Kun.uz muxbiri tahririyat manziliga yuborilayotgan eng ko‘p savollar yuzasidan Rossiyada yuristlik faoliyatini olib borayotgan mutaxassislar – Botirjon Shermuhammad va Ilgiza Yaxshiboyeva bilan suhbatlashdi.

— Rossiyada virus bilan zararlanish holatlari oxirgi vaqtda keskin oshib ketdi? U yerda qaysi tizim xato ishlayapti, deb o‘ylaysizlar?

Botirjon Shermuhammad:

Umuman olganda, biron tizim xato ishlayapti, demagan bo‘lardim. AQShda ham zararlanganlar soni 1 mln.dan oshdi. Bu AQShning sog‘liqni saqlash tizimi yomon ishlayapti degani emas. Faqatgina u yerda ko‘proq tekshiruv bo‘lyapti, ko‘proq test qilinyapti. O‘lim holatlarini ko‘radigan bo‘lsak, Rossiyada ancha past. Kasallanganlar ko‘p bo‘lsa ham, o‘lim holatlari kamroq. Bugungi kun holatiga 198 mingdan ortdi Rossiyada. Kechaning o‘zida 11 ming odam zararlangani aniqlangan. Lekin o‘lim holatlari 2 mingga yaqin. Rossiya katta davlat. Tushunishim bo‘yicha, avvalida ular shoshilmasdan harakat qilishdi. Yevropaga borganlar ko‘p bo‘lgan ekan. Ko‘pchilik Italiyaga borgan, Yevropada bo‘lib qaytishganini eshitdik. Bu yerda sekin-astalik bilan choralarni ko‘rish boshlandi. Birdaniga keskin choralar ko‘rilmadi. Hozirgacha niqob taqish kabi masalalar endi ko‘rib chiqilyapti. Bundan tashqari, Rossiya aholisining o‘zida ham bunga nisbatan mas'uliyatsizlik bor. Bunga ishonqiramay qarayotganlar ko‘proq. Jamoat transportida e'tiborsizlik bilan yurganlar bor. Moskva hukumati ruxsatnoma bilan ko‘chaga chiqishni tashkil qilgandan keyin birdaniga ko‘chaga chiqqan odamlar soni ko‘payib ketdi. Ya'ni kerak bo‘lsa-bo‘lmasa, ruxsatnomani olib, ko‘chaga chiqib aylanib yuribdi. Fuqarolarning o‘zlarida ham mas'uliyat sustroq desak bo‘ladi.

Ilgiza Yaxshiboyeva:

Rossiyada kasallanish holatlarining ko‘payishi sababi, birinchi navbatda, koronavirusga oddiy gripp – O‘RVI singari munosabat bildirishyapti.

— Aytishlaricha, koronavirus bilan zararlanganlar orasida o‘zbekistonliklar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bu bo‘yicha aniq raqamlar bormi?

Botirjon Shermuhammad: