Fan-texnika | 09:45 / 20.12.2017
12468
2 daqiqa o‘qiladi

UPS kompaniyasi Tesla elektr yuk mashinasining eng yirik buyurtmachisiga aylandi 

AQShning United Parcel Service (UPS) kurerlik xizmati Tesla’ning Semi elektr yuk mashinalariga eng ko‘p buyurtma bergan kompaniyaga aylandi. Kompaniya 125 ta Tesla Semi’ga buyurtma bergan, deb xabar bermoqda Automotive News nashri.

Tesla yuk mashinasi narxi kamida 150 ming dollarni tashkil qiladi. Shu tariqa buyurtma UPS’ga deyarli 19 mln dollarga aylanadi. Hozir Tesla yuk mashinalari uchun oldindan 20 ming dollar miqdorida depozit olmoqda.

Foto: Tesla

Bundan avval Tesla Semi’ning eng yirik buyurtmachisi PepsiCo kompaniyasi hisoblanayotgandi. Pepsi va Lay’s brendlariga egalik qiluvchi kompaniya bu yuk mashinalaridan 100 tasiga buyurtma bergandi. Bu mashinalar kompaniyada mavjud 10 mingta mashinaga kelib qo‘shiladi.

Avvalroq Budweiser markasidagi pivo ishlab chiqaruvchi Anheuser-Busch kompaniyasi ham 40 ta Semi’ga buyurtma bergandi. Shuningdek, DHL, Wal-Mart va Sysco kompaniyalari ham 10 tadan Semi’ga buyurtma berishgan. Ayni vaqtda yuk mashinasiga buyurtmalarning umumiy miqdori 410 tadan oshmoqda. Shu tariqa Tesla oldindan to‘langan haq hisobiga 8 mln dollardan ko‘proq mablag‘ni qo‘lga kiritdi.

Foto: Tesla

Tesla Semi noyabrda taqdim qilingandi. Yangi mashina bir quvvatlanishda 482 km va 800 km yo‘l bosa oladigan ikkita modifikatsiyaga ega. Yuk mashinasi 4 ta elektromotor bilan jihozlanadi. U to‘liq yuklanganda (36 tonna) 100 km/soat tezlikka 20 soniyada erisha oladi. Yuk mashinasi 2019 yildan ishlab chiqarila boshlanadi.

Mavzuga oid