O‘zbekiston | 17:45 / 06.10.2018
2194
2 daqiqa o‘qiladi

Milliy bank Fransiyaning “Kredit Agrikol” banki bilan 300 mln yevrolik shartnoma imzoladi

Foto: Milliy bank

2018 yil 5 oktabr kuni Parijda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi arafasida o‘tkazilgan O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida O‘zbekiston Milliy banki Crédit Agricole S.A. banki bilan 300 mln yevrolik kredit bitimini imzoladi. 

Shartnoma eksport kredit agentliklari sug‘urta qoplamasi ostida fransuz bankining kredit liniyasi hisobidan O‘zbekistondagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishni nazarda tutadi. Crédit Agricole S.A. Fransiya va boshqa Yevropa mamlakatlaridan uskunalar va texnologiyalarni yetkazib  berish bo‘yicha savdoni moliyalashtirish kabi xizmatlarni taklif qilishga tayyor.

Milliy bank tomonidan imzolangan kredit shartnomasi yangi sarmoya bozorlaridan foydalanish imkoniyatini ochib beradi, bu uzoq muddatli kredit resurslarini yanada qulayroq sharoitlarda jalb etish imkonini beradi.

Crédit Agricole S.A. bilan hamkorlik faqat kredit resurslarini jalb qilish bilan chegaralanib qolmasdan, shuningdek, o‘zbek tadbirkorlariga fransuz biznesi bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsalting xizmatlarini taqdim etadi. 

Crédit Agricole S.A. bankining kredit liniyasi davlat kafolatisiz jalb etilishi xalqaro moliya institutlarining O‘zbekiston va uning bank muassasalariga ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Crédit Agricole Corporate and Investment Bank S.A (“Kredit Agrikol Korporativ va Investitsiya Banki” AJ) Fransiya va Yevropa bank xizmatlari bozorida yetakchi bo‘lib, dunyoning 50 ta mamlakatida 52 milliondan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. "Global Finance" nashrining baholashicha, Crédit Agricole guruhi aktivlari 1,82 trln yevro bo‘lib, dunyoning eng yirik 50  banki orasida 13-o‘rinni egallaydi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid