Xitoy qiruvchi samolyotlari amerikaliklarning razvedkachi samolyotini to‘xtatib qoldi
Xitoy Harbiy havo kuchlarining J-11 rusumli qiruvchi samolyotlari Janubiy Xitoy dengizida AQShning E-P3 rusumli razvedkachi samolyotini to‘xtatib qolgan. Bu ma'lumot Pentagon matbuot xizmati vakili Mishel Baldans tomonidan tasdiqlangan.
Uning aytishicha, bu hodisa AQSh samolyoti nazorat uchishini amalga oshirishi chog‘ida ro‘y bergan.
"Keyingi yillarda xitoylik uchuvchilarning professionalizmi o‘sib bormoqda, lekin oxirgi hodisada xavfsizlikka rioya qilinmaslik alomatlari bor edi", degan Baldans.
Hodisa bo‘yicha tekshiruvni AQShning Tinch okeanidagi armiyasi qo‘mondonligi olib boradi.
AQSh Xitoyni Janubiy Xitoy dengizini harbiylashtirishda (militarizatsiya) ayblab keladi. Xitoy bu hududdagi sun'iy orollarda aerodromlar barpo etgan.
Bu aerodromlardan xitoyliklar o‘z harbiy maqsadlarida foydalanishi mumkinligi taxmin qilinadi.
Rasmiy Pekin esa bu orollar tinch maqsadlarda qurilganini iddao qiladi. Lekin aprel oyida bu orollardan biriga ilk marta harbiy samolyot qo‘ndi.
Xitoy bir necha o‘n yillardan beri Janubiy Xitoy dengizidagi bir qator orollarni va arxipelaglarni (Sisha va Nansha) Vetnam, Bruney, Malayziya, Filippin kabi mamlakatlar bilan talashib keladi. 2013 yil oxiridan beri rasmiy Pekin ushbu orollarni o‘zlashtirish maqsadida bu yerlarda keng miqyosli qurilish ishlarini olib bormoqda.