Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tabrik soʻzladi. Davlat rahbarining matbuot xizmati nutqdagi asosiy fikrlarni keltirib oʻtdi.

📌Buyuk istiqlolimizning ildizlari uch ming yildan ziyod boʻlgan davlatchilik anʼanalarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

📌 Mustaqillik, eng avvalo, bizga shon-u sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

📌 Bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulugʻ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga taʼzim bajo keltiramiz.

📌 Birinchi prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

📌 Islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon boʻlishni maqsad qildik.

📌 "Paxta qulligi", "majburiy mehnat va bolalar mehnati", "konvertatsiya cheklovi", "propiska" kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

📌 Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyatni barpo etish uchun keyingi 10 yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik. Oʻzbekistonni dunyoga keng ochdik.

📌 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Bu vazifani shu yilning oʻzida ortigʻi bilan amalga oshiramiz va daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar qatoriga kiramiz.

📌 Bugungi kunda kambagʻallik darajasini 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushurishga erishdik. 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilandi.

📌 Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari talabalarining yarmidan koʻpini qizlar va ayollar tashkil etadi. Bilimli qizlar - bilimli oila, bilimli avlod, maʼrifatli jamiyat deganidir.

📌Taʼlim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili deb bilamiz.

📌 Mening niyatim: Oʻzbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilgʻor tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.