Jahon | 14:13 / 13.09.2016
7988
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya harbiylari Isroil samolyoti urib tushirilgani haqida ma'lum qildi

Suriya armiyasining havo hujumidan mudofaa tizimlari mamlakat janubi-g‘arbidagi Kuneytra viloyati hududida Isroil Harbiy havo kuchlariga tegishli harbiy samolyot va uchuvchisiz uchish qurilmani urib tushirgani haqida ma'lum qildi. 

SANA agentligi xabariga ko‘ra, suriyaliklar Isroil samolyotlari mamlakat qo‘shinlari marralariga hujum uyushtirganidan so‘ng javob zarbasi qaytarishi asnosida ushbu hodisa ro‘y bergan.

Bundan oldinroq Isroil aviatsiyasi Golan tepaliklarida Suriya hududidan uchirilgan snaryad portlaganidan so‘ng qo‘shni mamlakat hukumati armiyasining artilleriya qismlari joylashgan hududga hujum qilganii haqida xabar berilgandi. 

Isroil armiyasi keyingi vaqtlarda Suriya tomonidan snaryadlar kelib tushishi bilan bog‘liq holatlar keskin ko‘paygani haqida ma'lum qilgan.

Damashq va Tel-Aviv munosabatlari Golan tepaliklari bo‘yicha bahs tufayli tarang holda qolmoqda. Isroil 1967 yili "Olti kunlik" urush davomida bu hududni egallab olgandi. Lekin Damashq hanuzgacha bu hududga egalik qilish da'volaridan voz kechmagan.

Mavzuga oid