Jizzaxdagi zavodda qanday avtomobillar ishlab chiqariladi?
Toshkentdan qariyb toʻrt soatlik yoʻldan soʻng, Kun.uz muxbiri Jizzaxdagi BYD Uzbekistan Factory zavodiga yetib bordi. Bu yerda konveyerlar toʻxtovsiz harakatda: birin-ketin turli modellar yigʻilib, tayyor avtomobillar safini toʻldirmoqda. Zavoddagi jarayon bilan tanishish davomida mutaxassislardan avtomobillarni yigʻish tartibi, sifat nazorati va mahalliy kadrlarni tayyorlash tizimi haqida maʼlumot olindi.
Masʼullarning aytishicha, avtomobilning sifatini faqat konveyer oxiridagi yakuniy tekshiruv belgilamaydi. Mashina tayyor holga kelguncha bir necha bosqichli nazorat va sinovlardan oʻtadi. Jarayonning istalgan bosqichida xatolik aniqlansa, avtomobil keyingi jarayonga oʻtkazilmaydi. Avval muammo aniqlanadi, sababiga baho beriladi va tegishli choralar koʻriladi. Yaʼni konveyerdan chiqayotgan har bir avtomobil ortida faqat yigʻish ishi emas, bosqichma-bosqich nazorat tizimi ham turadi. Mashinaning yakuniy holati esa aynan shu ketma-ket tekshiruvlar natijasida shakllanadi.
Mazkur jarayonda mahalliy mutaxassislarning malakasi ham muhim oʻrin tutadi. Chunki zamonaviy avtomobilni yigʻish detallarni bir-biriga ulash bilangina tugamaydi. Har bir bosqichda texnologik talab va sifat standartlariga rioya qilish talab etiladi.

Mahalliylashtirish faqat ehtiyot qismlardan iborat emas
Avtomobil ishlab chiqarishda yana bir muhim jihat – mahalliy kadrlar malakasi. Zamonaviy avtomobilni yigʻish uchun texnologik uskunalar bilan ishlash, ishlab chiqarish standartlari va sifat nazorati talablarini yaxshi biladigan mutaxassislar kerak. Shu sababli zavoddagi mahalliy xodimlar tegishli oʻquv jarayonlaridan oʻtadi. Maqsad ularning BYD global ishlab chiqarish talablariga mos ishlashini taʼminlash.

CHAZOR va yangilangan SONG PLUS: konveyerdan qanday avtomobillar chiqmoqda?
Jizzaxdagi zavod konveyerida turli modellarni koʻrish mumkin. Ular orasida CHAZOR UzPride ham bor. Mahalliylashtirish jarayoni esa bunday gibrid avtomobillarni Oʻzbekiston bozori va xaridorlarning kundalik ehtiyojlariga moslashtirish imkonini bermoqda. Shahar ichidagi qatnovlar, kundalik yumushlar va doimiy foydalanish uchun moʻljallangan CHAZOR’da gibrid texnologiyaning tejamkorlik jihati alohida eʼtibor tortadi.
Konveyerdagi yana bir eʼtiborli model – yangilangan SONG PLUS DM-i UzPride. Avtomobilning tashqi koʻrinishidagi yangiliklarni uzoqdan ham payqash mumkin: yoritiladigan yangi BYD logotipi va 19 dyuymli gʻildirak disklari modelga yanada agressiv koʻrinish bergan.
Biroq yangilanishlar faqat tashqi koʻrinish bilan cheklanmaydi. Oʻzbekiston sharoiti va mahalliy xaridorlar ehtiyojidan kelib chiqib, avtomobilda qishki ob-havoda qoʻl keladigan funksiyalar ham qoʻshilgan. Jumladan, rul hamda oyna tozalagichlar zonasini isitish tizimi mavjud. 150KM Flagship versiyasida esa avtomatik yomgʻir sensori oʻrnatilgan. Salonda toʻliq qora rangdagi interyer koʻzga tashlanadi. Markaziy panelga 50 Vt gacha tezkor simsiz quvvatlash tizimi qoʻshilgan.
Uzoq safarlarda haydovchiga yordam beradigan texnologiyalar ham yetarli. Misol uchun, adaptiv kruiz-nazorat hamda avtomobilni oʻz harakatlanish qatorida ushlab turishga koʻmaklashuvchi intellektual ICC tizimi haydovchining yoʻldagi yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Barcha avtomobillarda Blade Battery
Jizzaxdagi BYD Uzbekistan Factory konveyeridan chiqayotgan avtomobillarning yana bir muhim jihati ularda BYD’ning Blade Battery akkumulyator texnologiyasidan foydalanilayotganida. Kompaniya ushbu batareyani xavfsizlikka alohida urgʻu berilgan texnologik yechim sifatida taqdim etadi. Blade Battery BYD’ning elektr va gibrid avtomobillarida qoʻllanadigan asosiy texnologiyalardan biri hisoblanadi.
Elektr va gibrid avtomobillarda batareya harakatlanish uchun zarur energiyani taʼminlash bilan bir qatorda, avtomobilning umumiy xavfsizligida ham muhim oʻrin tutadi. Shu sababli, batareyaning oʻzi va uni avtomobilga oʻrnatish jarayoni ham qatʼiy texnologik nazoratni talab qiladi. Jizzaxdagi zavodda esa Blade Battery bilan jihozlangan avtomobillar konveyerning navbatdagi bosqichlaridan oʻtib, yakuniy nazoratga yuboriladi.

Xitoy standarti Jizzaxgacha yetib kelganmi?
Jizzaxdagi zavoddagi jarayonlar bilan tanishish davomida asosiy savol yana oʻsha: Oʻzbekistonda yigʻilayotgan BYD avtomobillari Xitoyda ishlab chiqarilayotgan modellardan sifat jihatidan farq qiladimi?
Bu savolga faqat zavoddagi bir kunlik kuzatuv asosida yakuniy javob berish qiyin. Chunki avtomobil sifati nafaqat yigʻish jarayoni, balki uning uzoq muddatli ekspluatatsiyasi, mustaqil sinovlar va nosozliklar statistikasi kabi koʻrsatkichlar orqali ham baholanadi.
Shu bilan birga, "Oʻzbekistonda yigʻilgan BYD sifati pastroq" degan qarashni faqat avtomobilning qayerda yigʻilgani bilan izohlash toʻgʻri emas. Bunda ishlab chiqarish standartlari, sifat nazorati, texnologik jarayonlar va mutaxassislar malakasi kabi omillar muhim.
Jizzaxdagi zavodda kuzatilgan jarayonlar esa mahalliylashtirish faqat avtomobilni shu yerda yigʻishdan iborat emasligini koʻrsatadi.
Reklama huquqi asosida















