Jamiyat | 10:48 / 21.03.2019
15714
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi sayilgoh foydalanishga topshiriladi

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Olmazor tumanidagi Qorasaroy ko‘chasidan Taraqqiyot ko‘chasi bo‘ylab to Keles yo‘li ko‘chasigacha bo‘lgan “Damashi” kanalining qirg‘oq bo‘yi hududida “Soy bo‘yi” sayilgohini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Bosh prokuratura va poytaxt hokimligi tashabbusidagi loyihaga muvofiq, sayilgoh hududida aholining dam olishi va sayl qilishi uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar xiyobonlar tashkil etiladi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari quriladi. 

Bildirilishicha, nuroniylar uchun alohida maskan, kutubxona, dunyoga mashhur inshootlarning kichik maketlari hamda o‘ziga xos me'moriy yechimga ega boshqa bunyodkorlik namunalari ham ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi.

Bundan oldin, Toshkentdagi kanallar bo‘yida 12 ta sayilgoh tashkil etilishi, bunga 190 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirilishi xabar qilingandi.

Joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2019 yilda Toshkent shahridan o‘tadigan kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

Mavzuga oid