17:56 / 30.09.2015
15632

Istiqlolchilik harakati haqida 17 yil ichida birinchi kitob nashr qilindi

O‘zbekistonda istiqlolchilik harakatiga bag‘ishlangan yangi kitob nashrdan chiqdi. “Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati: mohiyati va asosiy rivojlanish bosqichlari” Kitob Toshkentdagi “Yangi nashr” matbaa uyida 2 ming nusxada chop etildi.

Kitob muallifi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov ayni kunlarda Fanlar Akademiyasi Tarix institutining “O‘zbekistonning sovet davri tarixi” bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritmoqda. U sovet tarixchiligida qo‘llangan “bosmachi” istilohi o‘rniga “istiqlolchi” atamasini joriy qilgan birinchi tadqiqotchilardan biri hisoblanadi.

“Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati” ushbu mavzuda oxirgi 17 yil ichida chop etilgan birinchi ilmiy monografiya bo‘lgani ta'kidlanmoqda. Shu bilan birga, bu davr ichida mazkur mavzu yuzasidan boshqa turdagi ilmiy va ilmiy-ommabop materiallar yaratib kelindi.

Kitobdagi asosiy yangiliklardan biri unda istiqlolchilik harakatining barcha ko‘zga ko‘ringan vakillari, katta-kichik guruhlarga boshchilik qilgan qo‘mondonlar, qo‘rboshilar va ponsodlarning to‘liq ro‘yxati keltirilganidir.

Ma'lumot uchun, 1918 yilda Turkiston ziyolilari va siyosatchilarining qonuniy yo‘l bilan mustaqil davlat yaratishga bo‘lgan harakati qurol kuchi bilan bostirilib, 72 kun umr ko‘rgan Turkiston muxtoriyati (Qo‘qon muxtoriyati) tugatilgach, milliy hukumatning ayrim sobiq a'zolari hamda boshqa siyosiy guruhlar vakillari kichik qurollangan guruhlar tashkil eta boshladi. Sovet tarixchiligi va siyosiy ritorikasida “bosmachilar” deb atalgan bu harakat a'zolari sekin-asta yirik guruhlarga birlasha boshladi. O‘nlab yillar davom etgan qurolli kurashdan so‘ng ushbu harakat sovet hukumati tomonidan yo‘q qilindi.

Istiqlolchilik harakatining eng mashhur vakillari Farg‘ona vodiysida Kichik Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Xorazmda Junaydxon, Buxoroda Anvar poshsho, Sharqiy Buxoro va Afg‘onistonda (bugungi Tojikiston hududi) Ibrohimbek Laqay bo‘ldilar.

Muallif: Eldor Asanov

Top