Koronavirus sabab Lionel Messi 50 million dollar, Krishtianu Ronaldu 20 million dollar yo‘qotdi. MBA yulduzi Lebron Jyeymsga har bir qoldirilgan o‘yin 300 ming dollarga tushmoqda. Milliy xokkey ligasi o‘yinchilari esa maoshlarining 25 foizidan ajralishlari mumkin. Forbes koronavirus keltirib chiqargan moliyaviy inqiroz sabab mashhur sportchilar qancha zarar ko‘rishini hisoblab chiqdi.
Koronavirusning zarari avvalo katta sportda sezildi. Jamoalar «jon saqlab qolish uchun» xarajatlarini kamaytirishi kerak edi. Katta jamoalarda xarajatlarning aksar qismini atletlarning maoshi tashkil qiladi. Klublar sportchilar bilan kelishgan holda maoshlarni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Katta musobaqalar o‘tkazilmayotgani sabab sportchilar mukofot pullari ham olishmayapti. Xo‘sh, koronavirus sportchilarning daromadiga qanday ta'sir qildi?
Futbol

Yevropaning aksar klublarida futbolchilar maoshlarining qisqarishiga o‘zlari rozi bo‘lishdi. Masalan, «Barselona» futbolchilari maoshlar qisqarishiga o‘zlari tashabbus ko‘rsatishdi. Kataloniya superklubi koronavirusgacha bir yilda umumiy 858 million dollar xarajat qilar va undan 600 million dollari maoshlarga sarflanardi. Klub inqiroz sabab maoshlarni 70 foizga kamaytirdi.
«Barselona» safida dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi sportchisi Lionel Messi harakat qiladi. Forbes ma'lumotiga ko‘ra, uning yillik daromadi reklama shartnomalari bilan birga 127 million dollarni tashkil etadi. «Barselona» esa Messiga bonuslar bilan birga yiliga 80 million dollar to‘lardi. Inqiroz sabab Messi 50 million dollar yo‘qotadigan bo‘ldi.
Krishtianu Ronaldu ham «Yuventus»dagi jamoadoshlari bilan mart oyidan iyungacha bo‘lgan 4 oylik maoshlaridan kechadigan bo‘ldi. Bu esa «Yuventus»ga 97 million dollar tejash imkonini beradi. Klub shu tariqa maoshlar 30 foiz qisqarishiga erishgan. O‘tgan yilgi daromadlarga ko‘ra, Ronaldu uchun 30 foiz maosh 20 million dollar degani. Ma'lumot uchun, u o‘tgan mavsumda reklama shartnomalari bilan birga 109 million dollar ishlagan.
Fransiya yuqori divizioni klublari apreldan boshlab futbolchilarni vaqtincha ishsiz maqomiga o‘tkazishdi. Bu esa maoshlar avtomatik tarzda 30 foizga kamayadi deganidir. Klublar professional futbolchilar kengashi va mamlakat moliya vazirligidan maoshlarni yana kamaytirish bo‘yicha tavsiya ham olgan. Unga ko‘ra, haftasiga 10 mingdan 20 ming yevrogacha oluvchilarning maoshi 20 foizgacha, 100 ming yevrodan ortiq haq oluvchilarning maoshi 50 foizgacha qisqartirilishi mumkin.







