aytiladi. Bundan tashqari, joriy haftada Dubay sudi 9 nafar O‘zbekiston vatandoshiga nisbatan hukm chiqardi. Ular o‘tgan yili aprelda ommaviy mushtlashuv sodir qilishda ayblanib, 8 nafari umrbod, 1 nafari esa 25 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Dastur boshlovchisi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
15:20 / 21.01.2026
“Sayyohlar O‘zbekistonga 700-900 dollarga uchib kelyapti” - tadbirkor
12:14 / 21.01.2026
Mobil ilovalarda P2P o‘tkazmalar uchun yangi qoidalar joriy etildi
09:00 / 18.01.2026
Qamoqdagi sudyalar, Solovyovning “sayrashi” va DXX nigohidagi 4 ta tahdid - hafta dayjesti
17:10 / 17.01.2026