Prezident farmoniga muvofiq, endilikda qarzdorlik sababli elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmogʻidan uzilgan isteʼmolchilarni qayta ulash uchun qoʻshimcha toʻlov undirilmaydi.
Yaʼni qayta ulanishda maishiy isteʼmolchilardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari, yuridik isteʼmolchilardan esa oʻn baravari miqdorida toʻlov talab etilmaydi.
Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida «namunali isteʼmolchilar» uchun alohida tarif va toʻlov tartibi belgilandi.
Bunda qarzi mavjud boʻlmagan va zamonaviy hisoblagichlar bilan taʼminlangan isteʼmolchilarga quyidagi imkoniyatlar yaratildi:
hisobot oyi boshiga qadar 15 foiz miqdorida oldindan toʻlov amalga oshirish;
qolgan toʻlovlarni oy davomida amalga oshirish;
qarzdorlik sababli tarmoqdan uzilib qolish holatlari qoidalarni buzish holati sifatida baholanmasligi belgilandi.
Shuningdek, tabiiy gazdan foydalanuvchi issiqxona xoʻjaliklari uchun ham alohida toʻlov tartibi joriy etildi.
Unga koʻra, hosil yilining dastlabki 6 oyi - oktabr-mart oylarida yetkazib beriladigan tabiiy gaz uchun:
50 foiz miqdorida oldindan toʻlov amalga oshiriladi;
qolgan qismi oy yakuniga qadar toʻlanadi;
keyingi oylardan boshlab esa 100 foiz oldindan toʻlov amalga oshiriladi.
Mazkur tartib avvalgi oyda qarzdorligi boʻlmagan issiqxona xoʻjaliklariga nisbatan qoʻllaniladi.
















