Kun.uz sayti jamiyat, adabiyot, xususan, o‘zbek adabiyoti masalalariga bag‘ishlangan turkum suhbatlar loyihasini davom ettiradi. Loyihamizning navbatdagi mehmoni iste'dodli shoir, mohir tarjimon hamda islom va tasavvuf ta'limotini o‘rgangan olim Mirzo Kenjabek bo‘ldi.

Mirzo Kenjabek bilan suhbatimiz bugungi o‘zbek she'riyati, ijodkorning ijod yo‘lidagi burilish sabablari, qonli Farg‘ona voqealari, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan 1989 yil voqealari, shuningdek, boshqa mavzularda kechdi.

- She'r – davr ovozi. Unda odamlar qalbidagi haqiqatlar aks etishi kerak. Shu ma'noda bugungi o‘zbek jamiyati o‘ziga xos evrilish bosqichida turibdi, buni fikrlaydigan kishi borki, yaxshi his qilyapti. Savolim shunday, nega bugun she'riyatimizda mana shu davr ruhi aks etmayapti? Nahotki she'riyat bugun o‘z missiyasini unutgan bo‘lsa?

- She'r haqiqatan ham davr ovozi. Lekin u bir davrdagina qolib ketadigan ovoz emas. U yana olis zamonlarga ham boradigan ovoz.

She'riyatda davr ovozi aks etmog‘i uchun avvalo muayyan bir bosqich, tiniqish, davrning inqilobi, evrilishi nimalardan iborat ekanligini anglash, uni qalbga singdirish zarur bo‘ladi.

Agar biz davr ruhini she'riyatda aks ettirmoqchi bo‘lsak, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yishimiz ham mumkin.

O‘tgan mustabid davrdagi kabi adabiyot va she'riyat nog‘ora, ijodkor esa nog‘orachiga o‘xshab qolishi kerak emas.

Adabiyot haqida gapirganda faqat she'riyat emas, nasriy ijod haqida ham to‘xtalish lozim. 

Bir necha oy avval Fanlar akademiyasi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida Chingiz Aytmatov ijodiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.

O‘sha tadbirda gapirilgan gaplar faqat o‘zbek minbarida emas, balki jahon minbarlarida gapiriladigan gaplar bo‘ldi. Masalan, akademik Baxtiyor Nazarov Chingiz Aytmatov asarlaridagi mohiyat naqshbandiya tariqatining ulug‘ arbobi hazrati shayx Yusuf Hamadoniyning g‘oyalariga muvofiq ekanligiga dalillar keltirdi.

Atoqli olim Ibrohim G‘ofurov adib ijodidagi olamshumul mavzular haqida gapirdi. Yoki Ahmadjon Meliboyev Chingiz Aytmatov ijodidagi urush va tinchlik mavzulari to‘g‘risida chiroyli fikrlarni bildirdi.