Joriy hafta yakuni derbilarga va boshqa bir qator muhim o‘yinlarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Shimoliy London, Istanbul va Valensiya derbilari o‘z nomidan tashqari turnir jadvalidagi ahamiyati sabab ham muhim sanaladi. Tribuna.Uz haftaning eng asosiy o‘yinlari anonsi bilan tanishtirib o‘tdi.

TOTTeNHEM - ARSeNAL (10 fevral, 17:30)


O‘tgan mavsumda Premer Liga tarixida ilk bor «Tottenhem» «Arsenal»dan yuqoriroq o‘rinda mavsumni yakunladi. Umuman so‘nggi yillarda Shimoliy Londondagi ustunlik ko‘proq Pochettino jamoasiga og‘ib borayotgani sir emas, hatto qatorasiga uch yil «Arsenal» azaliy raqibi ustidan g‘alaba qozonmay kelayotgandi. Faqatgina mana shu mavsumda, birinchi davradagi o‘yinda «Arsenal» 2:0 hisobida yutdi va yutganda ham, juda chiroyli va katta ustunlik bilan bu ishni amalga oshirdi. Hozir esa, Venger shogirdlarida raqibiga turnir jadvalida yaqinlashib olish va kuchli to‘rtlik uchun kurashni yanada yuqori bosimga oshirish imkoniyati turibdi.

Hozirda «Tottenhem» 49 ochko jamg‘argan va 4-o‘rindagi «Chelsi»dan atigi bir ochko ortda bormoqda. «Arsenal» esa, 45 ochko bilan oltinchi o‘rinni egallab turibdi. 

O‘yinga har ikki jamoa ikki xil holatda yetib kelishmoqda. «Arsenal» transfer darichasini juda aktiv o‘tkazdi va o‘z safiga Mxitaryan, Obameyang kabi yulduzlarni qo‘shib oldi, O‘zil bilan yangi shartnoma imzoladi – bu ijobiy o‘zgarishlar jamoa o‘yinida ko‘tarinkilik olib kelgani shubhasiz. Buni «Everton» darvozasida o‘ttiz daqiqada kiritilgan to‘rt gol ham isbotlab turibdi. Ya'ni yulduzlari ketishni istayotgan, qatorasiga omadsiz o‘yinlar girdobida qolgan kayfiyatsiz jamoadan go‘yoki yangi mavsumga kirib kelayotgan «Arsenal»ga aylanib olishdi.

«Tottenhem»da xorg‘inlik ko‘zga tashlanishi ehtimoli bor. Jamoa so‘nggi ikki turni «Manchester Yunayted» va «Liverpul»ga qarshi o‘tkazdi. «MYu» ga qarshi o‘yin nisbatan oson kechgandek tuyulsa-da, kuchli raqibga tayyorgarlik va bunday o‘yinlarda so‘nggi daqiqalargacha diqqat bilan o‘ynash ham futbolchilarni charchatadi. Buning ustiga «Nyuport» dard ustiga chipqon bo‘ldi: uch kun oldin  «Tottenhem» bu jamoa bilan Angliya kubogida takroriy o‘yinda maydonga tushishga majbur bo‘ldi. O‘yinda asosiy tarkib to‘p surmagan bo‘lsa-da, Ore, Song, Alli, Eriksen, Vanyama kabi futbolchilar maydonga tushganini ta'kidlash kerak. Shuningdek, jamoani chorshanba kuni Yevropa Chempionlar Ligasida Turinga safar kutib turibdi. Bunday vaziyatda butun fikr xayolni birgina mana shu derbiga qaratish ham Pochettinoga oson bo‘lmaydi.