Murad Buildings kompaniyasi CIS Education Group bilan hamkorlikda Cambridge Residence turar-joy majmuasi qoshida xalqaro ta'lim muassasasini tashkil etish bo‘yicha shartnomani imzoladi.



Cambridge International School – butun dunyo bo‘ylab o‘quv muassasalarida ta'lim tizimini yaratishga xizmat qiluvchi xalqaro operator. CIS Buyuk Britaniyadagi Kembrij universitetining bir qismi hisoblanib, zamonaviy va har tomonlama qulay sharoitlarda sifatli ta'lim olishni kafolatlaydi.
Murad Buildings kompaniyasining asoschisi va rahbari Murod Nazarovning qayd etishicha, innovatsion ta'lim majmuasi 540 o‘rinli maktab va 200 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar bog‘chasini o‘z ichiga oladi. Bu yerda nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ota-onalari, qo‘shni bo‘lgan aholi bilan hamkorlikda xorijiy tillarni o‘rganishga yo‘naltirilgan katta tadbirlar va bayramlar, o‘quv ma'ruzalari, sport musobaqalarini tashkil etish mumkin.



«Hozirgi kunda xalqimiz tomonidan xalqaro standartlardagi ta'limga bo‘lgan qiziqishni his etgan holda 2018 yilda biz o‘zida barcha zamonaviy majmualar – turar-joy binolar, savdo shoxobchalari, dam olish maskanlari, sport maydonlaridan tashqari, ta'lim muassasalarini ham mujassamlagan «shahar ichida shaharcha», ya'ni Safia Park loyihasini amalga oshirishga qaror qildik. Keyinchalik CIS kompaniyasi vakillari aynan mazkur hududda ta'lim maskanini ochish taklifi bilan murojaat qilganida, ularning talab-istaklari, ish rejalarini o‘rgangan holda hamkorlik qilishga kelishdik va barcha inshootlar, majmualar mana shu maktab atrofida qurilganligi sababli loyiha nomini Cambridge Residence deb o‘zgartirdik. Bizga ma'lumki, bir necha minglab oilalar farzandlari eng yaxshi ta'limni olishi uchun xorijga jo‘natishga majbur bo‘lishadi. Cambridge International School esa o‘z yaqinlaridan yiroq bo‘lmagan holda eng zamonaviy bilim va tajribalarni qo‘lga kiritish imkonini beruvchi mukammal maskandir. Umid qilamizki, mazkur ta'lim maskani Cambridge Residence shaharchasida o‘ziga xos muhitni yaratib, insonlarni har tomonlama qulay va baxtiyor hayot kechirishlarida o‘z hissasini qo‘shadi.















