14:57 / 25.07.2020
36097

Bemorda qanday belgilar kuzatilsa statsionarga yotqizilishi haqida ma'lumot berildi

Hansirash, qonning kislorod bilan ta'minlanish darajasi pasayishi, qon bosimining keskin tushishi va ko‘tarilishi hamda yurak urishining tezlashishi kabi belgilar koronavirusga chalingan bemorning shifoxonaga ko‘chirilishiga asos bo‘ladi.

Foto: kp.ru

Bugun, 25 iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Habibullo Oqilov koronavirusga chalingan bemorda qanday belgilar paydo bo‘lsa statsionar sharoitga o‘tkazilishi lozimligi haqida ma'lumot berdi.

Habibullo Oqilovning qayd etishicha, hansirash, ya'ni havo yetmayotganligini sezish statsionar sharoitga o‘tkazish uchun asos bo‘ladi. Bunda nafas olish chastotasi bemorning tinch holatida daqiqasiga 22 va undan yuqori bo‘lishi lozim.

Keyingi simptom tana haroratining 39 daraja va undan yuqori bo‘lib, haroratni tushiruvchi dori vositalari yordam bermasligi hisoblanadi.

«Qonning kislorod bilan ta'minlanishi 90 foizdan past bo‘lishi, qon bosimining tushib ketishi yoki keskin ko‘tarilib ketishi (90 dan past yoki 220 dan yukori), yurak urishining tezlashishi, ya'ni pulsning bir daqiqada 130 va undan yukori bo‘lishi, bemorda ong ko‘rsatkichlarining pasayishi kabi belgilar ham bemorni statsionar sharoitga o‘tkazish uchun asos bo‘ladi», - dedi shtab a'zosi.

Ta'kidlanishicha, bemor 60 yosh yoki undan katta bo‘lsa, yondosh kasalliklar – diabet, gipertoniya, yurak xastaliklari, o‘pka va buyrak surunkali kasalliklari, onkologik kasalliklar va immunitetning pastligi kabi shikoyatlarga ega bo‘lsa ham statsionar sharoitga o‘tkazilishi kerak.

Chidab bo‘lmaydigan og‘riqlar, jumladan bosh og‘rig‘i, to‘xtovsiz kayt qilish va intensiv diareya kuzatilganda ham bemor darhol shifokorga murojaat qilishi, zudlik bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilishi lozim.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top