Joriy yilning 20-30 sentabr kunlari 4-5 yoshdagi bolalarni IPV — inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi bilan emlash rejalashtirildi. SSV matbuot xizmati xabar qilishicha, ushbu jarayonni o‘tkazish uchun 1 million 200 ming doza inaktivlangan poliomiyelit vaksinasi mamlakat bo‘ylab ehtiyojga asosan yetkazib berilmoqda.
Poliomiyelit — o‘tkir shol kasalligi bo‘lib, asab tizimi, ayniqsa, orqa miyani shikastlaydi. Asosan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu kasallikning yuqish xavfi yuqori hisoblanadi. Kasallikning yagona manbayi xastalikning yengil yoki yashirin shakli bilan og‘rigan bemordir. Shuningdek, poliomelit kasalligi virusi shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilinmaganda, og‘iz orqali iflos qo‘l, virus bilan zararlangan suv va oziq-ovqat mahsulotlari, meva va sabzavotlar, ba'zan havo-tomchi yo‘li orqali ham yuqadi.
Bolalarni poliomiyelitga qarshi ommaviy emlashdan xavotirlanishga o‘rin yo‘q. Bu kasallikka chalinish O‘zbekistonda oxirgi marta 1995 yilda qayd etilgan. Mamlakatda ushbu o‘tkir shol kasalligiga qarshi faol epidemiologik nazorat o‘rnatilgan. Shuning uchun ham bu xastalikning qo‘shni va boshqa xorijiy davlatlardan kirib kelish xavfi bartaraf qilinmoqda.
Joriy yilning mart oyida qo‘shni Tojikistonda o‘z vaqtida poliomiyelitga qarshi emlash o‘tkazilmagani sabab bolalar orasida poliomiyelit kasalligi avj olgan va favqulodda holat e'lon qilingan edi.
Shundan so‘ng Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan O‘zbekistonda poliomiyelit va o‘tkir shol falajining (O‘ShF) faol epidemiologik nazorat yanada kuchaytirildi. Ushbu kasallikning oldini olishda yagona chora kasallikka qarshi emlash hisoblanadi.
«Yuqumli kasalliklar chegara nimaligini bilmaydi. Chetdan turli kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi viruslar kirib kelishi xavfi har doim mavjud. Shuning uchun milliy emlash kalendarimiz bo‘yicha bolalarni o‘z vaqtida emlab borish kerak. Bolalarning 2, 3, 4 va 16 oyligida hamda 7 yoshida oilaviy poliklinikalarda ushbu kasallikka qarshi OPV — og‘iz orqali yuboriladigan poliomiyelit vaksinasi bilan emlash o‘tkaziladi. Hozirda 95-99 foiz bolalar emlash jarayonlariga qamrab olinmoqda.
20-30 sentabr oralig‘ida poliomiyelitga qarshi emlash tadbirlarini o‘tkazish ham reja asosida amalga oshirilmoqda», deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vaksinalar va imunoprofilaktika bo‘limi boshlig‘i Dilorom Tursunova.









