Shavkat Mirziyoyevning hayotidan bir kun
Har qanday insonning ma'lum bir rejasi va ish grafigi bo‘ladi. Reja ko‘pincha kunlik, haftalik, oylik va yillik bo‘ladi. Bugun O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmatidan kelayotgan axborot oqimiga nazar tashlay turib, har qanday insonning hayotida rejalashtirish chindan ham muhim o‘rin tutishiga amin bo‘ldik.
O‘zbekiston prezidentining bugungi kuniga e'tibor qarating.
Soat taxminan 11 larda Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi aerodromda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi bilan tanishdi. O‘zbekiston prezidenti bajarilgan ishlarni ko‘zdan kechirib, aeroportda qurilishi mo‘ljallangan obektlarning kam-ko‘stlarini to‘ldirib oxiriga yetkazish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Davlat rahbari qurilishda yorqinroq ranglardan ko‘proq foydalanish, aeroport hududini ko‘kalamzorlashtirish, o‘ylangan drenaj tizimini tashkil etish zaruriyatini ta'kidlab o‘tdi.
Tushdan so‘ng soat 1 da O‘zbekiston prezidenti Toshkent shahrining Maxtumquli va Ohangaron ko‘chalari kesishmasida barpo etiladigan yo‘l o‘tkazgich loyihasi bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Ohangaron shossesi bo‘ylab rejalashtirilayotgan yer usti metrosi qurilishi loyihalari bilan ham tanishdi.
Oradan bir soat o‘tib, O‘zbekiston prezidenti Toshkent shahrining Afrosiyob va Beshyog‘och ko‘chalari kesishmasida barpo etilayotgan ko‘pfunksiyali sport majmuasiga tashrif buyurdi. Davlat rahbari mazkur inshoot ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlab, majmua yil bo‘yi faoliyat ko‘rsatishiga erishish kerakligini aytib o‘tdi. Majmua bazasida sport jamoalarini tashkillashtirish, sport liboslari va anjomlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Yarim soat o‘tmasdanoq Shavkat Mirziyoyev Tashkent City biznes markazining qurilishi bilan tanisha boshladi. Davlat rahbari quruvchilar va injyenerlar, xorijlik mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Mehmonxonalar va kongress-hollda xalqaro tadbirlarni sifatli qilib o‘tkazish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, konferens-zallarni bezashda milliy uslubdan foydalanish kerakligini qayd etdi.
Shundan so‘ng prezident Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasida bunyod etilayotgan yo‘l o‘tkazuvchi ko‘prikni borib tomosha qildi. Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi jamiki yo‘l o‘tkazgichlarni inventarizatsiya qilish zaruriyati haqida gap ochib, ularga sifatli xizmat ko‘rsatish va rejali tarzda ta'mirlash kerakligini ta'kidladi. Shu maqsadda yo‘l o‘tkazgichlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha butun bir tizim yaratish, kerakli kadrlar bilan ta'minlash, shuningdek zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.
Shundan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanining Xirmontepa mahallasiga bordi. Prezident mahalla faollari, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar va bolalar bilan suhbatlashdi.
Keyin prezident Chilonzor tumanining Tirsakobod mahallasida amalga oshirilayotgan obodonchilik ishlarini ko‘zdan kechirdi.Shavkat Mirziyoyev mahalla hayoti bilan yaqindan tanishdi, faollar bilan suhbatlashdi. Davlat rahbari mamlakatning barcha shaharlarida zamonaviy mahalla markazlarini qurish, aholining tinchlik va farovonligini ta'minlash borasida topshiriqlar berdi.
Kun so‘ngida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va shahar tumanlari hokimlari, mas'ul rahbarlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Tadbir davomida poytaxtda sanoat va kichik biznesni rivojlantirish, aholining bandlik darajasini oshirish, Toshkent shahrida injyener-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash choralari belgilab olindi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan faktlardan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston prezidentining grafigi o‘ta zich. Bir kun ichida Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga chiqishga, 5 ta qurilish obekti bilan tanishishga, Toshkent shahridagi ikkita mahallada bo‘lib, mahalliy aholi bilan suhbatlashishga ulgurdi.
Inson o‘ziga ajratilgan qisqa yo‘l davomida qandaydir quvonchga erishishni istasa, u nafaqat o‘zining, boshqalarning ham ahvolini yaxshilash haqida o‘ylashi va rejalar tuzishi kerak, deb bejizga aytishmagan. Chunki u o‘zi his qilayotgan quvonch boshqalar uchun nechog‘lik quvonayotganiga va boshqalar uning uchun qanchalar quvonayotganiga bog‘liqdir.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024