Taqdim etilgan maqolada rossiyalik mutaxassis Gennadiy Onishchenko grippga qarshi har yili emlanishni sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik va zararli odatlardan voz kechish bilan birga uzoq umr koʻrishga xizmat qiluvchi choralardan biri sifatida baholagan.

«Natsimbio» holdingining ilm-fan boʻyicha maslahatchisi, professor Igor Nikitin ham vaksinatsiyaning ehtimoliy uzoq muddatli foydasini infeksiya va uning asoratlaridan himoyalanish bilan izohlagan.

Ammo «100 yoshgacha umrni uzaytirish» haqidagi fikrni aniq klinik natija sifatida qabul qilib boʻlmaydi. Keltirilgan tadqiqotlar muayyan kasalliklar va xavflarni baholaydi, insonning qancha yil yashashini kafolatlamaydi.

Gripp surunkali kasalliklarni ogʻirlashtirishi mumkin

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, gripp ayrim hollarda pnevmoniya va sepsisga olib keladi, mavjud surunkali kasalliklarning kechishini ogʻirlashtiradi.

Keksalar, homiladorlar, kichik yoshdagi bolalar, surunkali kasalligi yoki immuniteti zaiflashgan shaxslarda ogʻir asoratlar xavfi yuqoriroq. Shu sababli ushbu guruhlarni infeksiyadan himoya qilish alohida ahamiyatga ega.

Nikitinning tushuntirishicha, infeksiyaga qarshi immun javob paytida yuzaga keladigan yalligʻlanish organizmga qoʻshimcha yuklama beradi. Biroq vaksina qarish jarayonini toʻxtatadi yoki yoshartiradi, degan xulosa chiqarish uchun buning oʻzi yetarli emas.

Yurak uchun xavf ham oshadi

Gripp bilan yurak-qon tomir asoratlari oʻrtasidagi bogʻliqlik tadqiqotlarda kuzatilgan.

2018-yilda New England Journal of Medicine jurnalida eʼlon qilingan Kanada tadqiqotida laboratoriyada gripp tasdiqlanganidan keyingi yetti kun ichida infarkt sababli shifoxonaga yotqizilish holatlari nazorat davriga nisbatan taxminan olti baravar koʻp boʻlgan.

Bu natija grippning yurak uchun ham jiddiy xavf tugʻdirishi mumkinligini koʻrsatadi. Biroq u grippga chalingan har bir odamda infarkt boʻladi, degani emas.

Alsgeymer haqidagi natijalarni qanday tushunish kerak?

2022-yilda eʼlon qilingan tadqiqotda 65 yosh va undan katta odamlarning tibbiy maʼlumotlari tahlil qilingan. Toʻrt yillik kuzatuvda grippga qarshi kamida bir marta emlanganlarda Alsgeymer kasalligi qayd etilishi emlanmaganlarga nisbatan 40 foiz kamroq boʻlgan.