Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ijtimoiy tarmoq va bolalar. Kimga foyda kimga zarar?
Bugun ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda bolalar va o‘smirlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, hatto qotillikkacha borishayotgani haqidagi xabarlar bot-bot ko‘zga tashlanmoqda. Deyarli kunda-kunora qaysidir maktabda o‘quvchi o‘qituvchisi bilan mushtlashgani, o‘smirlar bir-biri bilan pichoqlashgani, o‘quvchini tengdoshlari guruh bo‘lib do‘pposlashgani tasvirlangan videolar tarqaladi. Yoshlarning, voyaga yetmagan bolalarning ruhiyatida salbiy o‘zgarishlar yuz berishiga, shafqatsiz, bemehr bo‘lib ketishlariga nima sabab bo‘lmoqda?
Foto: AP
TARMOQDAGI TUZOQ
Qurol ko‘targan bolalar
2025 yil dekabrida Moskva oblasti Odinsovo rayonidagi Gorki-2 posyolkasidagi maktabda ro‘y bergan fojia barchani dahshatga soldi. Shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan 15 yoshli Timofey maktabga pichoq ko‘tarib kelib, qo‘riqchi va o‘quvchilarga hujum qilishi oqibatida 4-sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyev halok bo‘ldi.

Timofeyning egnida ommaviy qotilliklarga ishora qiluvchi so‘zlar yozilgan ekipirovka bo‘lgan. Xususan, nimchasida «No lives matter» yozuvi tushirilgandi. Bu ommaviy qotilliklar ijrochilari hamda o‘ta o‘ngchi guruhlarga taqlid qilishga asoslangan submadaniyat belgisidir. Boshqa yozuvlar esa Anders Breyvik tomonidan sodir etilgan terakt, shuningdek AQSh va Yangi Zelandiyadagi maktablar va ibodatxonalarga qilingan hujumlarga ishora qilardi. Bundan tashqari, hujumdan oldin Timofey sinfdoshlariga o‘zining «manifesti»ni yuborgan, unda musulmonlar, yahudiylar, liberallar va so‘llarga qarshi fikr bildirib, barcha muammolarda ularni ayblagan.
Bu 2025 yilning o‘zida maktab o‘quvchisi tomonidan ksenofobik sabablarga ko‘ra sodir etilgan va jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan ikkinchi qotillikdir. Birinchisi bahorda, Moskva yaqinidagi Nekrasovskiy qishlog‘ida sodir etilgandi. O‘shanda 14 yoshli o‘smir qirg‘izistonlik to‘qqiz yoshli bolani o‘ldirgan, tergov buni millatga nafrat asosidagi jinoyat deb topgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yildan beri mamlakatda nafratga asoslangan jinoyatlar soni keskin oshgani, jinoyatchilar esa yosharib borayotganini aytgan.
2026 yilning dastlabki uch oyi davomida maktab o‘quvchilari tomonidan jinoyat sodir etilgani to‘g‘risidagi ayrim xabarlarga e’tibor qarataylik.
Rossiya. Permdagi maktabda o‘quvchi o‘qituvchini pichoqladi. O‘qituvchi ayol shifoxonada vafot etdi.
Rossiya. Sverdlovskda 13 yoshli bola pnevmatik to‘pponcha bilan sinfdosh qizning boshiga o‘q uzdi. So‘ngra uni qurolsizlantirishga harakat qilgan o‘qituvchi va maktab hisobchisini yaraladi.
Rossiya. Chelyabinskdagi maktabda o‘quvchi arbaletdan o‘qituvchisiga o‘q uzdi, o‘q o‘quvchilardan biriga tegdi. U shuningdek, sinfdoshlariga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ballon bilan zarar yetkazdi va o‘zini sinf derazasidan pastga tashladi.
Rossiya. Ufada travmatik to‘pponcha bilan qurollangan to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi o‘qituvchisiga hujum qildi.
Rossiya. Komida otasiga tegishli qurol bilan o‘qituvchilari va sinfdoshlarini otib tashlashni rejalashtirgan 15 yoshli o‘quvchi qo‘lga olindi.
Rossiya. Sochida sinfdoshlaridan qasos olish uchun internetda tengdoshlaridan maslahat so‘ragan 13 yoshli o‘quvchi ushlandi.
AQSh. Texas shtatining Bulverde shahrida 15 yoshli o‘smir o‘qituvchisiga o‘q uzib uni yaraladi, so‘ng o‘z joniga qasd qildi.
AQSh. Merilend shtatidagi maktablardan birida o‘quvchi qurol bilan boshqa o‘quvchiga jarohat yetkazdi.
Argentina. Maktabdagi tadbir vaqtida 15 yoshli o‘smir quroldan o‘q uzishi oqibatida bir nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, ikki nafar o‘smir jarohatlanib shifoxonaga yotqizildi.
Tailand. Bitiruvchi sinf o‘quvchisi otishma sodir etib, maktab direktorini yaraladi.
Fransiya. 14 yoshli o‘quvchi pichoq bilan maktab xodimiga hujum qildi. Jabrlanuvchi halok bo‘ldi.
Bulardan tashqari, maktablarda yuz bergan yana ko‘plab zo‘ravonlik, samosud, jinsiy tajovuz kabi holatlar kishini dahshatga soladi.
Kriminologiya tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda qotillik jinoyatlarining 15 tasi voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. O‘tgan yilda respublikada voyaga yetmaganlar 3 266 ta jinoyatga qo‘l urgan. Bu jami jinoyatlarning 2,1 foizini tashkil etgan. Shundan 2 554 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan, 321 tasi aniqlangan, 391 tasi axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlar.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning har ikkinchisi (1 313 ta) o‘g‘rilik ekani aniqlangan. Shuningdek, voyaga yetmaganlar tomonidan 84 ta firibgarlik, 193 ta bezorilik, 68 ta og‘ir tan jarohati yetkazish, 68 ta transport vositasini olib qochish, 36 ta nomusga tegish, 17 ta bosqinchilik hamda 15 ta qotillik jinoyatlari sodir etilgan.
Sabablar
Voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?
Tahlillarga ko‘ra, qotillik jinoyatlari uchun hukm qilinganlar ko‘p hollarda nosog‘lom muhitda tarbiya topgan bo‘lib chiqadi. Ularning 20 foizga yaqini ota-onasiz, uchdan bir qismi to‘liqsiz oilada (ota yoki onasiz) o‘sgan.
Har beshinchi holatda oilaning to‘liqsizligi ota yoki onaning sudlangani bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Ota yoki onaning jinoyat yo‘liga kirishi bolaning ham shu yo‘ldan borishiga turtki bo‘luvchi asosiy omillardan biri sanaladi.
Psixolog Zebiniso Ahmedova voyaga yetmaganlarni jinoyat qilishga undaydigan omillar haqida gapirar ekan, ular orasida bolaga yetkazilgan ruhiy va jismoniy jarohatni alohida ta’kidlaydi.
«Voyaga yetmaganlar jinoyatlarining aksariyati ularning ota-onadan ajralib chiqish jarayonida sodir bo‘ladi, ya’ni o‘smirlarda mustaqil qaror qabul qilish jarayoni boshlangan davrda. O‘smirning voyaga yetish davri 9-12 yosh va 12-16 yoshga bo‘linadi. Shu vaqtda bolada o‘ziga ishonch va hurmat shakllantirilmasa, uning orzulari ota-ona tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, u o‘zini hech narsaga qodir emasdek his qila boshlaydi. Natijada bu bola dunyoga nafrat bilan ulg‘ayishi mumkin.

Agar oilada bolaning ehtiyojlari va tashvishlari bilan hech kim qiziqmasa, unga beparvo bo‘lib, fikri e’tiborga olinmasa va unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilsa, u o‘z shaxsini buzg‘unchilik va jinoyat sodir etish orqali ko‘rsatishga harakat qiladi. Xullas, bolaga ruhiy va tan jarohati yetkazilsa, u boshqalarga nisbatan shunday harakat qilishdan qo‘rqmay qo‘yadi.
Ba’zan bir sinfdan oliygohlarga juda kamchilik o‘qishga kiradi. Qolganlarida esa jamiyatga kerak ekanliklari to‘g‘risida shubha paydo bo‘lishi mumkin. Keyin ular mardikorlik yoki shunga o‘xshash mayda ishlarga o‘zini uradi. Buning oldini olish uchun ota-ona farzandini ilm olishga rag‘batlantirishi, o‘qishi uchun zarur sharoitni yaratib berishi kerak.
Shuningdek, ota-ona bilan ishlash, ularga bola parvarishi va tarbiyasini o‘rgatish juda muhim. Chunki o‘smirlar jinoyatchiligi ko‘pincha uydagi muhit bilan bog‘liq bo‘ladi», – deydi ruhshunos.
Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha dasturiy prinsiplarga ko‘ra, o‘smir bolalar tarbiyasi va himoyasi bilan nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki oila, ijtimoiy institutlar, maktab, mahalla va yoshlar tashkilotlari ham shug‘ullanishi kerak.
Ko‘rinmas va qudratli ta’sir vositasi
1990-2000 yillarda bolalarning bo‘sh vaqti “dendixona”larda videoo‘yinlar o‘ynash bilan o‘tardi. Bugun esa bolalarning ongini ijtimoiy tarmoqlar egallab ulgurdi. Ilgari “yetti yoshdan yetmish yoshgacha” degan ibora bo‘lardi. Hozir o‘sha iborani axborot texnologiyalari sohasida hech ikkilanmasdan “ikki yoshdan yetmish yoshgacha” deb qo‘llash mumkin. Chunki bugun ikki yoshli bolakay ham telefondan qanday foydalanishni, Youtube’da rolik ko‘rishni birovning yordamisiz uddalayapti. TikTok, Instagram, ChatGPT’ni eshitmagan, ulardan foydalanmagan, turli «vayn»lar, «prank»larni takrorlab ko‘rmagan bolalar qolmayapti.
Shu bilan birga, dunyoning aksar mamlakatlarida ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga salbiy ta’siri haqida fikrlar yangramoqda. Ularning deyarli barchasida bir xil muammolar tilga olinmoqda: zararli kontent, ruhiy zo‘riqish, sog‘lik va vaqt yo‘qotilishi, ya’ni bolalarning o‘qishi, ruhiy va jismoniy holatiga salbiy ta’sir.
Hatto o‘tgan yil dekabrda bo‘lib o‘tgan «Katta yigirmatalik» uchrashuvida bu borada Avstraliyada chiqarilgan qonun muhokama ham qilingandi. O‘shanda Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz shunday degandi: «Butun dunyo Avstraliya ortidan boradi. Hukumatlar bolalar, ularning ota-onalari, mahalliy jamoat tashkilotlari va sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislarining fikrlariga quloq soladi».
Bu haqiqatga qanchalik yaqin? Olimlarning ushbu yo‘nalishda o‘tkazgan tadqiqotlari natijalari qanday?
2019 yilda Buyuk Britaniyada 14 yoshli 10 904 nafar o‘smirning psixologik holati o‘rganilgan va quyidagi xulosaga kelingan: bolalar ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik ko‘p vaqt o‘tkazsa, ularda onlayn ta’qib (bulling) va o‘zini boshqalar bilan solishtirish natijasida paydo bo‘ladigan ishonchsizlik hissining ortishi sababli depressiya va uyqusizlik xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi.
2020 yilda Islandiyada 16 yoshli o‘smirlarning kayfiyatini tahlil qilish asosida o‘tkazilgan tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqt o‘tkazish nafaqat depressiya va xavotir, balki jismoniy holatning yomonlashishiga ham olib kelishi aniqlangan.
AQShda 9–10 yoshli 11 876 nafar bolaning psixologik holatiga oid ma’lumotlar asosida quyidagi xavotirli jihat aniqlangan: bola bir yil davomida ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik ko‘p vaqt o‘tkazsa, keyingi yilda unda depressiya rivojlanish xavfi shunchalik yuqori bo‘lgan.
2024 yili Oksford universiteti mutaxassislari Buyuk Britaniya yoshlarining mental salomatligiga oid keng ko‘lamli tadqiqotning dastlabki natijalarini taqdim etdi: ular ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan vaqt miqdori bilan xavotir va depressiya darajasining oshishi o‘rtasida bog‘liqlik borligini aniqladilar.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 2024 yildagi hisobotida aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik belgilari kuzatiladigan o‘smirlar ulushi dunyo bo‘ylab 11 foizga yetgan.
Yevrokomissiya xulosasiga ko‘ra, TikTok’ning cheksiz «lenta», videoni avtomatik ko‘rsatish, push-xabarnomalar va yuqori darajada shaxsiylashtirilgan tavsiyalar tizimi kabi funksiyalari foydalanuvchilarda qaramlik keltirib chiqaradi.
«Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bolalar va o‘smirlarning rivojlanayotgan ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun platformalarga ulardan foydalanish oqibatlari uchun javobgarlikni yuklaydi. Biz Yevropada farzandlarimiz va fuqarolarimizni internetda himoya qilish uchun qonunlarimizga rioya qilinishini ta’minlaymiz», — dedi YeK raisining ijrochi o‘rinbosari Xenna Virkkunen.
Neyrobiolog Jared Kuni Xorvatning ta’kidlashicha, 1997 yildan 2010 yilgacha tug‘ilgan avlod maktablarda raqamli texnologiyalarga haddan tashqari tayanib qolgani sababli kognitiv rivojlanishdan to‘xtab qolgan.
Neyrobiologning so‘zlariga ko‘ra, inson miyasi katta kitoblar va murakkab g‘oyalarni qisqacha ifodalovchi lahzalik videolar yoki jumlalar orqali o‘rganishga moslashmagan.
«O‘smir uyg‘oq bo‘lgan vaqtining yarmidan ko‘pini ekranga tikilib o‘tkazadi. Aslida insonlar biologik jihatdan boshqa insonlardan va chuqur o‘rganish orqali bilim olishga «dasturlangan», — dedi Xorvat.
CheKLOV VA TAQIQLAR
2025 yildan beri bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklayotgan mamlakatlar safi kengayib bormoqda.

Avstraliya. Hozircha Avstraliya cheklovlar borasida eng radikal mamlakat hisoblanadi. 2024 yil noyabrida u dunyoda birinchi bo‘lib 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy internet platformalarni taqiqlash bo‘yicha qonunni qabul qildi. Cheklovlar faqat maxsus ro‘yxatga kiritilgan platformalarga taalluqli bo‘lib, ular qatoriga, masalan, YouTube va TikTok kiradi.
Qonun chiqaruvchilar va hukumat bu taqiqlarni shunday asoslaydi: o‘smirlarni rivojlanishning muhim bosqichida himoya qilish kerak va bu orqali mahsulot mexanikalari, ya’ni odamni zararli kontentni ko‘rishi mumkin bo‘lgan ilovalarda uzoq vaqt ushlab turadigan maxsus usullar zararini kamaytirish lozim.
Yoshga oid cheklovlarga rioya qilish mas’uliyati ota-onalarga emas, balki bevosita platformalarning o‘ziga yuklatilgan. Ushbu qonunni buzganlik uchun kompaniyalarga 50 million Avstraliya dollarigacha (35,5 million AQSh dollari) jarima ko‘zda tutilgan.
Qonun 2025 yil dekabrda kuchga kirdi va taqiq joriy etilganidan keyin bir oy ichida texnologik kompaniyalar ijtimoiy tarmoqlardagi 4,7 million akkauntga kirishni chekladi. Bu Avstraliyadagi 8 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan 2,15 million nafar bolalar sonidan ancha ko‘p. Demak, ko‘plab bolalar bir nechta akkauntni ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Fransiya 2023 yil iyulda «raqamli balog‘at yoshi» haqidagi qonunni qabul qildi: 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda faqat ota-onalarining ruxsati bilan akkaunt ochishi mumkin.
2026 yilning yanvarida Fransiya Milliy majlisi (parlament quyi palatasi) 15 yoshdan kichik o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
Loyiha muallifi, «Uyg‘onish» partiyasi deputati Lora Millerning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasining vazifasi ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri ortib borayotgan bir paytda «fransuz yoshlarining mental salomatligini himoya qilish»dan iborat.
Parlament a’zolari tomonidan ma’qullangan ushbu qonun yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash bilangina cheklanmaydi. Unda Fransiyadagi o‘rta maktablar hududida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlash ham nazarda tutilgan.
Endi ushbu qonun loyihasi Fransiya senati (parlamentning yuqori palatasi)da ko‘rib chiqiladi va agar tasdiqlansa, prezident Emmanuel Makron tomonidan imzolanadi. Qonun 2026 yil 1 sentabrdan kuchga kiradi.

«15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash — bu olimlar tavsiya qilayotgan va aksariyat fransuzlar talab qilayotgan choradir. Hukumat bilan samarali hamkorlikdan so‘ng, Milliy majlis buni ma’qulladi. Bu muhim bosqich. Endi Senat bu konstruktiv ishni davom ettirishi kerak.
Bu taqiq kelgusi o‘quv yili boshlanishiga qadar amalga kirishi uchun men hukumatdan tezlashtirilgan tartibni qo‘llashni so‘radim. Chunki farzandlarimizning miyasi sotilmaydi — na Amerika platformalariga, na Xitoy ijtimoiy tarmoqlariga. Ularning orzulari algoritmlar tomonidan boshqarilmasligi kerak. Biz Fransiyaga va uning qadriyatlariga ishonadigan avlodni istaymiz. 1 sentabrdan boshlab farzandlarimiz va o‘smirlarimiz nihoyat himoya qilinadi. Men buni nazorat qilaman», deb yozdi Makron X tarmog‘idagi sahifasida.
Fransuz qonun chiqaruvchilarining ta’kidlashicha, bolalar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pincha kiberta’qibga duch kelishadi. Shuningdek, bu taqiq bolalarning o‘qishi va sog‘lig‘iga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblashmoqda: ijtimoiy tarmoqlar sababli bolalar qo‘liga kitob olmay qo‘yishgan va kam uxlashmoqda.
Ro‘yxatdan o‘tish qoidalariga rioya qilmaganlik uchun ijtimoiy platformalar global daromadining 1 foizigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Portugaliyada fevral oyida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish yoshiga oid qonun loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tdi. Loyihaga ko‘ra, 13 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqlar, videoplatformalar va messenjerlardan faqat ota-ona yoki vasiylarning aniq bildirilgan va tasdiqlangan roziligi bilan foydalanishlari mumkin.
Xitoy. Bolalarning ijtimoiy platformalarga kirishini cheklovchi aniq qonun mavjud emas. Ammo bu mamlakatda internet qattiq tartibga solinadi va Xitoy hukumatiga shubhali ko‘ringan har qanday kontent darhol bloklanadi.
Shu bilan birga, ayrim kompaniyalar voyaga yetmaganlar uchun mustaqil ravishda cheklovlar joriy etishi mumkin. Masalan, TikTok’ning Xitoy versiyasida 14 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun smartfonda ilovadan foydalanish vaqti kuniga 40 daqiqa bilan cheklangan. Shuningdek, bolalar uchun soat 22:00 dan 06:00 gacha ilova ishlamaydi.
Malayziya. Mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardan voyaga yetmaganlarning foydalanishini taqiqlovchi qonun 2026 yil 1 yanvardan kuchga kirdi. Ko‘zda tutilgan choralar esa keyinroq, foydalanuvchilarning yoshini raqamli tarzda tasdiqlash mexanizmlari ishlab chiqilganidan so‘ng amalga kiritilishi kutilmoqda. Qo‘shni Indoneziyada esa shunga o‘xshash taqiq 2026 yil 28 martdan kuchga kirdi: voyaga yetmaganlarning «yuqori xavfli platformalar»dagi, xususanFacebook, Instagram, TikTok va Roblox’dagi akkauntlari bosqichma-bosqich o‘chirib boriladi.
BAA. 2025 yilda ijtimoiy tarmoqlar hamda barcha mahalliy va xorijiy internet xizmati ko‘rsatuvchilarga taalluqli qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan yoshni aniqlash va kontentni shunga mos ravishda filtrlash mexanizmlarini joriy etish majburiy qilindi, shuningdek bolalarning shaxsiy ma’lumotlarini to‘plash taqiqlandi.
Vetnamda 2024 yildan beri amal qilayotgan dekretga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqlar va o‘yin platformalaridagi akkauntlar ota-ona yoki vasiylar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Shuningdek, kontentni nazorat qilish ham ota-onalar zimmasiga yuklatilgan.
Bundan tashqari, onlayn o‘yinlar uchun yoshga qarab toifalash tizimi joriy etilgan hamda voyaga yetmagan foydalanuvchilarning o‘yin platformalarida o‘tkazadigan vaqti cheklangan.
Braziliya. 2025 yil sentabrda Lotin Amerikasining eng yirik davlati hukumati ijtimoiy platformalarni foydalanuvchilar yoshi bilan bog‘liq qator yangiliklar kiritishga majbur qildi. Ular ota-onalarga 16 yoshdan kichik bolalarning akkauntlariga kirish imkonini berishi va yoshni tekshirish mexanizmlarini joriy etishi shart.
Bu cheklovlar o‘sib kelayotgan avlodni zararli axborotdan himoya qilish istagi bilan izohlandi. Qonun chiqaruvchilarni, ayniqsa yosh inflyuyenserlar tarqatayotgan kontent tashvishga solmoqda.
Yangi qoidalarga rioya qilmagan ijtimoiy tarmoqlar kompaniyaning Braziliya hududidagi umumiy daromadining 10 foizigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
AQSh. AQShda ham umummilliy taqiq yo‘q. Lekin 13 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi va 17 yoshgacha bo‘lganlar uchun kontentni cheklovchi qonun loyihasi Kongressda hozircha dastlabki muhokama bosqichida turibdi. Shu bilan birga, shtatlar darajasida ayrim cheklovlar joriy etilmoqda. Masalan, Yutada voyaga yetmagan foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘z yoshini tasdiqlashi, ota-onalar roziligini taqdim etishi va ularga o‘z akkauntlariga kirish imkonini berishi kerak.
Rossiya. Rossiyada nisbatan yumshoq choralar amal qiladi: VK ijtimoiy tarmog‘ida 14 yoshdan kichik foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘ta olmaydi, TikTok va X’da esa faqat 13 yoshdan boshlab akkaunt ochish mumkin.
Bundan tashqari, ayrim hududlarda mahalliy miqyosdagi qoidalar joriy etilmoqda. Masalan, Sverdlovsk viloyatida 24 soatlik monitoring tizimi ishga tushirildi — mutaxassislar o‘smirlar orasida destruktiv xulq-atvorni aniqlash uchun 4,6 million akkauntni kuzatib boradi.
Tekshiriladigan materiallar qatoriga taqiqlangan oqimlarga qiziqish yoki o‘z joniga qasd qilishga moyillikni ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan postlar kiradi. Tizim barcha shubhali postlar, fotosuratlar va yozuvlarni saqlab qoladi va bir necha soat ichida Ta’lim vazirligiga uzatadi.
Tataristonda ham o‘qituvchilar o‘quvchilarning chatlari, kanallari va akkauntlarini monitoring qiladigan bo‘ldi.
O‘quvchilarning ota-onalaridan bolaning barcha akkauntlari haqidagi ma’lumotlarni, jumladan telefon raqami va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari havolalarini taqdim etish so‘ralmoqda.
Ushbu chora Rossiya bo‘ylab bir oy ichida o‘quv muassasalarida sodir bo‘lgan beshta hujumdan keyin qabul qilindi.
Yana qaysi davlatlarda cheklovlar muhokama qilinmoqda?
Qozog‘iston. Mamlakat Ta’lim vazirligi SIM-kartalarni bolalar uchun alohida ro‘yxatdan o‘tkazish, 14 yoshgacha bo‘lganlar foydalanadigan kontentni nazorat qilish va maktablarda mediasavodxonlikni kuchaytirish kabi takliflarni ko‘rib chiqmoqda.
«Hozir cheklovlarni ko‘rib chiqyapmiz — bir nechta takliflar bor. Vazirlikda ishchi guruh tuzildi. Biz bolalarni huquqqa xilof kontentdan himoya qilmoqchimiz, bu ko‘pgina mamlakatlarda qo‘llanadi. Masala ochiq va jamoatchilik bilan muhokama qilinadi, jumladan ota-onalar, pedagoglar va OAV bilan ham», — dedi ta’lim vaziri Juldiz Suleymenova.
U tashabbus hozircha muhokama bosqichida ekanini, yakuniy qarorlar hali qabul qilinmaganini ta’kidladi.
O‘tgan yil dekabrida Qozog‘istonda 16 yoshdan kichik foydalanuvchilarning onlayn-platformalarda ro‘yxatdan o‘tishiga taqiq joriy etuvchi qonun loyihasi tayyorlangan edi.
Daniya. 2025 yil oxiridan buyon 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlash, lekin ota-onalar ruxsat bersa, 13 va 14 yoshdagi bolalar uchun istisnolar bo‘lishi ko‘zda tutilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.
Cheklovlarni joriy etishning asosiy sababi - o‘smirlarning ruhiy salomatligi. Daniyalik ekspertlar bolalarda xavotir hissining ortishi va diqqat susayishini juda erta yoshda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan bog‘lashmoqda.
Norvegiya. Mamlakatda ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tish uchun 13 yoshlik chegara amal qiladi. 2025 yilda hukumat 15 yoshdan kichik foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlaydigan va yoshni tasdiqlashning qat’iy tizimini joriy etadigan qonun ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
Bolalarni ijtimoiy tarmoqlardagi salbiy ta’sirlardan himoya qilish yangi cheklovlar uchun asos sifatida ko‘rsatilmoqda.
Ispaniya. Mamlakatda hukumat tomonidan taklif etilgan qonun loyihasi faol muhokama qilinmoqda, unga ko‘ra 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar ijtimoiy tarmoqlarda faqat ota-onalar yoki vasiylarning ruxsati bilan ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Cheklovdan maqsad — Norvegiyadagi singari bolalarni ularning rivojlanishiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kontentdan himoya qilish.
«Ijtimoiy tarmoqlar qonunlarga amal qilinmaydigan, jinoyatlarga toqat qilinadigan, dezinformatsiyani haqiqatdan ustun qo‘yiladigan, foydalanuvchilar nafrat bilan hujum qilinadigan barbod bo‘lgan davlatga aylandi. Bolalarimiz hech qachon yolg‘iz qolish uchun mo‘ljallanmagan makonga tushib qoldi... Biz endi bunga chidash niyatida emasmiz. Biz ularni raqamli Yovvoyi G‘arbdan himoya qilamiz», dedi Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Dubayda bo‘lib o‘tgan Butunjahon hukumat sammitida.
Gretsiya. Mamlakat bosh vaziri Kiriakos Mitsotakis 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirish taqiqlanishini ma’lum qildi. Bu boradagi qaror yozda qabul qilinishi, 2027 yil 1 yanvardan kuchga kirishi rejalashtirilgan.
Mitsotakisning so‘zlariga ko‘ra, unga ota-onalardan ijtimoiy tarmoqlarning bolalar ruhiyatiga salbiy ta’siri haqida ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda.
«Bolalarning ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlardagi taqqoslashlar va izohlardan charchaganini aytishmoqda. Olimlar bola soatlab ekran qarshisida o‘tirsa, uning miyasi dam olmasligini ta’kidlashmoqda», — dedi u.
«Agar biror narsa bizda stress keltirib chiqarsa, holatimizni yomonlashtirsa uni to‘xtatishimiz kerak. Shu bilan birga, bizning maqsadimiz sizlarni texnologiyalardan mahrum qilish emas, balki bu texnologiyalarni ilhom, bilim va ijod manbai sifatida saqlab qolishdir», — deya qo‘shimcha qildi Mitsotakis.
ChORALAR TURLIChA, MAQSAD BIR
Yuqorida keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, bolalar va o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlar ta’sirini cheklash choralari turlicha bo‘lishi mumkin. Biroq ularning maqsadi hamma joyda bir xil: o‘sib kelayotgan avlodning xavfsizligi va ruhiy salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish.

Shu sababli ham turli mamlakatlarda ota-onalar hukumat tomonidan qabul qilinayotgan choralarni qo‘llab-quvvatlayotgani bejiz emas. 2025 yilda dunyoning 30 mamlakatida yoshi kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Ipsos xalqaro tadqiqoti natijalariga ko‘ra, so‘rovda qatnashganlarning o‘n nafaridan yetti nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tarafdori ekanligini bildirgan.
Masalan, allaqachon taqiq joriy etilgan Avstraliyada 79 foiz, Indoneziyada 87 foiz, Fransiyada esa 85 foiz respondent bu chorani qo‘llab-quvvatlagan. Eng kam qo‘llab-quvvatlash Germaniya va Tailandda kuzatilgan — har ikkisida 53 foizdan.
Shu bilan birga, cheklov choralarini qo‘llab-quvvatlovchilar soni 2024 yildagiga nisbatan Hindiston, Tailand va Vengriyadan tashqari barcha mamlakatlarda oshgan.
Germaniyada KB&B marketing kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada qatnashgan ota-onalarning 58 foizi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlash g‘oyasiga ijobiy munosabatda ekanini bildirgan.
Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniyadagi aksariyat oilalarda bolalarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi bo‘yicha turli cheklovlar allaqachon joriy etilgan (ijtimoiy tarmoqdan foydalanishni kuniga bir necha soatdan oshirmaslik, faqat muayyan vaqtlarda yoki haftaning ma’lum kunlarida foydalanishga ruxsat berish).
Nemis ota-onalari ijtimoiy tarmoqlarning voyaga yetmaganlarga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha eng samarali choralar orasida platformalar funksiyalarini yoshga qarab cheklashni birinchi o‘ringa qo‘yishgan.
Bu bilan ijtimoiy tarmoqlar bolalarga faqat salbiy ta’sir ko‘rsatadi degan fikrni aytishdan yiroqmiz. Yoshlarning axloqiy va ruhiy holatiga ta’sir qiluvchi omillar juda ko‘p. Ijtimoiy tarmoqlar esa ana shu omillar qatorida ta’sirchan, shamol qaysi tomonga essa o‘sha tomonga egilib o‘sadigan nihol kabi bolalarning ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ham e’tirof etish joiz. Voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini huquqiy jihatdan muvofiqlashtirish masalasida qonun chiqaruvchilar, huquq-tartibot organlari, pedagoglar, psixologlar va ota-onalar qanday fikrda?
Dilshodbek Asqarov.
Mavzuga oid
14:02 / 08.04.2026
“Qo‘lingni sindiraman”: Samarqandda o‘quvchilarga tahdid qilgan ona ustidan tekshiruv boshlandi
11:01 / 04.04.2026
AI va bolalar: Xitoy xavfli texnologiyalarga chek qo‘ymoqda
17:39 / 03.04.2026
Ijtimoiy tarmoqlardagi bolalar: obrazlar ortidagi xavflar
20:01 / 30.03.2026