DW nashrining «Suspilne»ga tayanib xabar berishicha, Juravlyovning advokati Nikolay Katerinchuk bu haqda 30-sentabr kuni maʼlum qilgan. Himoyachining aytishicha, uning mijozi Germaniyada ishi xolis koʻrib chiqilishiga ishonmayotgani sababli boshpana soʻragan.
Xorvatiya sudi 23-sentabr kuni Juravlyovni Germaniyaga topshirishni maʼqullagan. Bu haqda Večernji list gazetasi xabar bergan.
Gumonlanuvchi avgust oʻrtalarida Germaniya huquqni muhofaza qiluvchi idoralari bergan order asosida hibsga olingan. Germaniyaning LTO nashri maʼlumotiga koʻra, u gaz quvurlari portlatilishi haqidagi hujjatli filmni suratga olish jarayonida qoʻlga olingan.
Juravlyov 2025-yil sentabr oxirida Polshada ham ushlangan edi. Biroq oʻshanda Varshava okrug sudi uni Germaniyaga ekstraditsiya qilishni rad etgan.
«Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim - 2» suvosti gaz quvurlaridagi portlashlar 2022-yil sentabrida Daniyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasida sodir boʻlgan. Shvetsiya ekspertlari hodisa joyida portlovchi modda izlarini aniqlagan.
Keyingi tergov davomida Germaniya mutaxassislari portlashlarga aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan olti nafar Ukraina fuqarosini aniqlagan. Ular orasida dayving instruktori boʻlib ishlagan Juravlyov ham bor. Gumonlanuvchilarning har biriga nisbatan hibsga olish orderi berilgan.
















