O‘shanda Qashqadaryodagi ikki yirik gaz konining qoq o‘rtasida yashayotgan mahalliy aholi ilojsizlikdan yozda tappi yasab, qish uchun g‘amlashayotganini gapirib berishgan edi.
Kasbilik otaxonlar tahririyatga yana takroran murojaat qilishdi. Oradan bir yil o‘tsa-da, mahallada vaziyat o‘zgarmagani, onaxonlar hamon tappi yasashda davom etishayotgani ma'lum bo‘ldi...


Gaz ta'minoti bo‘yicha murojaatlar o‘ta chigal masala. Ko‘pincha gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalarni tabiiy gaz bilan zudtar ta'minlashning iloji yo‘qligini o‘zimiz ham tushunamiz va mutasaddilarni bezovta qilmasdan, murojaatchilarga o‘zimiz vaziyatni to‘g‘ri tushuntiramiz.
Lekin ushbu holatda gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan olis hudud emas, tuman markazida joylashgan, gaz quvurlari o‘tkazilgan, qolaversa, mahallaning yarmida gaz bo‘lib turgan holat vaziyatni yana bir bor chuqurroq o‘rganishga, yechim izlashga undadi.

Bizning aniqlashimizcha, ayrim aholi xonadonlari bilan bir qatorda Do‘stlik mahallasi hududidagi ikkita maktabgacha ta'lim muassasasi ham tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan. Bog‘chalarga ovqat pishirish uchun suyultirilgan gaz balloni keltiriladi (o‘z vaqtida), qishda xonalarni isitish ko‘mir va o‘tin bilan amalga oshirilar ekan.

Mahalla ahlining ko‘plab murojaatlariga javoban «Hududgaz» tashkilotining mahalliy bo‘limlari qayta-qayta tuman hokimining 2014 yil 25 avgustdagi 109-F sonli farmoyishiga ko‘ra gazdan uzilgani haqida aytiladi.

Ammo bu javoblar mahalla ahlini aslo qoniqtirmay kelmoqda, shu sabab ular murojaat qilishda bardavom. Chunki mahalla gazdan 2012 yil oxirida uzilgan. Qolaversa, hokimning 2014 yilgi farmoyishida Do‘stlik mahallasining Xitoy va Xo‘ja-Xitoy qismidagi 246ta xonadon gazdan uzilib, ballonli gazga o‘tkazish mo‘ljallangan. Alisher Navoiy ko‘chasida istiqomat qilayotgan qariyalar o‘z xonadonlari gaz tarmog‘idan uzilishi noqonuniy va adolatsiz tarzda amalga oshirilgan deb hisoblashadi.






















