Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiya parlamenti raisi o‘rinbosari: “O‘zbekiston FETÖ tahdidini ancha avval payqagan edi”
Turkiya parlamenti (Buyuk Millat Majlisi) raisining o‘rinbosari Erbay Kujyet O‘zbekiston Fathulla Gulen boshchiligidagi terrorchi tashkilot tahdidini ancha avval payqaganini e'tirof etdi. Turkiya parlamenti vakili mazkur masalaga 17 oktabr kuni o‘rta osiyolik jurnalistlar, jumladan kun.uz vakillari hozir bo‘lgan Anqaradagi “Tarix va milliy birlikni anglash” mavzusidagi mashvarat doirasida tashkil etilgan uchrashuvda to‘xtalib o‘tdi.
“O‘zbekiston FETÖ – Fathulla Gulen terrorchi tashkilotiga qarshi tegishli chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rganini ta'kidlashni istardim. O‘sha davrda buning uchun O‘zbekiston tomoni tanqid qilingan edi. Ammo vaqt o‘tib, FETÖ’ga qarshi qo‘llangan choralar to‘g‘ri ekanini ko‘rsatmoqda. Buning uchun O‘zbekiston tomonidan minnatdormiz”, – dedi Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisining o‘rinbosari Erbay Kujyet.
Qayd etilishicha, FETÖ uzoq yillar mobaynida g‘arazli maqsadini ustomonlik bilan yashirib kelgan. 15 iyul kuni Turkiyada ro‘y bergan davlat to‘ntarishiga urinish paytida esa tashkilotning asl qiyofasi namoyon bo‘lgan.
“Turkiya uchun katta sinov bo‘lgan o‘sha kecha FETÖ terrorchi tashkiloti o‘z xalqiga qarshi qurol ko‘tardi, ta'bir joiz bo‘lsa, demokratiyaga tajovuz qildi. Turkiya parlamenti binosiga bomba yog‘dirildi. Bu esa millatning yuragiga pichoq sanchish bilan barobar bo‘ldi”, – deya mulohazalarini davom ettirdi turkiyalik deputat.
Qonunchilik idorasi vakiliga ko‘ra, deputatlar tahlikali vaziyatda mamlakat yaxlitligi va demokratik qadriyatlar himoyasi yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib harakat qildi.
“Yovqurlik – barcha turkiy xalqlarga xos fazilat. Turkiylarning hayoti azaldan ot ustida kechgan. Turkiylar tarixda mislsiz qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan. Turk olami bugungi tahlikali davr sinovlaridan ham bir-biriga yelkadosh bo‘lib o‘tishiga ishonaman”, – deya xulosa qildi Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisining o‘rinbosari Erbay Kujyet.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15 iyul kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y berdi. Turkiya rahbariyatiga ko‘ra, mazkur jinoyat AQShda yashayotgan Fathulla Gulen va uning terrorchi tashkiloti tomonidan uyushtirilgan. Rasmiy Anqara AQShdan Fathulla Gulenni Turkiyaga ekstraditsiya qilishni talab etmoqda.
Davlat to‘ntarishiga urinish chog‘i 240 dan oshiq kishi halok bo‘lgan, 2000 dan ziyod kishi jarohatlangan. Harbiy isyon xalqaro hamjamiyat tomonidan keskin qoralangan.
Sobir Salim
Mavzuga oid
19:03 / 16.06.2023
Turkiyada FETÖ tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari 21 yilga qamaldi
22:49 / 16.02.2021
Maxsus xizmatlar O‘zbekistondan Turkiyaga FETÖ’ning ikki a'zosini qaytardi
20:23 / 14.11.2018
Turkiya 83 ta davlatdan Gulen tarafdorlarining topshirilishini talab qildi
19:23 / 02.10.2018