Belgilangan tartibga koʻra, kontrakt summasining 25 foizini birinchi kursga oʻqishga tavsiya etilgan talabalar 15-sentabrgacha toʻlashi kerak. Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun esa dastlabki 25 foizlik toʻlov muddati 1-oktabrgacha belgilangan.
Keyingi toʻlovlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Xususan, kontrakt summasining 50 foizi 1-yanvargacha, 75 foizi 1-martgacha va toʻliq 100 foizi 1-maygacha toʻlanishi lozim.
Shu bilan birga, belgilangan toʻlov muddatlari uzaytirilishi ham mumkin.
Birinchi kursga qabul qilingan talabalar uchun dastlabki toʻlov muddatini uzaytirish vakolati Davlat qabul komissiyasiga berilgan. Boshqa holatlarda esa toʻlov muddatlarini oliy taʼlim muassasalari rektorlari uzaytirishi mumkin.
Masalan, 2025-2026 oʻquv yilida birinchi kurs talabalari uchun kontrakt summasining dastlabki 25 foizini toʻlash muddati 30-oktabrgacha uzaytirilgan edi.
Ayni paytda moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy taʼlim muassasalari hamda nodavlat oliygohlar kontrakt miqdori va uni toʻlash muddatlarini mustaqil ravishda belgilashi mumkin.
Birinchi kursga qabul qilingan va yuqori kurslarda tahsil olayotgan talabalar kontrakt toʻlovi boʻyicha shartnoma olish uchun kontrakt.edu.uz elektron tizimi orqali ariza yuborishi mumkin.
Kontraktni qismlarga boʻlib toʻlash imkoniyati tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt - super-kontrakt uchun ham amal qiladi.
Biroq super-kontrakt asosida oʻqishni rejalashtirayotgan abituriyentlar dastlab belgilangan summaning 50 foizini toʻlashi talab etiladi. Shundan keyin kontraktning qolgan qismini umumiy tartib asosida boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi.





