O‘zbekiston | 10:00 / 25.12.2018
36483
4 daqiqa o‘qiladi

Beldirsoyda qor ko‘chkisi yuzaga keldi, uch kishi halok bo‘ldi

24 dekabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, «Beldirsoy» MFY hududida 3 nafar snoubordchi halok bo‘ldi. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, «Beldirsoy» sport majmuasining «Dor yo‘lagi» (kanat yo‘li) hududida taxminan soat 16:00 atrofida 3 nafar yigit (1994 yili tug‘ilgan M.M, 1999 yil tug‘ilgan M.M va va 1999 yil tug‘ilgan M.S) snoubord bilan shug‘ullanish jarayonida taqiqlangan xavfli hududda harakatlanish natijasida kichik qor ko‘chkisi yuzaga kelgan, oqibatda ular qor uyumlari ostida qolib, halok bo‘lishgan.

Voqea joyida qutqaruvchilar tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida muzlab qolgan jasadlarni qor ostidan soat 19.05da chiqarib olishgan.

Sodir bo‘lgan holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda, o‘lim sabablariga aniqlik kiritilmoqda.

Vazirlik yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida tog‘li hududlarda xavfsizlik qoidalariga qat'iy rioya qilishni tavsiya etmoqda.

Qor ko‘chkisida qanday harakat qilish kerak?

Qor ko‘chkisi – bu katta hajmdagi qorning 20 – 30 m/s tezligida ko‘chishiga yoki harakatlanishidir.

Ko‘chki tushishining ko‘p zarar yetkazadigan jihati bu ko‘chkidan oldingi to‘lqin hisoblanadi. O‘zbekistonda qor ko‘chkisi xavfi yuqori mavjud bo‘lgan hududlar bu tog‘li hududlardir.

Qor ko‘chkisi paydo bo‘lish sabablari: uzoq vaqt qor yog‘ishi, kuchli qor erishi, zilzila, portlash va tog‘ yonbag‘irlarining titrashi shular jumlasidandir.

O‘zbekistonning iqlimi keskin o‘zgaruvchan bo‘lib, uzoq qor yog‘ishi va keyingi kunda issiq haroratning kuzatilishi qor erishiga olib keladi.

Qor ko‘chkisi ostida qolganda qanday harakatni bajarish lozim?

Burun va og‘zingizni sharf yoxud bo‘yinbog‘ bilan yoping; ko‘chki bo‘ylab harakatlaning, qo‘lingizni suzish holati kabi harakatlanib ko‘chkining sirtida ushlab turishga va tezlik past bo‘lgan tomonga harakat qiling. Ko‘chish to‘xtaganda, yuz va ko‘krak yaqinida bo‘sh joy yaratishga intiling, u nafas olishga yordam beradi. Imkoningiz bo‘lsa, yuqoriga qarab harakat qiling.

Ko‘chki vaqtida baqirmang – sababi qor barcha tovushni o‘z ichiga yutib yuboradi, bu kabi samarasiz harakatlar kislorod va issiqlikdan mahrum qiladi. Oqibatda, holdan toyasiz. Eng asosiysi hushingizni yo‘qotmaslikka va uxlab qolmaslikka harakat qiling. Sizni qutqarishlariga va qidiruv ishlari olib borilayotganiga ishoning (bu kabi vaziyatlarda qor ko‘chkisi ostidan hatto uch kun qolib ketgan kishilar qutqarib qolingan).

Turli baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘li hududlarda ayniqsa, taqiqlangan joylarda harakatlanmaslikni tavsiya etadi.

Mavzuga oid