Joriy yilgi bahor mavsumi turli tabiiy ofatlarning ko‘pligi bilan yodimizda qoldi. Yog‘ingarchiliklar, kuchli shamol kabi tabiiy ofatlar ko‘plab xonadonlarga, aholiga va ayniqsa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarga jiddiy zarar yetkazdi. Birgina misol, Sirdaryodagi Sardoba suv toshqini oqibatida juda ko‘plab tadbirkorlikka ixtisoslashgan binolar butunlay yaroqsiz holatga keldi. Buxorodagi kuchli shamol, ko‘plab ishlab chiqarish obektlariga, ularning tom qismiga jiddiy zarar yetkazdi. Bu tadbirkorlarning faoliyatini butunlay yoki qisman to‘xtab qolishiga sababchi bo‘ldi.


Misol uchun, 27 aprel kuni Buxoro viloyatida tezligi sekundiga 25 metr bo‘lgan shamol kuzatildi. Bu ofat oqibatida viloyat bo‘yicha 5293 ta bino, 415 ta transport vositasi, 42400 ta daraxt talafot ko‘rgan, o‘nlab kishilar turli darajada tan jarohati olgan, bir kishi vafot etgan. Navoiy viloyatining Konimex, Navbahor, Qiziltepa, Karmana tumanlaridagi, shuningdek, Qashqadaryodagi bir necha hududlarda joylashgan obektlar ham zarar ko‘rgan.
1 may kuni esa Sirdaryo viloyatida falokat ko‘lami uch kun oldingi ofatdan ham keng bo‘lgan suv toshqini sodir bo‘ldi. Sardoba suv omboridagi to‘g‘onning buzilib ketishi oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining jami 32381 gektar maydonlari talafot ko‘rdi. Ushbu tumanlarning 10 ta mahalla fuqarolar yig‘ini, 23 ta aholi punkti, hududlardagi 4711 ta turar va 277 ta noturar joy obektlariga hamda 30718 gektar ekin maydonlariga zarar yetdi.
Albatta bunday vaziyatlarda zarar ko‘rilganda, turli kutilmagan ofatlar yuzaga kelganida xatarlarni oldini olish uchun tadbirkorlar va fuqarolar mol-mulklarini sug‘urtalash qanchalik muhim ekani ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa tadbirkorlar sug‘urta kompaniyalari bilan tuzgan sug‘urta shartnomalari, ularning joniga oro kiradi. Bugun tabiiy ofatlar natijasida zarar ko‘rgan tadbirkorlar oldida sug‘urta kompaniyalari shartnoma bo‘yicha qanday majburiyatlarni bajarishmoqda?
Xususan, «Euroasia Insurance» sug‘urta kompaniyasi mijozlari orasida ham ushbu talafotlardan zarar ko‘rganlar kam emas, hozirda ko‘rilgan zarar miqdorini aniqlash bo‘yicha ekspert guruhlar ishlamoqda va zarar umumiy miqdori aniqlangandan so‘ng sug‘urta qoplamalari o‘z vaqtida to‘lanishini tashkil etiladi. Tabiiy ofat yuz bergan hududlarda ishchi guruhlar faol ish olib bormoqda.









