Dushanba kuni Volodimir Zelenskiy Saudiya Arabistoniga valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon bilan uchrashish uchun keldi, biroq u seshanba kungi muzokaralarda ishtirok etmaydi.

Zelenskiy Amerika delegatsiyasi bilan uchrashuv natijalariga «ham tinchlikni yaqinlashtirish, ham Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan» umid qilishini ta’kidladi.

Ukraina delegatsiyasi tarkibidan prezident ofisi rahbari Andrey Yermak va uning o‘rinbosari Pavel Palisa, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va mudofaa vaziri Rustem Umerov o‘rin olgan.

Amerika tomonidan uchrashuvda fevral oyida Ar-Riyodda Rossiya vakillari bilan uchrashgan delegatlar – AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols va Yaqin Sharqdagi maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etadi.

Muzokaralarda nimalar muhokama qilinadi?

«Biz tomondan konstruktiv kayfiyat bo‘ladi va umid qilamizki, zarur qarorlar va qadamlarni muhokama qilish va kelishish mumkin bo‘ladi. Ukraina birinchi soniyadanoq tinchlikka intilmoqda. Stolda mutlaqo hayotiy takliflar bor. Asosiysi – tez va samarali harakat qilish», – dedi Zelenskiy o‘tgan shanba kuni.

Stiv Uitkoff o‘tgan hafta Saudiya Arabistonidagi muzokaralarda mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv asoslari va Rossiya bilan ehtimoliy sulh muhokama qilinishini aytgan edi.

Reuters agentligi ikki amerikalik rasmiyga tayanib yozishicha, AQSh Saudiya Arabistonida Ukraina delegatsiyasi bilan muzokaralar chog‘ida Kiyev urushni to‘xtatish uchun Rossiyaga yon berishga tayyormi yoki yo‘qligini aniqlashni rejalashtirmoqda.

AQSh delegatsiyasi, shuningdek, Oq uydagi tortishuvdan keyin «ukrainlar Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni yaxshilashga jiddiy tayyorligi belgilarini kuzatadi», deydi agentlik suhbatdoshlaridan biri.

«Bir vaqtning o‘zida „men tinchlik istayman“ va „murosa qilishdan bosh tortaman“ deb bo‘lmaydi», – degan Reuters’ga amerikalik mulozimlardan biri.

«Biz ukrainlar shunchaki tinchlikdan emas, balki haqiqiy tinchlikdan manfaatdormi yoki yo‘qligini ko‘rmoqchimiz, – degan yana bir manba. – Agar ularni faqat 2014 yoki 2022 yil chegaralari qiziqtirsa, bu nimadandir darak beradi».

AQSh davlat kotibi Marko Rubio Jiddaga uchishdan oldin jurnalistlar bilan muloqotda uning delegatsiyasi maslahatlashuvlar chog‘ida Kiyev tinchlik uchun qanday yon berishga tayyorligini tushunishga harakat qilishini tasdiqladi.