O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR raisi Si Jinping taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Pekin shahriga jo‘nab ketdi. Prezidentga safarda rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva hamrohlik qildi.
«Shoudu» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Prezidentni XXR rasmiy shaxslari kutib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevni 12 may kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi binosida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. O‘zbekiston va Xitoy davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
XXR raisi Si Jinping O‘zbekiston rahbarini Xitoyga birinchi davlat tashrifi bilan samimiy qutladi.

«Siz bilan Pekinda uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu yil davlatlarimiz o‘rtasidagi diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 25 yil to‘lgani hamkorligimizning bundan keyin ham jadal rivojlanishiga zamin bo‘ladi. Bugun barcha sohalarda hamkorligimiz izchil rivojlanayotgani bizni quvontiradi», — dedi Si Jinping.
XXR Raisi Xitoy va O‘zbekiston munosabatlari yangi davrga, sifat jihatdan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini, bu bosqich yuqori texnologiyalar sohasida keng ko‘lamli hamkorlik boshlangani bilan izohlanishini ta'kidladi.
Shavkat Mirziyoyev taklif uchun minnatdorlik bildirdi va bugungi muzokaralar oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi ekanini ta'kidladi.
«O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga hurmat ko‘rsatib, 2016 yil Buxoroga borganingiz, ajdodlarimiz qoldirgan boy madaniy merosga katta qiziqish bildirganingizdan xursandmiz. O‘zbekiston Xitoyni qadimiy tarix va noyob madaniyat, ulkan salohiyatga ega, jahon iqtisodiyotining yetakchilaridan bo‘lgan va o‘z maqsadlari yo‘lida dadil borayotgan mamlakat sifatida biladi», — dedi Mirziyoyev.
Muzokaralarda o‘zaro va ko‘p tomonlama munosabatlarga oid dolzarb masalalar, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish xususida atroflicha fikr almashildi.
Kengaytirilgan tarkibdagi muzokarada iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.











