Qoraqalpog‘iston va Buxoroda fuqarolarni o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan dekan o‘rinbosarlari ushlandi

Nukus davlat pedagogika institutining o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari D.S. xizmat mavqeyidan foydalangan holda, fuqaro T.ning ishonchiga kirib, uni tanishlari orqali mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga oldindan talab qilgan 3 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Tezkor tadbir Departamentning Kegeyli tuman bo‘limi tomonidan prokuratura, DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.

Xuddi shunday, Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro muhandislik texnologiya instituti dekani o‘rinbosari M.A. hamda Toshkent davlat irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro viloyat filiali talabasi M.Q. bilan oldindan til biriktirib, fuqaro O.ni Moskva davlat radio elektronika va radio texnika institutiga o‘qishga kirishi uchun onlayn tarzda bo‘ladigan test sinovlaridan o‘tkazib berish evaziga 2 500 AQSh dollari talab qilib, shundan, 1 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanganlar.

Bu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

 

Asakada soxta diplom va'da qilgan kollej hisobchisi ushlandi

Asaka tumani tibbiyot kolleji bosh hisobchisi B.X., fuqaro Z.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali «Hamshiralik ishi» yo‘nalishida o‘qigani haqida diplom olib berish evaziga oldindan talab qilgan 1 100 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Holat yuzasidan B.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Asaka tumani bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.