Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgustda Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda nutq soʻzladi.
Prezident matbuot xizmati uning nutqidan asosiy iqtiboslarni keltirdi:
Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod boʻlgan davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi;
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi;
Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltiramiz;
Birinchi prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz;
Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon boʻlishni maqsad qildik;
«Paxta qulligi», «majburiy mehnat va bolalar mehnati», «konvertatsiya cheklovi», «propiska» kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik;
Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. Oʻzbekistonni dunyoga keng ochdik;
2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshiramiz va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiramiz;
Bugungi kunda kambagʻallik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushurishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi;
Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari talabalarining yarmidan koʻpini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar - bilimli oila, bilimli avlod, maʼrifatli jamiyat deganidir;
Taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz;









