10:29 / 31.03.2018
20416

Ashxobodda kuchli zilzila yuz berishi haqidagi mish-mishlar vahima keltirib chiqardi

Foto: ca-news

Ashxobod aholisi juma, 30 mart kuni kuchli zilzila ro‘y berishi haqidagi mish-mishlar tufayli vahimaga tushib qoldi. Yer silkinishi soat 15:00da ro‘y berishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. «Xronika Turkmenistana» nashri muxbirlari xabariga ko‘ra, kunduzgi soat ikkidan so‘ng ko‘plab odamlar, shu jumladan tashkilotlar xodimlari ham ko‘chaga ommaviy ravishda chiqib, tabiiy ofat yuz berishini kutishgan.

Yirik supermarketlar ham yopilgan, ularning ishchilari binoni vahimada tark etishgan.

Yakunda zilzila yuz bermadi, biroq vahimada bo‘lgan shahar aholisi yana bir necha soat davomida ko‘chada qoldi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, zilzila yuz berishi haqidagi mish-mishlar belgilangan muddatdan bir necha kun avval tarqaldi. Ularning manbalarini aniqlash imkonsiz bo‘lgan.

Earthquake-report saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 28 mart kuni Ashxobodda yer silkinishi yuz bergan, biroq poytaxtda ham, Axal viloyatida ham shu kunlarda hech qanday zilzila sezilmagan.

Top