2018 yilda Amerikaning Silverleafe International kompaniyasi vakillari prezident Shavkat Mirziyoyev ma'muriyati o‘tkazayotgan islohotlarda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishdi. Kompaniyaning Markaziy Osiyodagi bu mamlakatga qiziqishi uzoq tarixiy aloqalarga borib taqaladi: O‘zbekistonda paxta sanoati endi boshlangan 30-yillarda, keyinchalik 70- va 90-yillarda ham Silverleafe rahbariyatining keksa avlod vakillari mamlakat bilan uzviy munosabatlarni o‘rnatishgan edi.

Bu omil O‘zbekistonda ish olib borish masalasida oilaviy kengashda tezgina bir fikrga kelishga yordam berdi – O‘zbekiston hukumatining taklifini qabul qilishga, agrar soha modernizatsiyasi jarayonida ishtirok etish, dala, chuqur qayta ishlash va xalqaro bozorga chiqish kabi muhim bosqichlarni qamrab oladigan vertikal-integratsion jarayonga o‘z investitsiyalari va tajribasi bilan ishtirok etishga qaror qilishdi.
Shu yilning o‘zidayoq loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy hamkorlar bilan birga «Silverleafe» MChJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Hukumat qo‘shma korxona balansiga Jizzax viloyati, Paxtakor tumanidan yer ajratib berdi.
Ilk kunlardanoq qayta tashkil topgan Amerika–O‘zbekiston qo‘shma korxonasining oldida ulkan mas'uliyat turardi – ular ham o‘zlaridagi, ham boshqalardagi O‘zbekistonning investitsion muhit bo‘yicha eski stereotip qarashlarni o‘zgartirishlari kerak edi.

Amerika hukumati, Savdo va tijorat vazirligi, yetakchi banklar, Xalqaro mehnat tashkiloti boshchiligidagi jahon hamjamiyati, turli mamlakatlarning diplomatik korpus vakillari, BMT vakillari mamlakatda so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni baholashda aynan shu kompaniyaning faoliyatini asosiy ko‘rsatkich sifatida tanlashdi.
Qo‘shma korxona rahbariyatining aytishicha, barcha jarayonlar korxonaning agrosohadagi hamkasblar bilan uzviy hamkorligi, hokimiyat bo‘limlari va respublika hukumatining yordami asosida kechmoqda.
Pandemiya davrida ham Jizzax dalalaridan chiqmagan qo‘shma korxona bosh direktori Den Petterson O‘zbekistonda ishlash bo‘yicha qarori bilan bog‘liq kechinmalari haqida gapirib berdi: «Xalqaro biznes bilan shug‘ullanuvchi istalgan kishi tasdiqlashi mumkin – yangi madaniy muhitga moslashish katta mashaqqatlarni, ba'zida fidoyilik va qat'iylik talab qiladi. Bu ikki tomonlama harakat bo‘lgan yo‘lga o‘xshaydi. Oldimizga maqsad qo‘yganmiz va ijobiy natijalarga erishishga harakat qilyapmiz. Barchamiz umumiy maqsad sari harakatlanayotganimizni tushunishimiz lozim. O‘n yillar davomida shakllanib kelgan mentalitet, dunyoqarash, iqtisodiy va huquqiy tizim mavjud. Bu sohalardagi o‘zgarishlarda o‘z mas'uliyatim borligini his qilaman. Bu har kunlik mehnat – munozaralar, bahslar degani, ammo biz har doim yakdillikka erishamiz. Bu vaqt va quvvat talab qiladigan jarayon. Ammo ba'zida noprofessionallik bilan bog‘liq muammolar ijobiy ruhdagi harakatimizni to‘xtatib qo‘yadi, reputatsiyaga zarba berishi va barcha mehnatimizni xavf ostiga qo‘yishi mumkin. Misol: Kadastr agentligi matbuot xizmati o‘z saytida bizning qo‘shma korxonamiz balansidagi ekin maydonlari qishloq xo‘jaligi maqsadlarida emas, boshqa manfaatlar yo‘lida foydalanayotgani haqida ma'lumotni joyladi. Tekshirilmagan boshqa ma'lumotlar bilan bir qatorda, biz aerodrom qurayotganimiz haqida ham axborot joylangan. Ommaviy axborot vositalari shu zahotiyoq obunachilarning diqqatini tortish uchun «sensatsiya»ni mahkam tutib olishdi. Shu o‘rinda qayd etib o‘tmoqchimanki, bizga savol bilan murojaat qilgan har qanday shaxs kerakli ma'lumot va hujjatlar bilan tanishib chiqishi mumkin. Yuridik departamentimiz korxona amalga oshirayotgan harakatlarning qonuniyligi ustidan qat'iy nazorat yuritadi. Biz ijaraga olgan aviatexnika barcha yuridik jarayonlar muhokamasidan so‘ng olingan va u hosil yetishtirish uchun kerakli agrotexnika hisoblanadi. Bu texnikani zovur yonidagi tozalangan va tekislangan hududga joylashtirganmiz. Agentlik bilan uchrashuvimizdan keyin raddiya berilishini istardim. Ta'kidlash kerakki, Rim ham bir kunda bunyod etilgan emas. Insonlarning umumiy qadriyatlar va vazifalarni tushunishi kuch bag‘ishlaydi. Shuningdek, harakatlaring kutilgan natijani berishini istovchi, sendan minglab kilometr uzoqlikdagi oilangning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim. Shu bois muvaffaqiyatga ishonish va qilayotgan ishingni yaxshi ko‘rish kerak», deydi u.









