BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini eʼlon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori boʻlgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 soʻm narxda taklif etilmoqda.

Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga koʻmaklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin Oʻzbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:

  • boshlangʻich toʻlov - 35%;

  • boʻlib toʻlash muddati - 35 oy;

  • foiz stavkasi - 0%;

  • moliyalashtirishni rasmiylashtirish - faqat OFB hamkor banki orqali.

Mustaqillikning 35 yilligiga bagʻishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026-yil 29-avgustdan 1-sentabrgacha amal qiladi.

Dastur shartlari qutlugʻ sana bilan ramziy tarzda uygʻunlashtirilgan boʻlib, yangi supergibrid sedanni Oʻzbekiston boʻylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.

BYD CHAZOR UzPride haqida

BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uygʻunlashtirilgan.

132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC oʻlchov tartibi boʻyicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past boʻlganda yoqilgʻi sarfining eng kam koʻrsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.

55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli koʻrsatkichlar paneli, oʻzbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.