O‘zbekiston | 13:25 / 13.01.2019
6255
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda harbiy xizmatchilar uchun mingga yaqin yangi xonadonlar foydalanishga topshirildi

11 yanvar kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi «Olmos» mahallasida Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari uchun imtiyozli ipoteka kreditlari asosida 904ta xonadondan iborat 31ta uy foydalanishga topshirildi.

Uy kalitlarini o‘z egalariga topshirish marosimida mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Bahodir Qurbonov, tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, yangi xonadonga ko‘chib o‘tayotgan harbiy xizmatchilarni qutlashdi.

«Mazkur uylar zamonaviy uslubda qurilgan bo‘lib, shinam va har tomonlama qulay xonadonlarga kirgan kishining ko‘ngli yorishadi», deyiladi Mudofaa vazirligi axborot xizmati xabarida.

«O‘g‘lim o‘n sakkiz yilllik faoliyati davomida bir necha viloyatda xizmat qildi. Oilasi bilan yetti marta ijara uy almashtirgan. Nabiralarim Xurshidjon va Elbek biri besh marta, biri uch marta maktabdan maktabga ko‘chdi. Bugun esa ular o‘zlarining vataniga ega bo‘ldi, men bundan juda ham xursandman», – deydi podpolkovnik O‘tkir Sattorovning onasi Farog‘at Maqsudova.

2018 yilda Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari uchun aynan shu mahallada 18ta uyda joylashgan 540ta xonadon imtiyozli ipoteka kreditlari asosida topshirilgan edi.

Joriy yilda esa ushbu ko‘rsatkich deyarli ikki barobarga oshgan.

Mavzuga oid