Davlat rahbari tadbirga yigʻilganlarni Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi.
“35 yil – tarix uchun juda qisqa davr. Lekin ortda qolayotgan yillar oʻzining koʻlami, yutuq va natijalari bilan asrga tatigulik davr boʻldi, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi”, – dedi prezident.
Ushbu oʻzgarishlarning haqiqiy muallifi mehnatkash va olijanob xalqimiz ekani taʼkidlandi.
Shavkat Mirziyoyev mustaqillikning qadr-qimmati qishloqda rizq-roʻz yaratayotgan fermer va dehqonlar, farzandlarga taʼlim-tarbiya berayotgan ustoz va murabbiylar, inson hayotini asrayotgan shifokorlar mehnatida namoyon boʻlishini qayd etdi.
Shuningdek, ilm-fan taraqqiyotiga yangi gʻoya va kashfiyotlar olib kirayotgan olimlar, zamonaviy korxonalar barpo etayotgan sanoatchi va tadbirkorlar, shahar va qishloqlarni obod qilayotgan quruvchi hamda arxitektorlarning hissasiga alohida toʻxtaldi.

Prezident mustaqillikning kuch-qudrati madaniyat, sanʼat va sportni rivojlantirish yoʻlida xizmat qilayotgan insonlarning mahoratida, islohotlar ijrosini har bir mahalla va har bir xonadonga yetkazayotgan davlat xizmatchilarining mehnatida ham namoyon boʻlishini taʼkidladi.
Joylarda odamlarni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirayotgan nuroniylar va mahalla faollari, xalq osoyishtaligi hamda Vatan tinchligini taʼminlayotgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining jasorati alohida qayd etildi.
“Bir soʻz bilan aytganda, Yangi Oʻzbekistonning eng katta natijasi, bu oʻzgargan inson, oʻz kuchiga ishongan fuqaro, ertangi kunga daxldorligini his qilayotgan jamiyatdir!” – dedi davlat rahbari.
Fidoyi va bunyodkor vatandoshlar, mustaqillikning eng katta kuchi va tayanchi boʻlgan butun Oʻzbekiston xalqiga chuqur minnatdorchilik bildirildi.
Shavkat Mirziyoyev inson qadri ulugʻlangan, adolat va taraqqiyotga tayangan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidan xalq bilan birgalikda dadil borilayotganini taʼkidladi.









