To‘g‘risini aytish kerak, o‘tgan haftalarda chempionatlardagi asosiy ta'qibchilar hafsalani pir qilishdi. «Bavariya» va «PSJ» 2-o‘rindagi jamoalarni mos ravishda 6:0 va 7:1 hisobida yengib, chempionlikni rasmiylashtirishgan bo‘lishsa, shunaqa o‘yinda xarakter ko‘rsatgan «Manchester Yunayted» uch kun o‘tib, yanada xunukroq tarzda chempionlikni topshirishdi. «Vest Bromvich» «Old Trafford»da zafar quchdi.
Kecha esa, bu masalada ancha jiddiy va yengilmas bo‘lgan «Atletiko» ham ishongan tog‘dagi kiyik kabi, «Real Sosedad» maydonida yirik mag‘lubiyatga uchradi va «Barselona»ning ishini osonlashtirib berdi. Demak, kuchli beshlikda chempionlik masalasi deyarli hal.
Shunday bo‘lsa-da, biz qiziqib kuzatiladigan mamlakatlar intrigadan xoli emas. Keling, kelayotgan dam olish kunlari e'tiborimizni jalb qiladigan asosiy bahslar haqida hikoya qilamiz.
ANGLIYa: So‘nggi umid o‘yinlari
«Arsenal» mavsumni boshi uzra superkubokni ko‘targan holda boshlagandi, «Manchester Siti» chempionat bilan birga, fevralda Liga kubogini yutib olgan. «Liverpul»da hali Yevropadagi eng nufuzli turnirda g‘olib bo‘lish imkoniyati bor. Top-6 dagi ushbu mavsumda hali sovrin yutmagan qolgan uch jamoada esa, Angliya kubogi so‘nggi imkoniyat bo‘lib qolmoqda. Sovrin esa bitta, demak uch jamoadan ikkitasi yilni quruq qo‘l bilan tugatishadi.
Ertaga, 21 aprel kuni, soat 21:15da «Uembli»da dastlabki yarim final o‘yini bo‘lib o‘tadi. «Tottenhem» va «Manchester Yunayted» o‘rtasida. Har ikki jamoa ham hafta o‘rtasidagi chempionat bahslarini o‘tkazishdi va aytish kerakki, bu o‘yinlarga tanlangan tarkiblar jamoalarinng aynan yarim final o‘yiniga katta e'tibor qaratganliklarini sezish mumkin edi.
Ushbu jamoalarning APLdagi o‘yinlarida «Old Trafford»da mezbonlar 1:0, Londondagi o‘yinda esa, «Tottenhem» 2:0 hisobida ustun kelgan. Umuman, so‘nggi yillarda bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida aksariyat hollarda mezbonlar g‘alaba qozonishyapti. Ana endi, neytral maydonda kim kuchli ekanini bilib olamiz. O‘yin «Tottenhem» butun mavsum uy o‘yinlarini o‘tkazgan «Uembli»da bo‘lib o‘tsa-da, bu safar har ikki tomonning muxlislari deyarli teng bo‘lishini bo‘lishi katta ahamiyat kasb etadi.
Yana bir fakt, «Manchester Yunayted» ushbu stadionda qatorasiga olti («Manchester Siti» – 3:2, «Uigan» - 2:0, «Everton» – 2:1, «Kristal Pelas» – 2:1, «Lester» – 2:1, «Sauthempton» – 3:2) kubok o‘yinida g‘alaba qozonib kelmoqda.
«Yunayted» va «Tottenhem» hech bo‘lmasa, YeChL o‘rnini naqd qilishdi, «Chelsi» uchun esa, bu sovrin rostanam oxirgi imkoniyatdir. Konte jamoasiga narigi juftlikdan ko‘ra osonroq raqib tushgandek, ammo boshqa tomondan, APLda omadsizlikka uchrayotgan klub kubokni qo‘lga kiritishga urinib ko‘rishi mumkin. Esingizda bo‘lsa, 2012/13 yilgi mavsumida Premer Ligani tark etgan «Uigan» Angliya kubogini yutib olgandi. «Sauthempton» o‘tgan yili Liga kubogi finalida «Uembli»da «Manchester Yunayted»ga munosib raqib bo‘la olganini ham unutmaslik kerak.















