O‘zbekiston | 09:05
1511
16 daqiqa o‘qiladi

AQShga navbatdagi tashrif, elektromobil quvvatlash subsidiyasi va talaba formasi – hafta dayjesti

O‘zbekiston va AQSh prezidentlarining 5 oy ichidagi 4-uchrashuvi: G‘azo sektorida o‘zbek mavzesi quriladi. Elektromobil egalariga subsidiya: boylarning energiya sarfi yana budjetga yuklanyapti. Oliy ta’limda forma bahslari: shov-shuv ko‘targan talaba populizmda ayblandi. “200 mln dollarlik” surishtiruv: OKMK tenderlaridagi g‘oliblar o‘zaro bog‘liqligi iddao qilindi.

Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga ayrim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

“Dress-kod bo‘lsa kirarmishmiz, bo‘lmasa yo‘q”

Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi formasiz, kechga qolib kelmagani sabab darsga qo‘yilmagani – bu hafta tarmoqlarda eng ko‘p aylangan mavzulardan biri bo‘ldi. Magistratura 1-bosqichida o‘qiyotgan Akmaljon Yo‘ldoshevning intervyusi oliy ta’limdagi forma masalasini yana muhokama markaziga olib chiqdi.

“Galstuging qani? Galstuging bo‘lmasa, bor ketaver. Bu – ichki tartib-qoida, hamma narsadan ustun” deyishyapti. Dress-kod bo‘lsa kirarmishmiz, bo‘lmasa yo‘q. Kursdoshlarim bilan bir nimaga umid qilib, haliyam ketmay turibmiz”, deydi talaba.

Universitetda dekan lavozimida ishlovchi Oisha Zokirova Facebook'ka joylab, keyinroq o‘chirib yuborgan postida oq ko‘ylak va galstukni “akademik madaniyat, poklik, intizom va hurmat ramzi” deb ta’rifladi. Uning aytishicha, videoda ko‘ringan talabalarning hammasi formasiz kelgani uchun emas, kech qolib kelgani uchun kiritilmagan.

“O‘zi o‘qiyotgan universitetni mana shunday ommaga olib chiqish, oddiy elementar so‘ralgan narsa uchun uning sha’niga dog‘ tushirish – tuzini yeb, tuzlug‘iga tupirish bilan barobar, shuni unutmang, hurmatli talabalar!!!” – dedi dekan.

Rektor Sherzodxon Qudratxo‘ja ham o‘z izohida talabalar kech qolgani uchun kiritilmaganini aytdi va Akmaljon Yo‘ldoshevni shuhratparastlikda aybladi:

“Kecha bir holat bo‘ldi: bir-ikkita talabalarimiz populizm qilib, o‘zlarini qahramon yasashdi. [...] Videolari bor bu bola nechida kelganining. Bizda birinchi qo‘ng‘iroq bo‘lishiga 1 daqiqa qolganda... Tasavvur qiling, ustoz dars o‘tyapti-da, eshik taqillayveradi, ustoz yarim soat faqat eshik ochish bilan ovora bo‘ladi”.

Oliy ta’lim vazirligi esa forma masalasida doimgi pozitsiyasini takrorladi: oliygohlar dress-kod joriy etishga haqli, talabalar esa o‘zlari o‘qiyotgan dargohning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi kerak.

2000 so‘mlik tokning 1700 so‘mi budjetdan bo‘ladimi?

Gazlashmagan hududlar aholisi uchun elektr energiyasi to‘lovidan yengillik berish masalasi 2 yildan beri hal bo‘lmayotgan bir paytda, nisbatan o‘ziga to‘q qatlam – elektromobil egalari uchun katta imtiyozlar to‘plami e’lon qilindi. Dushanba kuni tasdiqlangan 2026 yilgi davlat dasturiga asosan, 1 maydan boshlab elektromobil quvvatlash stansiyalarida narx qancha bo‘lishidan qat’i nazar, haydovchi 1 kWh tok uchun o‘z yonidan 300 so‘m to‘laydi, undan ortgani – davlat budjetidan qoplab beriladi.

Hozirda quvvatlash stansiyalarida 1 kWh uchun tarif 1500–2200 so‘m oralig‘ida ekanini inobatga olsak, elektromobil egalarining 80-86 foizgacha “yoqilg‘i” xarajatlari soliq to‘lovchilarning zimmasiga tushadi. Bu holatda, quvvatlash stansiyalari o‘zaro kelishgan holda narx oshirishining oldini olish choralariga ham zarurat tug‘iladi, bu esa yana bir sektorda davlatning narx ustidan nazorati paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Yangi subsidiya – ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadi bilan izohlanayotgan bo‘lsa-da, o‘tgan yili 4 barobargacha oshirilgan utilizatsiya yig‘imi saqlanib qolayotgani – aytilayotgan maqsadning qanchalik xolisligi haqidagi savollarni yuzaga keltiradi. Bu o‘rinda, elektromobil egalarining uyiga alohida hisoblagich o‘rnatish yoki tungi soatlar uchun pasaytirilgan tariflar joriy etish kabi rejalarning yillardan beri qog‘ozda qolib ketayotganini ham eslab o‘tishga to‘g‘ri keladi.

Agar haqiqatan ham elektromobil egalarining quvvatlash stansiyalaridagi xarajatlari 86 foizgacha qoplab berilsa, bu – budjet uchun trillionlab so‘mlik yangi yuklamani anglatadi. 2026 yilgi davlat budjetida esa, bu xarajat ko‘zda tutilmagan. Boz ustiga, oxirgi yillarda energetik subsidiyalar aynan budjet yukini yengillashtirish maqsadida kamaytirib borilayotgan edi. Gaz-svet narxlari nega oshirildi, tabaqalashgan tariflar nega kiritildi, degan savollarga rasmiylar: “Ijtimoiy adolat bo‘lishi uchun, ko‘p gaz-svet yoqadigan boylarning xarajatini davlat qoplab bermasligi kerak” deya javob berishgandi.

Davlat dasturida elektromobil sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada avtokredit ajratish va uni “adolatli” taqsimlash vazifasi ham belgilangan. Hozirda avtokredit stavkalari o‘rtacha 22 foiz ekanini inobatga olsak, sezilarli darajada arzon qarzga talabgorlar ham ko‘p bo‘ladi. Bu jarayonda adolatli taqsimot mezonlari va korrupsiyaning oldini olish choralari qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar, bu – davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini oshiruvchi navbatdagi mexanizmga aylanib, boshqa qarz oluvchilar uchun qarz narxini qimmatlashtiradi.

Ma’lumot uchun, shu hafta tasdiqlangan boshqa bir dasturga asosan, 2026 yilda birorta ham bankni xususiylashtirish reja qilinmayapti. 2030 yilga borib, davlatga tegishli banklar sonini hozirgi 9 tadan 4 tagacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Budjet hisobidan sayohat

Samarqandda ta’lim sohasidagi tanish-bilishchilik mojarosidan keyin, viloyat darajasidagi amaldor ishdan olindi. Gap Samarqand viloyati maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov haqida ketyapti. U davlat hisobidan moliyalashtirilgan sayohat – Sankt-Peterburgdagi bitiruvchilar bayramiga o‘z o‘g‘li va jiyanini yuborgan edi.

Avval xabar qilinganidek, “Alvon yelkanlar” bayramiga a’lochi, olimpiadalarda o‘rin olgan o‘quvchilar borishi kerak bo‘lgan, lekin yakunda Peterburg sayohati ta’lim sohasi mas’ullarining qarindoshlariga nasib qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ko‘ra, nepotizm javobgarlaridan kamida 28 mln so‘m mablag‘ budjetga qaytarilgan.

Boshqarma boshlig‘i ishdan olingan bo‘lsa, uning o‘rinbosari va boshqarmada ishlovchi yana 4 xodimga intizomiy chora ko‘rish bo‘yicha vazirlikka taklif kiritilgan. Bundan ma’lum bo‘ladiki, bayramga o‘zi 8 ta o‘quvchi borgan bo‘lsa, shundan kamida 7 nafari ta’lim sohasi mas’ullarining qarindoshlari bo‘lgan.

OKMK hamkorlarining nimasi shubhali?

Xorijiy manbalarda O‘zbekistondagi davlat xaridlari bilan bog‘liq katta surishtiruv e’lon qilindi. Xalqaro surishtiruvchi jurnalistlarning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) aniqlagan dalillarga ko‘ra, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 200 mln dollardan ortiq qiymatdagi tenderlarini bitta shaxsga aloqador kompaniyalar yutib olgan bo‘lishi mumkin.

Gap – OKMK tomonidan oxirgi 3 yilda 10 ta xorijiy kompaniya bilan tenderlar asosida tuzilgan shartnomalar haqida ketyapti. Surishtiruv xulosasiga ko‘ra, bu tenderlarni yutib olgan kompaniyalar dunyoning uchta burchagida: Britaniya, Gurjiston va Singapurda joylashgan bo‘lsa ham, ularning barchasi O‘zbekiston stol tennisi federatsiyasi sobiq vitse-prezidenti Grigoriy Xvan bilan bog‘langan bo‘lishi ehtimoli bor.

Jurnalistlarning aniqlashicha, Britaniyadagi ikkita kompaniya rasman “faoliyat ko‘rsatmayotgan” maqomda bo‘lsa ham, OKMKdan o‘nlab million dollarlik shartnomalarni olavergan. Surishtiruv ketayotganidan xabar topishgach, ikkala kompaniyaning ham korporativ hujjatlariga qator o‘zgarishlar kiritilgan, bu o‘zgarishlarda Grigoriy Xvanning ham ismi ko‘rsatilgan. Ushbu kompaniyalarning buxgalteriyasi bilan shug‘ullangan firma o‘ndan ortiq shartnomalarda buxgalteriya vakiliga tegishli imzo haqiqiy emasligini ma’lum qilgan. Jurnalistlar bilan suhbatdan keyin, buxgalteriya firmasining sobiq xodimi imzolarning haqiqiy emasligi masalasida Britaniyaning tegishli idoralariga xabar bergan.

OKMKning Gruziyada joylashgan hamkorlarida esa vaziyat bundan ham qiziq. Surishtiruvga ko‘ra, Rahat Nauruzbekov ismli Qozog‘iston fuqarosi 2018-2022 yillarda Gruziyadagi bir nechta firmalarning egasiga aylangan, 2025 yil fevral oyida bu firmalarni Polina Ostanova ismli shaxsga sotgan. Ostanova undan jami 5 ta kompaniyani bir kunning o‘zida, 350 dollarga xarid qilgan. Qiziq joyi shundaki, 350 dollarga sotilgan kompaniyalardan ikkitasining OKMK bilan allaqachon 66 mln dollarlik shartnomalari bo‘lgan. Ya’ni, yirik mijoz bilan ishlayotgan va o‘sha mijozdan 66 mln dollarlik buyurtmalarni allaqachon olib bo‘lgan firmalar atigi 350 dollarga sotilgan.

Xaridor Polina Ostanova Janubiy Koreya fuqarosi bo‘lib, O‘zbekiston bilan ham aloqalarga ega. Ostanovaning Instagram sahifasini o‘rgangan jurnalistlar u Grigoriy Xvan va Britaniyadagi ikkita firmaning amaldagi boshlig‘iga begona emasligini ko‘rsatuvchi dalillarni aniqlagan.

Singapurdagi kompaniyalarga kelsak, u yerdagi uchta kompaniya ortidan olib borilgan surishtiruv jurnalistlarni Nyu-Yorkka olib borgan: ko‘chmas mulk hujjatlariga ko‘ra, 2024 yilda Colcot nomli kompaniya Manhettenda 4,4 mln dollarlik kvartira sotib olgan bo‘lib, bitimga Grigoriy Xvanning o‘g‘li Aleksey imzo chekkan. OKMKdan buyurtmalar olgan Singapurdagi 3 ta kompaniyaning advokati jurnalistlar bilan suhbatda bog‘liqlikni rad etib, uning vakilligidagi kompaniyalar Colcot'ga ham, Xvanga ham hech qanaqa aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining chorshanba kungi bayonotida aytilishicha, surishtiruvda tilga olingan kompaniyalar tenderlarda eng arzon narxni taklif qilgani uchun inson omilisiz, avtomatik ravishda g‘olib deb topilgan. Tender ishtirokchilarida affillanganlik holatlari esa aniqlanmagan, ular tomonidan tovarlar to‘liq hajmda, shartnomada belgilangan sifat ko‘rsatkichlarida va eng asosiysi – kontraktda ko‘rsatilgan muddatda kombinat omborlariga yetkazib berilgan, deyiladi OKMK bayonotida.

Tramp – Mirziyoyevga: “Mamlakatingizda ishlar zo‘r ketyapti”

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 oy ichida 3-marta AQShga borib, shu vaqt mobaynida 4-marotaba hamkasbi Donald Tramp bilan uchrashdi. Amerika poytaxtiga bu galgi tashrifning boisi – Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi”ning ilk sammiti bo‘ldi. Sammit boshlanishida mezbon prezident mehmonlarni tanishtirarkan, O‘zbekiston yetakchisini “mening do‘stim” deb atadi.

“Mamlakatingizda ishlar zo‘r ketyapti, siz zo‘r boshqaryapsiz. Muammolar yo‘q. Har safar u bilan ko‘rishganimizda, munosabatlarimiz yaxshi ketayotgan bo‘ladi, muammolar bo‘lmaydi”,dedi AQSh prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida G‘azoning urushdan keyingi taqdiri masalasida O‘zbekistonning pozitsiyasini bayon qilib, sektorni qayta tiklashda qatnashishga tayyorligini bildirdi:

“G‘azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so‘zsiz ichki qo‘llab-quvvatlashiga tayanishi lozim. [...] O‘zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyor”.

Sammitdan oldingi kuni prezident AQSh savdo vaziri, AQSh Eksimbanki va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi rahbarlari bilan uchrashdi, o‘zbek va amerika kompaniyalari o‘rtasida qator tijoriy kelishuvlar imzolandi. Eng yirik loyihalardan birini Gulf kompaniyasi ilgari surmoqda. Kompaniya vitse-prezidenti Kreyg Kramerning aytishicha, O‘zbekiston bo‘ylab kamida 100 ta benzin shoxobchalari tarmog‘ini yaratish uchun 150 mln dollar investitsiya kiritishga qaror qilingan. Loyiha 2 yil ichida amalga oshiriladi va AYoQShlar amerikacha standartlar asosida ishlaydi, ularda yuqori sifatli yoqilg‘i sotiladi.

Gulf kompaniyasi O‘zbekistonda yoqilg‘i mahsulotlarining ulgurji savdosini ham yo‘lga qo‘ymoqchi. Kompaniyaning Gulf Aviation nomli aviatsiya qanoti samolyotlar uchun aviayoqilg‘i yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida taxminan 50 mln dollar yo‘naltiradi, dedi Kreyg Kramer.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

O‘zbekistonda avtobanlar tashkil etish vazifasi davlat dasturiga kiritildi. Bu haqda avvalroq davlat rahbari parlamentga murojaatida aytib o‘tgandi. Dasturga ko‘ra, Andijondan to Qo‘ng‘irotgacha, Toshkentdan to Termizgacha, Samarqanddan Shahrisabzgacha, Olotdan Sariosiyogacha bo‘lgan 4 ming kilometrlik magistral yo‘llar kelgusi 5 yil ichida rekonstruksiya qilinib, xalqaro talablarga mos avtobanlarga aylantiriladi. Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish dekabr oyida boshlanishi, xorijiy hamkor 15 martgacha aniqlanishi ko‘zda tutilgan.

Pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi kiritilishi kutilmoqda. Bu vazifa ham 2026 yilgi davlat dasturiga kiritilgan. 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazo choralarini belgilash, voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy va zo‘ravonlikka oid jinoyatlarni tergov qilishni prokuratura organlari vakolatiga o‘tkazish ko‘zda tutilyapti. Ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlarni faqat maxsus tayyorgarlik o‘tgan tergovchilar va sudyalar ko‘rib chiqishi belgilanadi.

Toshkent viloyatida bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishiga oid jinoyat ishi sudga oshirildi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, tergov organi 11 kishiga nisbatan ayblov e’lon qilgan. Ulardan 10 nafari qamoqda, bir kishi esa uy qamog‘iga olingan. O‘tgan yili 24-27 sentabr kunlari ro‘y bergan ommaviy zaharlanishda Toshkent viloyatining 5 ta tumani va 2 ta shahrida 1922 nafar bola jabrlangan. Tergov harakatlari davomida ana shu 1922 nafar bolaning qonuniy vakillari so‘roq qilinib, jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etilgan. Zaharlanish aynan qaysi firmaning qaysi mahsulotidan kelib chiqqani hali ochiqlanmayapti.

Birinchi o‘zbek kosmonavti umumxalq tanlovi asosida aniqlanadi. Bu haqda “O‘zbekkosmos” agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov ma’lum qildi. “Kosmonavtlikka talab yuqori bo‘ladi: sog‘liq, fiziologiya, ilmiy, xorijiy til bilish nuqtai nazaridan. Umumxalq tanlovi qilmoqchimiz. Bo‘lajak kosmonavt hozir o‘qiyotgan bo‘lishi yoki ishlayotgan bo‘lishi mumkin. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, kosmonavt bo‘lish juda katta baxt”, dedi u. Ibrohimov tanlovning shartlari va muddatiga aniqlik kiritmadi. Prezident huzuridagi taqdimotda aytilishicha, Mirzo Ulug‘bek nomli ilmiy sun’iy yo‘ldoshni uchirish 2028 yilga reja qilingan.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев

Mavzuga oid